SHE'R QANDAY YOZILADI?!

Inson quvvatida she'r tug'ilishining ikki sababi bo'ladi: ularning biri taqlid - tashbih bilan lazzatlanish, ikkinchisi esa yoshlikdan boshlab shu taqlidning inson faoliyatida ishlatilib kelinishi. Mana shu xislat bilan inson barcha tilsiz hayvonlardan farq qiladi. Shu bilan birga inson taqlid borasida tirik mavjudotlarning eng qobiliyatlisi sanaladi. Ularning ba'zilarida hech qanday taqlid bo'lmaydi, ba'zilarida esa mutlaq kam uchraydi. Bu yo nag'ma bilan chunonchi, to'tiqush kabi va yoki maymunga o'xshab layoqat hosil qilish bilan bo'ladi.
Insonda bor bo'lgan taqlid foydalidir. Bu bilan inson biror narsaga o'xshatma qilib, ma'lum bir ma'noga ishora qiladi. O'sha ishoralar esa ta'lim o'rnini egallaydi. Shu sababdan bilim egallash faqat faylasuflar uchungina emas, balki, umuman, ko'pchilikka zavq baxsh etadi. To'g'ri bilim egallash taqlid vositasida yuzaga kelyapti. Bu bilim kishi ruhida mavjud bo'lgan muayyan bir faoliyatning aksi sanaladi. Shuning uchun ham odamlar bu chizilgan rasmlarga qarab, tasvir ham o'sha asliga o'xshash qilib yaratilganligini his etishgach, ko'proq, yana ham ko'proq qiziqadilar. Bordiyu ular aslini oldinroq ko'rishib, ularni payqashmaganida zavqlanish to'la-to'kis bo'lmas edi. Shunday ekan, ular o'sha chizilgan rasmlar sifati, holati va hokazolarni ko'rib, ulardan olinadigan lazzat oldingisiga yaqinroq bo'lgan taqdirda ham zavqlana oladilar.
Ikkinchi sabab esa, odamlar tabiatidagi kompozisiya va kuylar ta'rifiga bo'lgan muhabbatdir. So'ngra asosiy gap kuylarga munosib vaznlar topishda qolgan. Ularga esa kishilarning ruhlari mayl etadi. Nafslar ularga moyil bo'ladigina emas, axtarib topadi ham.
Mana shu ikki sabab yuz bergach, she'r tug'iladi. U kishi tabiatiga asta-sekin singib, una boshlaydi. U ko'proq tabiatan shoir bo'lganlarda kutilmaganda va tabiiy ravishda yaratiladi. Ularning har birida bo'lgan tabiiy sezgi va o'ziga xos bo'lgan qobiliyatga, o'z xulqi va odatiga ko'ra she'r yaratish xususiyati paydo bo'ladi.  
She'r tuzilishi - she'riy nutqning davomiyligi, ritmi va musiqiyligini uyushtiradigan usul; adabiy-badiiy vosita. Nazm vositasidagi nutq, ya'ni she'riy nutq nasriy nutqdan she'r tuzilishi qonuniyatlariga ko'ra va shu qonun-qoidalarga qat'iy amal qilinishi bilan farqlanadi. She'r tuzilishi aslida o'ziga xos murakkab tizimni tashkil etadi. Chunki she'rning yaratilishida juda ko'plab g'oyaviy va badiiy unsurlar ishtirok etadi. Jumladan, mavzu, g'oya, band, naqarot, ritm, vazn, qofiya, intonasiya, pauza, urg'u, poetik timsollar, fonetik usullar, badiiy san'atlar, syujet, timsol, kompozisiya, konflikt va boshqalar unsurlarning aniq, yagona bir tizimga birikuvidan she'r paydo bo'ladi.
Vazn - she'r  o'lchovi yoki me'yorini bildiradi. U she'riy nutqni nasriy nutqdan ajratib turuvchi asosiy unsurlardandir. Vazn ba'zan saj'da va aruzning bahri ta'vil shaklida ham uchrashi mumkin. Qofiya esa ohangdosh so'zlarni she'r misra (bayt, band)larida tizimli bo'lib kelishidir. Band - she'rning alohida qofiyalanish tartibiga ega ritmik bo'lagi. U qofiya va intonasiya bilan birikkan misralarning muayyan tartib asosida takrorlanishidir. Vazn va bandni tildan ajralgan holda, turli jadvallar va belgilar bilan ham ko'rsatish mumkin. Ammo qofiya, takrir (so'z takrori) va tajnis (jinsdosh so'zlar) til materialidagina ko'rinadi.
O'zbek she'r tuzilishi tarixida barmoq va aruz tizimlari o'zbek she'r tuzilishining asosini tashkil etadi. Negaki, o'zbek she'riyati, asosan, barmoq va aruzda yaratilgan. Qolgan she'r tizimlari - erkin vazn, bo'g'inurg'u, miqdorurg'u va qorishiq tizimlar u qadar keng tarqalmagan.
Bitta she'r doirasida bo'g'in, turoq, misra, band, qofiya, ritmik pauza kabi vositalarning mazmun va ohang talabiga mos tarzda tovlanishi (rang-barang va erkin bo'lishi) erkin she'r sistemasining bosh qonunidir.
