OQDARYO TUMANINI 2026-YIL I-CHORAGIDA KOMPLEKS IJTIMOIY-IQTISODIY RIVOJLANTIRISH TO'G'RISIDA Tuman hokimi T.Maxmudovning Xalq deputatlari tuman Kengashining yettinchi chaqiriq yigirma to'qqizinchi sessiyasidagi hisoboti


Assalom alaykum, hurmatli deputatlar!   Sessiya ishtirokchilari!
I. Hurmatli Prezidentimizning tashabbuslari bilan 2026-yil "Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili" deb e'lon   qilinganligi hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan siyosatining uzviy ajralmas qismiga aylandi.
Bu borada 2025-yil 25-noyabr kuni viloyatimizga qilgan tashriflari yakuni bilan 2025-yil 27-dekabrda qabul qilingan "Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to'g'risida"gi PQ-392-son qaroriga asosan Oqdaryo tumanida 2026-yilda amalga oshiriladigan eng ustuvor vazifalarimiz belgilab olindi.
Tumanda ishsiz aholini ish bilan ta'minlash, kambag'allikni qisqartirish, soha va tarmoqlarda tasdiqlangan Dasturlarda belgilangan loyihalarini o'z vaqtida ishga tushirish, to'g'ridan-to'g'ri investisiyalarni jalb etish, qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish hisobiga 2026-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,6 trln. so'mni (109,2%), qishloq xo'jaligi mahsulotlari hajmi 4,5 trln. so'mni (105,8%), xizmatlar hajmi 1,8 trln. so'mni (119,6%), chakana savdo aylanmasi hajmi 1,1 trln. so'mni (110,2%), qurilish-pudrat ishlari hajmi 0,9 trln. so'mni (114,5%), mahsulotlar eksporti hajmi 35,0 mln. dollarga (118,0%) ta'minlash ustuvor vazifa etib belgilandi.
Bu borada soha va tarmoqlarda olib borilgan tizimli ishlar natijasida 2026-yilning 1-choragida asosiy makroiqtisodiy ko'rsatkichlar uchun o'rnatilgan prognoz rejalar ijrosida sezilarli ijobiy natijalarga erishildi.
Jumladan,  sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish  hajmi 336,6 mlrd.so'mni (112,1%), qishloq xo'jaligi mahsulotlari hajmi 524,5 mlrd. so'mni (106,6%), xizmatlar hajmi 389,4 mlrd. so'mni (119,4%),chakana savdo aylanmasi hajmi 260,4  mlrd. so'mni (118,6%), qurilish-pudrat ishlari hajmi 290,8 mlrd. so'mga (111,1%) ijrosi ta'minlandi.
Tuman mahalliy byudjetining 2026-yil 1-chorak daromadlar tushumi prognozi 22,6 mlrd. so'mni tashkil etib, hisobot davrida 23,5 mlrd. so'mga yoki belgilangan rejaga nisbatan 104 foizga bajarilib, daromadlar rejasi 0,9 mlrd. so'mga orttirib bajarildi.
2026-yil uchun mahalliy byudjetning daromadlar rejasi 114,8 mlrd. so'm etib belgilangan bo'lib, yil yakuniga qadar 137,9 mlrd. so'mga ijrosini ta'minlash orqali (qo'shimcha 23,1 mlrd. so'mga) yoki 120 %ga ijrosi ta'minlanishi rejalashtirilgan.
Hurmatli deputatlar!
2026-yil davomida aholi daromadlarini oshirish, barqaror ish o'rinlarini yaratish hamda kambag'allikni qisqartirish maqsadida barcha imkoniyatlarni safarbar etgan holda 32 166 nafar aholining daromadini oshirish ustuvor vazifa etib belgilandi.
Shundan, 4673 nafardan ortiq aholi doimiy ish o'rinlari bilan ta'minlanib, tumanni ishsizlikdan holi hududga aylantirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Jumladan, investitsiya yo'nalishida 630 ta, xizmatlar yo'nalishida 935 ta, qishloq xo'jaligida 503 ta,   qurilishda 136 ta, bandlik bo'limi yo'nalishida 674 ta, tijorat banklarining kredit paketlari orqali 1795 ta yangi ish o'rinlari yaratiladi. 2781 ta yashirin ish o'rinlari soyadan chiqariladi.
