SOG` BO`LAYLIK

Taqdir taqozasi bilan bir kishini shifoxonada olib yotishga to`g`ri kelib qoldi. U yerdagi turli xil bemorlarni ko`rib: “xayriyat, to`rt mucham sog` ekan”, dedim. 

Bir kuni kechki ovqatdan so`ng televizor ko`rish xonasiga o`tdik. Sherigim  zerikdi shekilli, xonaga qaytish niyati bilan turib ketdi. Men atrofga bir qarab, yana dasturni ko`rishda davom etdim. Bexosdan chekkaroqda o`tirgan yoshroq bola e`tiborimni tortdi. “O`z xonasida televizori bo`la turib, nega bu yerda o`tirgan ekan”, deb o`yladim. Xuddi, mening xayolimni o`qiganday u oldimga keldi-da, menga qarab boshi bilan so`rashdi. Sekingina yonimdagi o`rindiqqa o`tirdi. Biroz bemorlar kamayganda gap boshladi:

- “Opa, siz bu yerda davolanuvchilardan emassiz, shundaymi? ”. 

- Ha,  deb tasdiqladim.  Bir qarashda u ham sog` bolalarday ko`rinadi. Birdan qanday kasal bilan davolanayotganini so`ramadim. Birozdan keyin o`zi gap boshlab qoldi. O`ziga yaqin olgani uchun suhbatlashgisi kelganini aytdi.  Bir qo`li ikkinchisiga qaraganda biroz kalta, o`smay qolganini, 3-4 yil kasalxonama-kasalxona yurishdan ham bezor  bo`lganini bildirdi. Uydagilarini ha desa muhayyo qilishi, ko`ngliga qarashigacha  gapirdi: “Hamma narsangiz  bo`lsa-yu, lekin sog`ligingiz bo`lmasa bekor ekan”, dedi. 

Birgina yosh bolaning hayot sinovidan chiqargan xulosasi haqiqat edi. Uning hamma narsasi borligida ham, hech qanday baxtni his qilmadi,  birgina sog` yurush bilan hayotini to`kis deb bildi.

Ulug`lar  aytganidek, inson uchun eng ulug` dunyoviy ne`mat – uning ozodligi va hurligidir. Lekin u ozod bo`lsa-yu, sog`lig`i  bo`lmasa, uning ozodligi o`ziga tatimaydi. U ham ozod, ham salomat bo`lsa, demak u juda ko`p narsalarni qila olishga qodir bo`ladi. 

Hozirgi tahlikali, ya`ni baxtsiz hodisaning yuz berish ehtimoli kuchli bo`lib turgan bir paytda siz va biz ozodmiz. Bizning ozodligimiz va sog`ligimiz – bizning baxtimiz. U to`la- to`kis bo`lishi uchun, biz o`z sog`ligimizni o`zimiz asrashimiz, avaylashimiz kerak. 

Uyda qoling. O`z kelajagingizni o`zingiz yarating.


Sevara NURMATOVA,

41-maktab ona tili va adabiyot fani o`qituvchisi.