She'r (arab. shuur - sezgi) - fikrning his-tuyg'uga qorishiq ifodasi sifatida vujudga kelgan, hayajonli she'riy nutq bilan ifoda etilgan, ma'lum ichki ohangga ega badiiy asar. "She'r" atamasi o'rniga ba'zan "nazm" so'zi ham qo'llanadi, u badiiy adabiyotning qadimiy turi hisoblanadi. 
Zamonaviy o'zbek adabiyotida "She'r" atamasi ma'nosini erkinroq tushunish, oldingi shakliy qoliplarni o'zgartirgan holda yangi poetik kashfiyotlar qilishga intilish tamoyili kuchli. Shuning uchun ham o'zbek nazmida "oq she'r", "sochma she'r", "nasriy she'r", "tasbih", "uchchanoq" singari she'r shakllari paydo bo'lmoqda. Qofiya, tinish belgilari va grammatik qoidalar iskanjasida qolishini istamayotgan bir qator shoirlar qofiyasiz, grammatik qoidalar va tinish belgilariga rioya etilmay yozilgan she'rlar yaratmoqdalar. She'rning eng kichik ko'rinishi mumtoz adabiyotda 1 baytdangina iborat bo'lsa (fard), o'zbek folklorida 4 qatorni tashkil etadi (to'rtlik). Bir misradan iborat she'r yaratishga ham urinishlar bo'lgan (rus she'riyatida "monostix" - bir she'r deb nomlangan).
Barmoq tizimi, barmoq vazni - bo'g'inlar sanog'i, mutanosibligiga asoslangan she'r o'lchovi turi. Barmoq tizimi o'ziga xos xususiyatlarga ko'ra aruz tizimidan farq qiladi. Barmoq vazni an'anaviy xalq atamasidir. 
Turoq - bo'g'inlarning misralar bo'yicha takrorlanib kelgan muayyan bo'lagi. Turoq - she'r tizimida urg'uli va urg'usiz bo'g'inlarning she'r o'lchovini belgilaydi. Barmoq tizimida she'r misralaridagi ritmik bo'lak hisoblanadi, she'rning ritmini, musiqiyligini vujudga keltiradi. Turoqlar aruzda rukn deb yuritiladi; ruknlar hijolarning miqdori va sifatiga qarab xarakterlanadi. She'riy misralar ikki, uch va undan ortiq  turoqdan tashkil bo'ladi. Barmoq vazni she'rlaridagi har bir misrada 2-3 turoq,  har bir turoqda 2-3-4 va undan ortiq bo'g'in bo'ladi. Turoqlar misrada 2 katta guruhga bo'linib keladi, buning natijasida bosh turoq paydo bo'ladi. Quyidagi misolda bosh turoq 2 chiziq bilan ko'rsatilgan: Daryo to'lqin, suvlar toshqin o'tolmayman, Otim oriq, manzilimga yetolmayman. Otginamni oriq qilgan - shu mayda tosh, Rangginamni sariq qilgan-shu qalam qosh. (O'zbek xalq qo'shig'i).
O'zbek xalq og'zaki ijodida she'rlar asosan, kuylash uchun yaratilganligi uchun "qo'shiq" deb atalgan. Og'zaki she'r qat'iy shakliy-mundarijaviy qoliplarga tushmaydi va yo'nalishiga ko'ra mavsum, marosim, sevgi qo'shiqlari kabi turlarga ajratiladi. Mumtoz she'rlar qofiyalanish va banddagi misralarning miqdoriga ko'ra maxsus janrlarga bo'lingan. Agar she'r bandi 2 misradan iborat bo'lsa - masnaviy,  3 misradan iborat bo'lsa - musallas, har bir band 4 misradan tashkil topsa - murabba', 5 qatorli bandlardan tashkil etilsa - muxammas, bandlari 6 satrdan tashkil topsa - musaddas, 7 misrali bandlardan iborat bo'lsa - musabba', 8 misrali bandlardan tashkil topsa - musamman, 9 qatorli bandlardan iborati - tasne' (mustasne'), 10 qatorli bandlardan iborat poetik asarlar muashshar (mashru') deyilgan.
Demak, barcha badiiy shakl unsurlari kabi adabiy tur va janrlar ham asar mazmunini chuqurroq ochish, to'liqroq ifodalash vositalaridandir. Ammo bu masalani qo'pol tarzda bir yoklama tushunish noto'g'ri bo'ladi. Yozuvchining u yoki bu adabiy tur va janrni tanlashi ko'p jihatdan uning mahoratiga, qobiliyatiga, iste'dodining o'ziga xos tomonlariga ham bog'liq ekanligini unutmaslik lozim.
