#FIDOYI_USTOZLAR_HAQIDA_HIKOYALAR HAYOTINI TA’LIMGA BAG‘ISHLAGAN USTOZ
Haqiqiy ustozning qadri u bergan bilim, tarbiyalagan shogirdlar va jamiyat ravnaqiga qo‘shgan hissasi bilan belgilanadi.Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 40-umumta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi Diyorova Marxamat Ro‘zinboyevna qariyb 47 yildan buyon yosh avlodga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Uning ustozlik faoliyati 1979-yilda boshlangan bo‘lib, shu yillar davomida u o‘z kasbiga sadoqati, bilim va tajribasi, fidoyiligi bilan hamkasblari hamda shogirdlari hurmatini qozongan.
Pedagog mehnati yillar davomida munosib e’tirof etilib, u “O‘zbekiston Xalq o‘qituvchisi” yuksak unvoniga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, “Ta’lim fidoyisi” va boshqa mukofotlar bilan taqdirlangan. Bu e’tiroflar ortida uzoq yillik zahmat, tinimsiz izlanish va ta’lim sifatini oshirish yo‘lidagi samarali mehnat mujassam.
Marxamat Ro‘zinboyevnaning faoliyatida matematika fanini chuqur o‘rgatish, o‘quvchilarning mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish va ularni mustaqil izlanishga yo‘naltirish alohida o‘rin tutadi. Ustoz rahbarligida tahsil olgan o‘quvchilar yillar davomida tuman va viloyat miqyosida o‘tkazilgan matematika hamda informatika fanlari olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni egallab kelgan.
Bugun uning shogirdlari orasida turli sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ko‘p. Ular orasida oliy toifali pedagoglar, xalqaro sertifikatlar sohiblari, fan doktorlari, bank-moliya tizimi va boshqa yo‘nalishlarda mehnat qilayotgan fidoyi insonlar bor. Ularning erishayotgan yutuqlari, shubhasiz, ustoz bergan bilim va tarbiyaning hayotiy samarasidir.
E’tiborlisi, Marxamat Ro‘zinboyevna uchun ustozlik faqat mehnat faoliyati bilan cheklanmaydi. Bugun ham u o‘quvchilarning turli fan musobaqalarida ishtirok etishiga ko‘maklashib, o‘z bilim va tajribasini yosh avlod bilan baham ko‘rmoqda. Bu esa uning kasbiga bo‘lgan mehr-muhabbati va ta’limga sadoqati nechog‘li yuksak ekanini ko‘rsatadi.
Yaqinda ustoz bilan telefon orqali suhbatlashar ekanmiz, u kishini shogirdlarining tavsiyasi orqali tanib, faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldik. Bunday fidoyi pedagoglar haqida ma’lumot berib, ularning mehnatini keng jamoatchilikka yetkazishga hissa qo‘shayotgan shogirdlarga ham minnatdorlik bildirish joiz.
Darhaqiqat, qariyb yarim asrlik ustozlik faoliyati — bu shunchaki yillar sarhisobi emas. Bu minglab darslar, izlanishlar, o‘quvchilar qalbiga singdirilgan bilim va hayot yo‘lini topishiga ko‘maklashilgan ko‘plab yoshlar taqdiridir.
Marxamat Diyorovaning hayot yo‘li bir haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi: ustozning eng katta mukofoti — uning bilimidan bahramand bo‘lgan, kamol topib, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilayotgan shogirdlaridir.
Fidoyi ustozga mustahkam sog‘liq, xotirjamlik, oilaviy baxt va yosh avlod kamoloti yo‘lidagi ezgu faoliyatida davomiy muvaffaqiyatlar tilaymiz!
Мавзуга оид:






