Mustaqilligimiz fidoyilari Mahmudxo'ja behbudiy: "millat taraqqiysi xayoliy orzu-havasda emas, farzandlar kamolotidadir"

Shunday bir murakkab davrda Turkistonda "Usuli jadid", "Usuli savtiya" nomlari bilan shuhrat topgan yangi maktablarni aynan jadidlar tashkil qilib, birinchi bo'lib zamonaviy maktab g'oyasini ilgari surdilar. Ular o'z hisoblaridan maktablar ochib, yosh avlodni istiqlol g'oyasi sari yetakladi. She'r va maqolalar, sahna asarlari orqali milliy ongni shakllantirishga, milliy g'urur va iftixor tuyg'ularini singdirishga urindilar.
Mahmudxo'ja Behbudiy Turkiston jadidchilik harakatining asoschilaridan edi. Mahmudxo'ja Behbudiy hayotida jadidchilik harakatining asoschisi Ismoilbek Gasprinskiyning xizmati katta bo'lgan. Behbudiy o'z xotiralarida ustozi bilan uchrashuvlarini ixlos va muhabbat bilan tilga olgan. Behbudiy haj safarida bo'lgan chog'ida Arabiston, Misr, Turkiyani kezib chiqqan (1899-1900). Safar davomidagi taassurotlari, muloqot qilgan insonlarini, shuningdek, har xil din vakillari va muqaddas joylar haqida o'z kundaliklarida yozib boradi. Keyinchalik esa bu haqda o'zining "Oyna" jurnalida ketma-ket maqolalar e'lon qilgan. Behbudiy safarda ko'rganlarini mushohada qilib, Turkiston o'lkasi bilan taqqoslaydi. O'z xalqining rivojlanayotgan boshqa xalqlardan orqada qolayotgani ma'rifatparvarni qalbini ezardi. Ilmu ma'rifatdan bebahra qolgan ommani bilimsizlik botqoqidan qutqarish yo'llarini izlardi. O'zga yurtlarga qilgan sayohati davomida esa Behbudiy yangi (usuli jadid) maktablarini ochish fikriga keladi.
Samarqand yaqinidagi Halvoyi qishlog'ida Ajziy, Rajabaminda, Abdulqodir Shakuriylar bilan hamkorlikda yangi maktab ochadi. Yangi maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi. Jumladan, "Risolai asbobi savod" (Savod chiqarish kitobi - 1904), "Risolai jug'rofiyai umroniy" (Aholi geografiyasiga kirish - 1905), "Muntahabi jug'rofiyai umumiy" (Qisqacha umumiy geografiya - 1906), "Kitobat ul-atfol" (Bolalar xati - 1908), "Amaliyoti islom" (1908), "Tarixi islom" (1909) kabi kitoblar chop ettiradi. Keyinchalik 1908 yilda Shakuriyning Rajabamindagi maktabini Samarqanddagi o'z hovlisiga ko'chirib keltiradi.
1903-1904 yillarda Moskva, Peterburgga boradi. 1907- yilda Qozon, Ufa, Nijniy Novogorodda bo'ladi. Behbudiy u yerlarga sayohat emas, xizmat safari bilan boradi. Masalan, Nijniy Novogorodda 1907-yilning 23-avgustida "Rossiya musulmonlarining turmush va madaniyati muam-molari"ga bag'ishlangan qurultoyda ishtirok etadi. Qurultoyda Behbudiy turkiston-liklar guruhini boshqaradi va nutq so'zlaydi.
Quyida Behbudiy tomonidan qilingan ma'ruzadan parcha keltiramiz.
"Ma'rifat uchun birgina maktab kifoya qilmaydi. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq kerak. Millat va vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh bo'lmoq lozim. Millat uchun oyna kerak, toki undan o'z qabohatini ham malohatini ham ko'ra olsin". Mana shu zarurat Behbudiyda teatr va matbuotga e'tibor qaratish ehtiyojini uyg'otdi. 1911-yilda "Padarkush" dramasi shu tariqa yaratildi. Biroq uning sahna yuzini ko'rishi oson kechmaydi. "Padarkush" dramasi 1913- yildagina kitob holida bosilib chiqadi. Kitob jildiga "Borodino jangi va Rossiyaning fransuzlar bosqinidan xalos bo'lishining yubiley sanasiga bag'ishlanadi", degan yozuv bilan Tiflis syenzurasidan ruxsat olinadi. Bosilib chiqqanidan keyin ham sahnaga qo'yish uchun bir muddat vaqt ketadi.