Ko'pincha yozuvchi iqtidori, mahorati bir yoki bir necha adabiy tur va janrlarda yorqinroq namoyon bo'ladi. Hamid Olimjon she'r va poemalar bilan bir qatorda ocherk, hikoya hamda dramalar ham yozgan. Lekin u o'zining eng asosiy ijodiy maqsadlarini nazmda, ya'ni she'r va poemalarda to'liqroq yuzaga chiqargan hamda shu janrlarda eng katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Abdulla Qahhor ijodining boshlarida hikoyalar bilan bir qatorda she'rlar ham yozgan; u keyinchalik o'zida nasr va dramaturgiya sohasida ijod kilishga ko'proq moyillik sezgan, hayotining oxirigacha mazkur adabiy tur va janrlarda asarlar yozib, jiddiy yutuqlarga erishgan. Yozuvchi Oybek ko'plab she'r va poemalar bitgan bo'lsa-da, uning iste'dodi romanchilik sohasida yanada yorqinroq namoyon bo'lgan, ulkan samaralar bergan.
Darhaqiqat, bizni adabiyot o'rab olgan. Har bir manzarada, har bir chehrada katta asarlarga tatigulik ma'no-mazmun yashirin. Faqatgina ularni chinakam yozuvchiga xos nigoh bilan ko'rib, qog'ozda ifodalab berishimiz kerak, xolos. Yaxshi yozuvchi, yaxshi shoir bo'lish uchun avvalo, yaxshi o'quvchi bo'lish kerak. Mutolaaga diqqat-e'tiborni jamlab, mulohaza-mushohada bilan kirishsangiz, qo'lingizdagi asarning eng nozik jihatlarini ilg'ashga harakat qilsangiz, kelajakda  albatta, sizdan yaxshi shoir, yaxshi yozuvchi chiqishiga ishonchimiz komil. Negaki, she'r yozish uchun kishida tabiiy qobiliyat bo'lishi bilan birga, she'riy adabiyotlarni ko'proq o'qish talab qilinadi. Ana shunda shoirda so'z boyligi, badiiy tasvir qobiliyati ortadi. Hazrat Navoiyning davrlarida shoirga o'ttiz ming - 20 ming o'tmishdagi, 10 ming zamona shoirlariga tegishli baytlarni yod olishi shart qilingani ham bejiz emas. 
She'riyat, hech shubhasiz, Alloh taoloning insoniyatga bergan ulug' ne'matlaridan biridir. U cheksiz ummonga, balki, bepoyon ufqqa o'xshaydi. Uning zeboligi, ta'siri va ko'lamini qaydlash qiyin. Binobarin, uning asoslari, nazariyasi haqida ham juda uzoq bahslar olib borish mumkin. Shunga ko'ra, insonning hissiyoti, ehtiros va hayajonini o'zida mujassam etgan, badiiy tasvir bilan yo'g'irilgan, kishining tafakkuriga, his-tuyg'usiga ta'sir qilib, uni hayajonga soladigan gaplarni "she'r" deyiladi. Ushbu ta'rif lug'at jihatidan to'g'ri bo'lsa-da, adabiy istilohda mazkur sifatlarga ega bo'lish bilan birga, nazmga solingan gaplarni "she'r" deyish odat bo'lgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, har qanday she'rni nazm desa bo'ladi, ammo har qanday nazm she'r bo'la olmaydi. Shoir gaplarni ma'lum vaznga, qolipga solish bilan birga, ularning ichiga o'zining his-tuyg'ularini, qarashlarini ham joylay oladigan, oddiy gaplarni badiiy bo'yoq bilan bezay oladigan shaxsdir. Shoir gohida hayolot ufqlarida parvoz qilib, o'quvchini ham o'zga olamlar sayriga chorlaydi. U so'zlarining haqiqiy ma'nolaridan o'tib, majoziy ma'nolarini ochishga harakat qiladi. Agar she'r deb aytilayotgan narsada vazn ham bo'lmasa, his-hayajon va badiiyat ham bo'lmasa, u oddiy gap bo'ladi, she'r deyishga arzimaydi.
Tahririyatdan: tumanimizdagi yosh ijodkorlar tomonidan kelib tushayotgan ijod namunalarining tahlili shuni ko'rsatadiki, umumta'lim maktablarida faoliyat ko'rsatayotgan adabiyot o'qituvchilari, qolaversa, maktablarda yaqinda ish boshlagan ma'naviy-ma'rifiy targ'ibotchilarning o'quvchilar bilan bu borada olib borayotgan ishlari hali zamon talablariga javob bera olmaydi. Negaki, aksariyat holatlarda o'quvchilar tomonidan yozilgan she'riy mashqlar va boshqa adabiy janrlardagi qo'lyozmalarida uchraydigan xato va kamchiliklar adabiyot o'qituvchilari, targ'ibotchilar tomonidan muntazam ravishda nazorat qilinmayotir. Vaholanki, o'sib-ulg'ayib, ko'kka parvoz qilish uchun shaylanayotgan yosh ijodkorlar bu boradagi ilk saboqni dastavval sizdan o'rganmog'i lozim. Shunday ekan, umumta'lim maktablarining adabiyot o'qituvchilari, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha targ'ibotchilar adabiyot olamiga oshifta qalb egalari bo'lgan shogirdlaringizga adabiyot fanidan, she'riyat ilmidan yanada chuqurroq saboq berasizlar, degan umiddamiz.
Gulsara TINIBEKOVA,
 jurnalist.