Oqdaryo ijodkorlari Bahodir Iskandarov

Bahodir Iskandarov - 1992-yil 24-may kuni Yangiqo'rg'on qishlog'ida tug'ilgan. Yoshligidan ilm-fanga, ayniqsa, adabiyotga, she'riyatga qiziqishi tufayli o'zi tug'ilib o'sgan Yangiqo'rg'ondagi 2-maktabda, keyinchalik tumandagi 45-maktabda o'qigan chog'larida ham kitob mutolaa qilishga va she'r yozishga juda qiziqar edi.
Bahodir Iskandarov 2013-2017-yillarda O'zbekiston Jahon tillari universitetining ingliz tili fakultetini bitirib, o'z bilimini yanada oshirish maqsadida magistratura yo'nalishi bo'yicha Yaponiya davlatida tahsil oldi.
Ayni paytda ham o'z ish faoliyatini Yaponiyada davom ettirayotgan oqdaryolik ijodkorning she'rlaridan namunalarni adabiyot ixlosmandlariga havola etamiz.
SOG'INCH
Yurishni o'rgatdi otam va onam,
Yurishni o'rgandim. Ketdim uzoqqa.
Orzular ortidan quvish bahonam,
Bir yilda bir bormas bo'ldim qishloqqa.
Xudbinlik bobida mendan zo'ri yo'q,
O'zimni o'ylayman, faqat o'zimni.
Sog'insam manglayi mendan sho'ri yo'q,
Bilmayman nimalar, yopdi ko'zimni.
Olisdaman osmon orzularni deb,
Otam, onam deydi yurakda sog'inch.
Nima qila oldim, men ularni deb,
Qalbda o'rmalaydi tinimsiz o'kinch.
Deyman kunchiqardan ketaman tamom,
Endi chuqurlari ko'rsin yelkani.
Hovurdan tushaman, ota-onam der:
"Bolam, bizga omon bo'lsang bo'lgani!".
Ota-onam so'zin eshitib darhol,
O'zimcha vijdonim poklayman go'yo.
Farovon hayotda o'ynab-kulaqol,
Degandek sehrlar yana Tokio.
Charxpalak aylandi. Ota bo'ldim men,
Baxtdan sig'may ketib butun olamga.
Farzandli bo'ldim-u, katta bo'ldim men,
Yurishni o'rgatdim men ham bolamga.
Yurishni o'rgatdim, otalarga xos,
Atak-chechak qilsa, yorishar ko'nglim,
Qo'rqaman yurishni o'rganib oz-moz,
Meningdek olisga ketsa gar o'g'lim.
Iltimos, olisga ketma jon o'g'lim!
***
Tokio aldadi, maftunkor,
Qulaylik eng so'ngi daraja.
Bo'lmasin qanchalik betakror,
Sog'inch ham o'shanga yarasha.
Hashamat bosmaydi xumorim,
Binolar hayratim oshirmas.
Yuvmoqqa sog'inching g'uborin,
Qishlog'im, hovlimiz bo'lsa bas.
Qo'ng'iroq qilganda onam-ay,
Sog'inib qilsalar ko'z yoshi,
Tatimay qoladi, tatimay,
Otning kallasidek maoshi.
Bu yerda umr tez o'tadi,
Yo menga shundayin tuyular.
"Yaponlar ish uchun o'ladi,
Yoki, ishlash uchun tug'ilar".
Mo'jiza yurti bu shubhasiz,
Odamlar kiradi yuz yoshga.
Bu yerda har neni topasiz,
Mehrdan boshqa...
Yaponlar berilmas hislarga,
Robotdek yashaydi ko'rganman.
O'xshab qolmasaydim ularga,
Yo'q, axir mehrda o'sganman.
O'z yurting boshqacha baribir,
Mehrga mehr-la javob bor.
E'tibor qilmassan, hattoki,
Salom-alikda ham savob bor.
Ketaman deymanu va darhol,
Xayolim olaman to'g'irlab.
Kunchiqar yurti bu - hiylakor,
Sehrlab oladi, sehrlab...
KECHIRGIN YURAGIM
Xatolar ketidan xatolar,
Va qancha og'ular ichirdim,
Etdimku bag'ringni adolar,
Kechirgin yuragim, kechirgin.
Izlashdi, yashirdim sani man,
Topishdi, topshirdim sani man,
Dardlaring oshirdim sani man,
Kechirgin yuragim, kechirgin.