Shu bilan birga, 24,7 mingdan ortiq aholining daromadlarini oshirish bo'yicha dasturlar doirasida ishlar amalga oshiriladi. Jumladan, tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash, xizmat ko'rsatish sohasini rivojlantirish hisobiga 386 ta, bandlik dasturlari hisobiga 3339 ta, tijorat banklarining loyihalari hisobiga 5260 ta, qishloq xo'jaligi yo'nalishida aholini mavsumiy band qilish hisobiga 7166 ta, ijtimoiy himoya yo'nalishi hisobiga 187 ta, pillachilik sohasida aholini mavsumiy band qilish hisobiga 7910 ta, mehnatsevar ayol dasturi hisobiga 464 ta aholining daromadlari oshiriladi.
2026-yil 1-choragida barcha imkoniyatlarni safarbar etgan holda 5311 nafar (148 foiz) aholi daromadli mehnat bilan ta'minlanadi.
Shundan, 771 nafar (105 foiz)  aholi doimiy ish o'rinlari bilan ta'minlandi. Jumladan, investitsiya yo'nalishida 27 ta, xizmatlar yo'nalishida 115 ta, qishloq xo'jaligida 77 ta, qurilishda 2 ta, bandlik bo'limi yo'nalishida 85 ta, tijorat banklarining kredit paketlari orqali 465 ta yangi ish o'rinlari yaratiladi. 965 ta (204 foiz)  yashirin ish o'rinlari soyadan chiqarildi.
Shu bilan birga, 3575 ta (151,0 foiz) aholining daromadlarini oshirish bo'yicha dasturlar doirasida ishlar amalga oshirildi. Jumladan, tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash, xizmat ko'rsatish sohasini rivojlantirish hisobiga 267 nafar, bandlik dasturlari hisobiga 905 nafar, tijorat banklarining loyihalari hisobiga 1234 nafar, qishloq xo'jaligi yo'nalishida aholini mavsumiy band qilish hisobiga 955 nafar, ijtimoiy himoya yo'nalishi hisobiga 31 nafar, mehnatsevar ayol dasturi hisobiga 183 nafar aholining daromadi oshirildi.
2026- yil davomida jami 350 ta mikroloyihalarni ishga tushirish hisobiga 2415 nafar aholi bandligini ta'minlash belgilangan.
Bu borada 1-chorak yakuni bilan 41 ta (117 foiz) mikroloyiha ishga tushirilib, 124 nafar  aholi bandligi ta'minlandi.
Xuddi shuningdek, "Aholini kambag'allikdan chiqarish" maqsadida belgilangan imkoniyatlardan keng foydalanib, joriy yilning 1-chorak yakuni bilan 520 fuqarolarga barqaror bandlik xizmatlari ko'rsatildi. Jumladan, 213 nafar ishsizlar doimiy ish bilan ta'minlandi, 61 nafariga dasturlar doirasida kredit va subsidiyalar ajratildi, 241 nafari tadbirkorlikka jalb qilindi, 5 nafari kasb-hunarga o'qitildi.
2026-yilda kambag'al oilalarni kambag'allik reyestridan chiqarish, doimiy daromad manbayi bilan ta'minlash hamda yangi ish o'rinlariga joylashtirish maqsadida 13 turdagi moliyaviy instrumentlar hamda tijorat banklarining imtiyozli kreditlari hisobiga jami 766,0 mln. so'm mablag'lar yo'naltiriladi.
2026-yil 1-chorak yakuni bilan 407 ta oila (1807 ta oila a'zolari) kambag'allikdan chiqarilib, kambag'allik darajasi 4,4 foizni tashkil qildi.
Bu borada eng asosiy vazifamiz 2026-yil yakuni bilan 1016 ta oila (4065 ta oila a'zolari) kambag'allikdan chiqarish, kambag'allikdan holi tumanga aylantirishdan iborat.
Hurmatli deputatlar!
Joriy yilning 24-aprel kuni hurmatli Prezidentimiz rahbarligida 2026-yil 1-chorak yakunlariga bag'ishlangan yig'ilishida bundan buyon joylarda maqsadli ajratiladigan kreditlarni sifat jihatdan yuqori bosqichga o'tkazish, har bir so'mlik ajratilgan kredit hisobiga yaratiladigan yangi ish o'rinlarining samaradorligi asosiy mezon etib belgilandi.
