Mutaxassislar ogohlantiradi GIYOHVANDLIK - KELAJAKKA TAHDID

Giyohvandlik va psixoaktiv moddalar iste'moli bilan bog'liq muammolarga e'tibor qaratish, aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, yosh avlodni turli zararli odatlardan asrash - bu insoniyat oldida turgan eng dolzarb tibbiy, ijtimoiy va iqtisodiy muammolardan biridir. Bu illat nafaqat inson salomatligi, balki uning oilasi, mehnat faoliyati, jamiyatdagi o'rni va kelajagiga ham jiddiy salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Giyohvandlik - narkomaniya bu - telbalikka moyillik ma'nosini anglatadi. Bu kayf beruvchi giyohlar (ko'knor, nasha, gashish, opium, geroin va hokazolarni) iste'mol qilish, turli kanserogen toksik moddalarni hidlab yurishdir. Giyohvandlarda sil, o'pka yallig'lanishi, o'pka raki va OIV/OITS bilan kasallanish giyohvand bo'lmaganlarga nisbatan 10 barobar yuqoridir. Giyohvand moddalarni odatda bir shprisdan bir necha narkomanga ukol qilish ular uchun qulay, natijada OIV infeksiyasi, gepatit va boshqa yuqumli kasalliklarni o'zlariga tez yuqtirib oladilar. Eng kuchsiz giyohvand moddani qabul qilgan ayoldan ham bola turli asoratlar bilan tug'iladi va u uzoq yashamaydi. Giyohvand yigitlarda bepushtlik va jinsiy zaiflik yuzaga keladi.
Eng xavflisi sintetik giyohvand moddaning ta'sir kuchi ko'pincha an'anaviy giyohvand vositalardan bir necha marta yuqori bo'ladi. Sintetik kannabinoidlar, turli psixo-stimulyatorlar, amfetamin hosilalari va xalq orasida "tuzlar" nomi bilan tanilgan moddalar inson organizmiga o'ta kuchli ta'sir ko'rsatadi. Giyohvand moddaning ozginasi ham avval xursandchilik hissini vujudga keltirib, sung odam ruhiy va jismoniy jihatdan giyohvand moddaga o'rganadi. Narkotik modda ta'siri tugagach, o'sha inson uni iste'mol qilmasa, o'zini qo'yarga joy topolmay, qanday yo'l bilan bo'lsa ham, giyohvand moddani topishga harakat qiladi. O'g'irlik, birovning joniga qasd qilish va yaqinlarini o'ldirishga ham tayyor bo'ladi. Giyohvand kishi endi tushkunlik, vahima, tutqanoq holatiga tushadi, ko'ziga g'ayritabiiy va mavhum narsalar ko'rina boshlaydi, boshi va tanasida kuchli og'riq, ko'ngil aynish va bosh aylanishi, hushdan ketish holatlari kuzatiladi, hatto o'lim holati kuzatilishi ham mumkin.
Mazkur muammoga qarshi kurashda davlat tashkilotlari, ta'lim muassasalari, mahalla tizimi, ota-onalar va butun jamoatchilikning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Giyohvandlikka qarshi kurashishning eng samarali usuli - bu erta profilaktikadir. Yoshlarda hayotga bo'lgan qiziqishni kuchaytirish, sport va ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarga jalb etish, oilada sog'lom muhit yaratish, zararli odatlarning oldini olish bo'yicha to'g'ri ma'lumot berish ushbu illatni yo'qotishda muhim omil hisoblanadi.
D.Axmatov,
O.Kamarov,
Ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi
Narkologiya xizmati Samarqand filiali vrach narkologlari.
А. Xidirov,
Oqdaryo tumani SSB narkolog shifokori.
AJAL OG"USI
- 10 окт, 14:14
GIYOHVANDLIKDAN HECH KIM "SUG'URTALANMAGAN"
- 28 фев, 14:11
GIYOHVANDLIK - ASR VABOSI
- 23 июн, 13:57
Asosiy maqsadimiz - xalq sog'ligini muhofaza qilish
- 18 мар, 10:57