Bu birinchi o'zbek dramasi edi. 3 parda va 4 manzarali bu asar mazmunan sodda bo'lib, o'qimagan, johil va nodon bolaning o'z otasi o'limiga sababchi bo'lib qolishi haqida edi. Behbudiy bu asar janrini "milliy fojia", deb atagan. Asar Samarqandda 1914-yil 25-yanvarda sahnaga qo'yiladi. Drama xalqqa kuchli ta'sir ko'rsatadi. Abdulla Qodiriy "Baxtsiz kuyov" dramasini aynan Behbudiyning "Padarkush" dramasi ta'sirida yozgani ma'lum. "Padarkush" ham janr, ham mazmuniga ko'ra yangi o'zbek adabiyotida o'ziga xos yangi davrni boshlab bergan asar bo'ldi. Drama Toshkentda 1914- yil 27- fevralda Abdulla Avloniy tomonidan qayta sahnalashtiriladi.
1913-yili Mahmudxo'ja Behbudiy "Samarqand" gazetasini chop etishni boshlaydi. Gazeta o'zbek va tojik tillarida, haftada 2 marta nashr etiladi. Ma'rifatparvar bobomizning o'z mablag'lari hisobidan tayyorlanib kelingan nashrning 45-soni chiqqach, moddiy tanqislik tufayli to'xtatiladi. Ammo, shu yilning 20-avgustidan "Oyna" jurnalini chiqarishni boshlaydi. Haftalik suratli bu jurnal asosan o'zbekcha bo'lib, she'r, maqola (forscha), e'lonlar (ruscha) berib borilgan. Jurnal Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg'oniston, Hindiston, Turkiyagacha tarqaladi.
Behbudiy kitob chop etishni ham yo'lga qo'yadi. Dastlab Abdurauf Fitratning "Bayonoti sayyohi hindi" asarini ruschaga tarjima qildirib nashr etadi (1913). Behbudiy 1914-yilning 29- mayida ikkinchi marta Arab va Chor Rossiyasi mamlakatlariga sayohatga chiqadi. Sayohati davomida Bayramali, Ashxobod, Krasnovodsk, Kislovodsk, Pyatigorsk, Jeleznovodsk, Rostov, Odessa shaharlarida bo'ladi va 8 iyunda Istanbulga keladi. Undan Adanaga o'tib, yana Istanbulga qaytadi hamda 20-iyunda Ismoilbek Gasprinskiy bilan uchrashadi. So'ng Quddus, Bayrut, Yofa, Xalilar-Rahmon, Port-Said, Shom shaharlarida bo'ladi.
Behbudiy sayohat xotiralarini "Oyna" jurnalida chop ettiradi. Bu xotiralar har jihatdan muhim bo'lib, an'anaviy tarixiy-memuar janrining XX asr boshidagi o'ziga xos namunasi edi. Ma'rifatparvar unda yo'l taassurotlari, kishilar bilan uchrashuvlarining ibratli tomonlariga keng urg'u beradi. Qaysi shaharga bormasin, uning tarixi, obidalari, u yerdan chiqqan buyuk zotlar haqida ma'lumotlar to'playdi. Turli millatlar, ularning urf-odatlari, turmush madaniyati bilan qiziqadi. Ayniqsa, din, e'tiqod masalalariga katta ahamiyat beradi.
"Oyna" jurnalida millat va uning haq-huquqi, tarixiga, til va adabiyot masalalariga, dunyo ahvoliga doir qiziqarli maqolalar, bahslar berib borilgan. Behbudiy millatning taraqqiysi uchun bir necha til bilishni shart deb hisoblaydi. Jurnalning birinchi sonidayoq "Ikki emas, to'rt til lozim", degan maqola bilan chiqib, o'zbek, tojik, arab, rus va hatto biror uzoq xorij (masalan, fransuz) tilini bilish shart deb hisoblaydi.
Ayni paytda tilning muhofazasi ("Har millat o'z tili ila faxr etar" -1914), o'zaro munosabatlari ("Til masalasi" - 1915) mavzularida muhim va zarur maqolalar chop ettiradi. Adabiy tanqidga katta e'tibor beradi. Uning xususiyatlarini belgilashga uringan. Boshqa adabiy janrlar bilan teng huquqligi masalasini ko'tarib, ("Tanqid saralamoqdir" - 1914) maqolasini e'lon qiladi. Millat sha'nini oyoq osti qiluvchi fikr-qarashlarga zarba berib, Turkiston xalqini o'z nomi bilan atamoq lozimligini talab qilib chiqib, ("Sart so'zi majhuldur" - 1915) sarlavhali maqolasi nashrlarda bosiladi.
Mahmudxo'ja Behbudiy milliy matbuotimiz tarixida o'z mavqeiga ega. Uning hozircha aniqlangan maqolalarining soni 300 taga yetadi. Ular xilma-xil mavzuda. Ilk maqolalaridayoq, kommunistik mafkurani keskin rad etib, "Xayoliy", "Bu toifaga qo'shulmoq biz, musulmonlar uchun nihoyatda zararlik", deb yozgan edi Bundan tashqari, o'zlikni anglash muhim deb hisoblab, 1914-yili "Oyna" jurnalida "Sart so'zi majhuldur" sarlavhali maqolasida: "Qabilasining ismini va yetti otasining otini bilmaydurgonlarni "marquq" derlar", deya yozadi.