2026-yil 1-choragi davomida tumandagi kichik va o'rta biznes sub'yektlariga 80,3 mlrd. so'm kreditlar ajratildi, shundan dasturlar doirasida 36,1 mlrd. so'm kreditlar ajratildi. Jumladan:
"Kichik biznesni uzluksiz qo'llab-quvvatlash" dasturida 12,0 mlrd.so'm;
Oilaviy tadbirkorlik dasturlarida 9,8 mlrd. so'm;
Biznesga birinchi qadam dasturi doirasida 3,6 mlrd. so'm;
Mahalla loyihasi dasturi doirasida 10,7 mlrd. so'm.
Boshqa yo'nalishlarda 44,2 mlrd. so'm kredit mablag'lari ajratildi.
Shu bilan birga, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 2018-2025-yillar mobaynida ajratilgan 428 ta muammoli 5,6 mlrd. so'mlik (5 foiz) kreditlarni undirish yuzasidan ta'sirchan choralar belgilanadi.
Hurmatli deputatlar, sessiya ishtirokchilari!
Tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni va aholining turmush darajasini yanada yaxshilash bo'yicha olib borilayotgan ishlarni chuqur his etgan holda, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini yaxshilashda yangicha yondashish, tadbirkorlarimiz tomonidan mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko'rsatilishiga har tomonlama ko'maklashish, asosiy makroiqtisodiy ko'rsatkichlarning bajarilishi uchun rejalashtirilgan amaliy chora-tadbirlar dasturining ijrosini to'laqonli bajarish, ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanib, "drayver" loyihalarni ishga tushirish orqali yangi qiymatlar va yangi ish o'rinlari yaratish orqali xalqimizni rozi qilish asosiy maqsadimiz bo'lib qoladi.
II. Investisiya dasturiga asosan hududiy loyihalar doirasida 12,0 mlrd. so'mlik 3 ta loyihalar ishga tushirilib 55 ta yangi ish o'rinlari yaratildi.
Shuningdek, 1-chorakda 10,8 mln. dollar to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investisiyalar va kreditlar o'zlashtirilishi rejalashtirilgan bo'lib, chorak yakuni bilan 47,1 mln. dollarlik (o'sish 5,5 barobar) to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investisiyalar va xorijiy kreditlar o'zlashtirilishi ta'minlandi.
Misol uchun, "PURE MILKY OQDARYO" fermer xo'jaligi tomonidan chorvachilikni kengaytirish loyihasi bo'yicha 8,0 mln. dollarlik;
"ECO DRY FOOD" MCHJ tomonidan quritilgan mevalarni eksport loyihasi bo'yicha 5,1 mln.dollar bo'lgan xorijiy investisiyalar o'zlashtirildi.
2026-yilda umumiy qiymati 188 mln. dollarlik 10 ta yirik va muhimloyihalar shakllantirilgan.
Eksport salohiyatini oshirish borasida quyidagi ishlar olib borilmoqda:
2026-yilning 1-choragida mahsulotlar eksporti hajmi 14,7 mln dollar, o'sish 227 foizni tashkil etdi. Bunda, sanoat mahsulotlari eksporti 1,9 mln.dollar va meva-sabzavot mahsulotlari eksporti 12,8 mln.dollarni tashkil etdi.
2026- yil yakuni bilanjami 40 ga yaqin eksportyor korxonalar tomonidan 30 dan ortiq davlatlarga 44,0 mln. dollarlik mahsulotlarni eksportga chiqarish belgilangan bo'lib, shundan 9,3 mln. dollar sanoat mahsulotlari, 34,7 mln. dollarlik qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksport qilish rejalashtirilgan.
Hurmatli deputatlar!
III. Xabarlaringiz bor, davlatimiz rahbarining   tashabbuslari bilan 2026-yilda Oqdaryo tumaniga Davlat dasturlari doirasida 45 ta ob'yektlarni qurish va ta'mirlash uchun barcha manbalar hisobidan 182,318 mlrd.so'm mablag' ajratilgan. Bugungi kunda ushbu 45 ta ob'yektlarda qurilish ishlari boshlab yuborilgan.
Olib borilayotgan qurilishlar natijasida 859 ta yangi ish o'rinlari yaratildi. Jumladan;
- (PQ-392) Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish qaroriga asosan 17 ta ob'yekt uchun 32,830 mlrd.so'm ajratilgan. Bugungi kunda 17 ta ob'yektlarda pudratchi tashkilotlar aniqlanib, ushbu ob'yektlarda qurilish ishlari   olib borilmoqda. 
Olib borilayotgan qurilishlar natijasida 240 ta yangi ish o'rinlari yaratildi.  