Sabringni sindirdi soxtalar,
Manfaat yo'lida puxtalar,
Ayovsiz vujuding nimtalar,
Kechirgin yuragim, kechirgin.
Ishonching toptagan kaslardan,
Ayyorlik bobida aslardan,
Himoya qilmadim pastlardan,
Kechirgin yuragim, kechirgin.
Sanchima undaylar arzimas,
Sen va men hech kimdan qarz emas,
Bu nolam uzrdir, arz emas,
Kechirgin, yuragim kechirgin.
Kel endi, barini yodingdan,
O'chirgin yuragim, o'chirgin,
Bir lahza ketmasman yoningdan,
Kechirgin yuragim, kechirgin.
SHOIRLIKKA SHUDIR TAMOYIL
Aytishadi senga shoirlik,
Yuragingga qayerdan kirdi?
Ko'z oldimdan o'tdi bolalik,
Dadam tinmay kitob o'qirdi,
Ayam tinmay kitob o'qirdi.
Deyishmagan o'yna narida,
Ertak aytib yurak qa'ridan,
Ortib turmush tashvishlaridan,
Dadam tinmay kitob o'qirdi,
Ayam tinmay kitob o'qirdi.
Kunda kitob mutolaasida,
Gazet, jurnallar orasida,
Chiroq o'chsa sham shu'lasida,
Dadam tinmay kitob o'qirdi,
Ayam tinmay kitob o'qirdi.
Majlislardan qaytsa ham horib,
Jism-u tani ketsa ham tolib,
Bo'lmas edi uyqular g'olib,
Dadam tinmay kitob o'qirdi,
Ayam tinmay kitob o'qirdi.
Shundan bo'ldim men she'rga moyil,
Shoirlikka shudir tamoyil,
Dadam, ayam hozir ham qoyil,
Tinim bilmay kitob o'qiydi,
Kanda qilmay kitob o'qiydi.
YOLG'ON YASHAMAGIN
Sendan zo'rlari ham oxir xo'rsingan,
Sendan zo'rlari ham qolgan piyoda,
Qilib amallaring xo'jako'rsinga,
Yolg'on yashamagin, yolg'on dunyoda.
Hatto g'iybat qilib qaytsang motamdan,
O'zingni aqlli tutib hotamdan,
Faylasuf chiqmaydi pismiq odamdan,
Yolg'on yashamagin, yolg'on dunyoda.
Hasadgo'y ozoring olib bo'yninga,
Muttasil tosh solib yursang qo'yningga,
Vafodor sherikdek shayton o'yiniga,
Yolg'on yashamagin, yolg'on dunyoda.
Poraxo'r iymonni nafsga alishdi,
Yegani, luqmasi harom-harishdir,
Vijdonin gunohga bulab qorishdi,
Yolg'on yashamagin, yolg'on dunyoda.
Oshiq olchi bo'lsa qochgin kibrdan,
Taqdirdan ziyoda bo'lmas, ziyoda,
Oxir borar yo'l yo'q boshqa qabrdan,
Yolg'on yashamagin, yolg'on dunyoda.
AROSAT
Ajrashmoqchi ota-ona, tushunmayin,
Hayron boqar chor-atrofga bir bolakay,
Qo'rquv tutar, ovoz baland bo'lgan sayin,
Anglay olmay bu qandayin sir bolakay.
Axir, shayton toj kiyadi, ajrashsalar,
Bir-biriga mosmas emish, yo alhazar,
Aslidachi, bolakayga mosmas ular,
Arosatda, aylanadi gir bolakay.
Bo'lmoq yomon, tirik yetim, tirik yetim,
Bilmas bola, aybsizu, aybdor kim?
Yaxshi ko'rgan o'yinchog'in quchadi jim,
Bolalikdan hafsalasi pir bolakay.
Ajralishsa ko'ngillari to'lajakmi?
Ikki hudbin, shunda baxtli bo'lajakmi?
Qilar barbod, bir go'dakni, kelajakni,
Afsus, hayot pok qalbingdan kir bolakay.
Bolakaylar sababidir baxt chashmasin,
Duo qiling ko'z yoshlari sachrashmasin,
Otalari-onalari ajrashmasin,
Bo'lsin baxtli, badavlatu pir bolakay.
Bahodir ISKANDAROV.