Samarqandda 43 nafar urush qatnashchisiga pul mukofoti beriladi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 martda qabul qilingan farmoniga ko‘ra, bu yil mamlakatimizdagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 10 million so‘mdan pul mukofoti beriladi. Ayni paytda nafaqat oila a’zolari, balki elimizning e’tiborida bo‘lgan samarqandlik 43 nafar urush qatnashchilariga g‘alabaning 75 yilligi arafasida ushbu mukofotlar tantanali taqdim etiladi.

– Bugungi kunda viloyatimizda hayot kechirayotgan 23 nafar Ikkinchi jahon urushi nogironi, 19 nafar ishtirokchi va 1 nafar konslagerda bo‘lgan yurtdoshimiz holidan xabar olinib, ularga zarur tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda, – deydi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Rahimov. –  Ularning pensiya va nafaqalari o‘z vaqtida yetkazib berilyapti. Bu yil 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan beriladigan pul mukofotlarini tantanali, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida topshirish ko‘zda tutilgan.

Insoniyatni fashizm balosidan qutqarish uchun o‘zini ayamay, jang maydonlarida qon kechgan, ko‘plab mashaqqatli sinovlarni boshidan kechirgan faxriylarimiz har qancha hurmat va ehtiromga munosib. Bugun ularning barchasi ulug‘ yoshda. Ammo ularning keksalik yoki urush asoratlari sabab mustaqil harakatlanishi qiyin. Ana shunday paytda ularning ko‘ziga nur, egilgan qaddiga suyanch bo‘lish sizu bizning insoniy burchimiz.