- (PQ-393) Investisiya dasturi doirasidagi16 ta ob'yekt uchun 54,244 mlrd.so'm ajratilgan. Bugungi kunda 16 ta ob'yektlarda pudratchi tashkilotlar aniqlanib, ushbu ob'yektlarda qurilish ishlari  ishlar olib borilmoqda. 
Olib borilayotgan qurilishlar natijasida 216 ta yangi ish o'rinlari yaratildi.  
- (PQ-141) Qishloq joylarni rivojlantirish dasturi doirasida15 ta ob'yekt uchun 95,344 mlrd.so'm ajratilgan. Bugungi kunda barcha ob'yektlarda pudratchi tashkilotlar aniqlanib, 15 ta ob'yektlarda qurilish ishlari    olib borilmoqda.
Olib borilayotgan qurilishlar natijasida 324 ta yangi ish o'rinlari yaratildi.  
- (VM-495) Drayver loyihalarini ishga tushirish uchun 3 ta ob'yektlarga 4,6 mlrd.so'm ajratilgan. Bugungi kunda Yangiqo'rg'on hududidagi "Payshanba bozori" yo'lida ishlar davom ettirilmoqda. Qolgan 2 ta ob'yektlarda pudratchi tashkilotlar aniqlanmoqda.
Olib borilayotgan qurilishlar natijasida 22 ta yangi ish o'rinlari yaratiladi.  
- (PQ-49) Og'ir toifadagi 3 ta mahallalarni rivojlantirish uchun 9,0 mlrd.so'm ajratilgan. Bugungi kunda barcha ob'yektlarda pudratchi tashkilotlar aniqlanib, 3 ta ob'yektlarda pudratchi tashkilotlar aniqlanmoqda. Olib borilayotgan qurilishlar natijasida 15 ta yangi ish o'rinlari yaratiladi. "Yangi O'zbekiston qiyofasidagi" mahalla maqomi berilgan 2 ta mahalla uchun, 10,0 mlrd.so'm ajratilgan. Bugungi kunda loyiha hujjatlari ekspertizadan o'tkazilmoqda. Olib borilayotgan qurilishlar natijasida 10 ta yangi ish o'rinlari yaratiladi.  Abu Dabi jamg'armasi mablag'lari hisobidan 1 ta ob'yekt uchun 8,2 mlrd.so'm ajratilgan. Bugungi kunda barcha ob'yektlarda pudratchi tashkilotlar aniqlanib qurilish ishlar olib borilmoqda. Olib borilayotgan qurilishlar natijasida 15 ta yangi ish o'rinlari yaratiladi.  
Tashabbusli byudjet dasturi doirasida 8 ta ob'yektlar uchun 13,0 mlrd.so'm ajratilgan. Bugungi kunda 4 ta ob'yektlarda loyiha smeta hujjatlari tayyorlanmoqda. Qolgan 4 ta ob'yektlarda pudratchi tashkilotlar aniqlash uchun shaffof tizimiga kiritilgan. Olib borilayotgan qurilishlar natijasida 27 ta yangi ish o'rinlari yaratiladi.
Bundan tashqari, tumanimizda Muhtaram Prezidentimiz yaratib bergan imkoniyatlardan foydalanib "Islom taraqqiyoti banki ishtirokida "Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 141-sonli qarori asosida suv ta'minoti mavjud bo'lmagan 5 ta mahallalarda ("Kumushkent", "Oqdaryo", "Temirak" va "Yangiobod")17 ta  suv inshootlari va 90 km tarmoq tortish hamda 3 ta maktab va maktabgacha ta'lim muassasalari jami 42,5 mlrd so'mlik yangi qurilish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirilib, foydalanishga topshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan hamda aholi tomonidan ko'plab murojaatlar kelib tushishini inobatga olib, hozirgi kunda Oqdaryo tumani O'zbekiston, Z.M.Bobur va Amir Temur mahalla hududlarida 2,0 km dan piyodalar yo'lagi barpo etilmoqda hamda Pichoqchi mahallasida ham "RISE PROJEKT"MCHJ tomonidan 1,3 km qismida piyodalar yo'laklari qurilib tungi yoritish chiroqlari o'rnatilmoqda.
Hurmatli sessiya ishtirokchilari!
IV. 2026-yilda Oqdaryo tumanida qishloq xo'jaligi sohasida tizimli va manzilli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan bo'lib, ushbu yo'nalishda aniq maqsadli ko'rsatkichlar belgilab olindi.
