Ta'lim-tarbiya kelajak, hayot-mamot masalasidir
Bugungi kunda mamlakatimizda fan va ta'lim sohasini yanada rivojlantirish, ushbu sohani xalqaro standartlar darajasiga yetkazish borasida Prezidentimiz tomonidan bir qator qarorlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda. O'qituvchi va murab-biylarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, malakasini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, o'tgan davrda muallimlarning oylik ish haqi o'rtacha 2,5 baravar oshdi. Jumladan, barcha fanlar bo'yicha milliy va xalqaro sertifikati bor o'qituvchilarga ustama, chekka hududga borib ishlagan muallimlarga esa alohida to'lov joriy etildi. Natijada 6 million so'mdan 10 million so'mgacha va 10 million so'mdan yuqori oylik oluvchilar soni ancha oshdi. Bu esa o'qituv-chilarning mehnatini qadrlash hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.Darhaqiqat, ta'lim-tarbiya kelajak, hayot-mamot masalasidir. Shunday ekan, bu boradagi islohotlarni hayotga tatbiq etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Ming afsuski, ta'lim-tarbiya jarayonida uchrab turadigan ayrim kamchilik va muammolarni bartaraf etishda sustkashlikka yo'l qo'yish holatlari hamon uchrab turganligi achinarli holdir. Buni tuman maktabgacha va maktab ta'limi sohasida tahlil qiladigan bo'lsak, quyidagi kamchilik va muammolarni mutasaddi rahbarlar e'tiboriga havola etishni joiz deb hisoblaymiz. Jumladan, o'quv yilining I-choragi tugab, II-choragi boshlanganiga qaramasdan ayrim fanlar bo'yicha darslik kitoblari yetishmaydi. Buning natijasida o'quvchilarning darslarni o'zlashtirishida muammolarga yo'l qo'yilmoqda. Negaki, dars jarayonida, uyga berilgan topshiriqni bajarishda, mavzularni o'zlashtirishda o'quvchilar qiyinchilikka duch kelmoqda. Rus sinflarida kadrlar yetishmasligi bahonasida ayrim fanlar o'zbek tili o'qituvchilari tomonidan o'tilayotganligini qanday baholash mumkin? Bu esa rus sinflarida ta'lim-tarbiya olayotgan o'quvchilar va ota-onalarning qat'iy e'tiroziga sabab bo'layotir. Ushbu e'tirozlar yuzasidan bir necha marotaba soha mas'ullariga murojaat qilgan bo'lsakda, bu boradagi muammolar hamon davom etayotganligi tashvishli holatdir.
Yaqinda mamlakatimiz bo'ylab 21-oktyabr - O'zbek tili bayrami keng nishonlandi. Ushbu sana munosabati bilan tumanimizdagi barcha ta'lim muassasalarida faoliyat ko'rsatayotgan o'qituvchi va boshqa mutasaddilarning savodxonligini aniqlash maqsadida diktantlar olindi. Tuman maktablarining birida faoliyat ko'rsatayotgan mas'ul shaxsning kuyunib ta'kidlashiga ko'ra, o'qituvchilarning ko'pchilik qismi diktantdan past natijani qayd etishgan. Axir o'qituvchi o'quvchiga dars berish jarayonida xatolikka yo'l qo'ysa, buni qanday baholash mumkin?
Bugungi kunda tumanimizda maktabgacha ta'lim tashkilotlari va xususiy bog'chalar soni oshib, bolalarni bog'chalarga jalb qilish qamrovi oshib borayotganligi quvonchlidir. Ayniqsa, kelajagimiz vorislari bo'lgan jajji o'g'il-qizlarimizning o'qib-o'rganishlari, sport va boshqa turli xil to'garaklarda shug'ullanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Lekin bu boradagi ayrim muammo-larga to'xtalib o'tish, xato va kamchiliklarni bartaraf etish lozimligini ham alohida uqtirish kerak.
Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida yil davomida o'tkazilayotgan turli xil bayram tadbirlari katta shodiyonaga aylanmoqda. Yaqinda kuz mavsumi munosabati bilan barcha maktabgacha ta'lim muassasalarida "Hosil bayrami" va "Mehrjon bayrami" nishonlandi. Sahnadagi turli xil meva va sabzavotlar, poliz mahsulotlari suratlari aks etgan liboslardagi o'g'il-qizlar tomonidan ushbu tadbirga mos ijro etilgan she'r va qo'shiqlar, raqslar kishi qalbiga zavq bag'ishlaydi. Lekin ayrim bog'chalarning katta hovlisi qishloq xo'jaligi mahsulotlari - meva-sabzavotlar, poliz va boshqa ekin-tikinlar bilan to'lib-toshganligini ko'rib hayratga tushasiz. Qizig'i shundaki, ushbu ko'rgazmalar bolalar uchun tashkil qilinganmi yoki tashkilot rahbari kelib ko'rishi va ularga yuqori baho berishi uchun tashkil qilinganmi? Axir bolalar bog'chasi qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi soha emas-ku. Bayramlardagi bunchalik ortiqcha xarajat, ortiqcha dabdaba kimga kerak?
Xulosa qilib aytganda, ta'lim va tarbiya uzluksiz jarayon bo'lib, rivojlanayotgan dunyoga mos tarzdagi islohotlarni talab qiladi. Prezident ta'biri bilan aytganda, dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog'lom va bilimli avlodga bog'liq. Shu bois yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lida sog'lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur.
G.TINIBEKOVA.
Мавзуга оид:
Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30
Aholini ro‘yxatga olish — kelajak sari yangi qadam
- 31 июл, 12:42