1917-yilning oxiri 1918-yilning boshlarida jadidlar asos solayotgan ilk demokratik davlatchilik namunasi - Turkiston muxtoriyatining taqdiri hal bo'layotgan bir paytda o'lka xalqlarini birlikka chaqiradi. Behbudiy ijtimoiy-siyosiy ishlarga qizg'in qo'shiladi. Aslida bu faoliyat 1906-yildan boshlangan. Toshkentda bo'lib o'tgan (1917) Turkiston musulmonlarining qurultoyida ishtirok etib, nutq so'zladi. U musulmonlar orasidagi har qanday ixtilofga qarshi chiqadi. Behbudiy shu qurultoyda o'lka musulmonlari sho'rosining raisi etib saylanadi.
1917-yil 26-noyabrda Qo'qonda o'lka musulmonlarining 4-favqulodda qurultoyi ish boshlaydi. 27-noyabrga o'tar kechasi "Turkiston muxtoriyati" e'lon qilindi. Uning g'oyaviy asoschilaridan biri Behbudiy edi. Muxtoriyat sho'rolar tomonidan vahshiyona bostiriladi. Mahmudxo'ja Behbudiy may oyining boshlarida Samarqandga qaytadi. U yerda ko'p tura olmay Toshkentga keladi. Turkiston sho'rolar hukumati rahbarlari bilan muzokara olib borishga urinadi, ammo bu biror natija keltirmaydi. 1919-yilning erta bahorida mamlakatdan chiqib ketayotganida Shahrisabzda Inqilobiy favqulodda komissiya ayg'oqchilari ko'magida Buxoro amirligi odamlari tomonidan qo'lga olinadi. Hamrohlari Muhammadqul va Mardonqul bilan birgalikda Qarshida zindonga tashlanadi va qatl qilinadi. Bu voqea Samarqandda bir yildan keyin ma'lum bo'ladi. Fitrat, Cho'lpon, Ayniy va boshqa ziyolilar Behbudiyga atab marsiyalar yozganlar.
Behbudiyning buyukligi shundaki, u millat taraqqiyoti uchun hamisha dolzarb bo'lib qoladigan, barcha davr va zamonga bir xil tegishli bo'lgan muammo va masalalarning o'qtomiriga nazar solib, uning illatiga aniq tashxis qo'ya olgan va mazkur kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ham ilmiy va hayotiy jihatdan asoslab bergan. Jumladan, millatning taraqqiyoti hamda jahon hamjamiyatida o'ziga munosib o'rin egallashi uchun odamlarning hayot maslagi, orzu-a'molini to'g'ri shakllantirish lozimligini ta'kidlaydi. Masalan, "A'molimiz yo ichki murodimiz" maqolasida umrining uchdan ikki hissasini mashaqqatli mehnatga sarflagan kosibning kosasi oqarmasligiga asosiy sabab - topganini farzandlari bilimli bo'lishiga emas, balki to'y-hashamdagi isrofgarchilik va ortiqcha orzu-havasga sarflashida, deb biladi. Natijada u o'zining maqolalaridan birida: "Boshqa millatning yosh bolalari maktabda, lekin bizniki hammollikda yoki gadoylikda. Boshqa millat ulamosiga tobe'dur, bizning ulamo bil'aks avomga tobe'dur. Buning oxiri xarobdur", deb achchiq alam bilan ta'kidlaydi.
Shuning uchun ham taraqqiyotga erishish uchun farzandlar kamolotida sarf qilinadigan moddiyat to'y-hashamlar, xayoliy orzu-havas yo'lida emas, balki ma'naviy yuksalish, ilm-ma'rifatli bo'lishiga yo'naltirilishi, maqsadga muvofiq bo'ladi, deb hisoblagan Behbudiy birinchi navbatda maktab va maorif tizimini isloh qilish, ongli shaxslarni tarbiyalash, fikr qaramligi va tafakkur qulligidan xalos etishni orzu qilgan va bu yo'lda butun umrini bag'ishlagan. Behbudiyning bunday xulosalari bugungi kunda ham, kelajakda ham zarracha o'z ahamiyatini yo'qotmaydi.
Мавзуга оид:

Mustaqilligimiz fidoyilari
- 11 авг, 10:23

Tarixga bir nazar MENING YANGIQO'RG'ONIM!
- 19 апр, 15:32

Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30

SHE'R QANDAY YOZILADI?!
- 12 авг, 14:00