2026- yil hosili uchun 2134 gektar asosiy, 8591 gektar takroriy, bog' va tok qator oralariga 926 gektar  maydonlarga qishloq xo'jalik ekinlari ekilib, 118,0 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Bu yil qishloq xo'jaligida pilla yetishtirishda alohida yondashuv asosida ishlar tashkil etildi.
"Ishtixon silk" MCHJ tomonidan 6134 quti pilla urug'i Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelingan kafolatlangan urug'liklar hisobidan tarqatildi.
Fermer xo'jaliklari bilan tuzilgan 452 ta shartnomalar asosida 1 mlrd. 016 mln.so'm avans mablag'lari to'lab berildi. 2918 nafar mavsumiy ishchilar bandligi ta'minlandi.
Joriy yil 368 tonna yetkazib beriladigan pilla xom-ashyosiga o'rtacha 1 kg.ga  40 ming so'mdan korxona tomonidan, shuningdek, PQ-87-sonli qaror talablari asosida 15 ming so'mdan subsidiya ajratilishi kafolatlandi.
Qishloq xo'jaligida g'allachilik sohasida ayni vaqtda 2026-yil hosili uchun 9610 gektar maydonga g'alla parvarish qilinib, rejalashtirilgan barcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish natijasida 96,1ming tonna don yetishtirish va hosildorlikni 100 sentnerga yetkazish uchun zamin yaratildi.
Har bir gektar g'alla maydoniga o'rtacha 600-650 kg. dan azotli mineral o'g'itlar berilib, 100 foiz begona o'tlarga qarshi kimyoviy preparatlar yordamida ishlov berildi.
Yana bir muhim masala, aholini oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bo'yicha belgilangan chora-tadbirlarni ijrosini ta'minlashdan iborat.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi "Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida"gi PF-36-son Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida aholi ehtiyoji uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish va oyma-oy bozorlarga chiqarish ishlarni moliyalashtirish uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash jamg'armasi tashkil etildi.
Bozordagi narx dinamikasi, aholi ehtiyoji va mavjud zaxiralar hajmidan kelib chiqqan holda indikativ (yo'naltiruvchi) xarid narxlarini belgilash, bozor narxlariga yaqin shartlarda va cheklangan hajmlarda mahsulotlarni sotib olish hamda zaxiralarni shakllantirish maqsadida tuman hokim-ligi huzurida tashkil etilgan "Oziq-ovqat jamg'arma"sida shakllangan mablag'lardan samarali foydalanish uchun xususiy sektor korxonalari bilan shartnomalar asosida ishlar amalga oshirilmoqda.
Tuman aholisini sifatli hamda arzon oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi mahsulotlari bilan doimiy ta'minlash, narx-navoning keskin oshib ketishini oldini olish hamda inflyasiya darajasini pasaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 2025-2026-yil qish va bahor mavsumi uchun tumandagi 12 ta tayyorlov tashkilotlari tomonidan jami 1890 tonna, shundan 915 tonna kartoshka,  481 tonna piyoz, 215 tonna sabzi hamda 279 tonna guruch mahsulotlari zaxirasi jamg'arish belgilangan bo'lib, ushbu jamg'arilgan mahsulotlar tasdiqlangan grafik asosida qish va bahor oylarida aholiga qulayliklar yaratilgan holda, tashkil qilingan yarmarkalarda arzon narxlarda yetkazib berilmoqda.
Hurmatli sessiya ishtirokchilari!
V. Tumanda yoshlar siyosatini samarali amalga oshirish, ularning bandligini ta'minlash borasida tizimli va manzilli ishlar olib borilmoqda.
"Og'ir"toifadagi 624 nafar ishsiz yoshlar bandligi 100 foizga ta'minlandi. Jumladan, 236 nafar yoshlar doimiy ish o'rinlariga joylashtirildi, 105 nafar yoshlar tadbirkorlikka yo'naltirildi, 58 nafar yoshlar ustoz-shogird an'analari asosida hunarmandchilik faoliyatiga yo'naltirildi, 69 nafar yoshlar o'zini-o'zi band qilish yo'nalishlarida bandligi ta'minlandi.
Shu bilan birga, har payshanba "Yoshlar kuni"da shaxsan rahbarlar tomonidan yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida sport musobaqalari, madaniy-ma'rifiy tadbirlar, tumanimizda joylashgan ishlab chiqarish korxonalarida "Ochiq eshiklar kuni" va turli to'garaklar faoliyati tashkil etildi. Ayniqsa, futbol, kurash, shaxmat kabi sport turlari bo'yicha ommaviy musobaqalar muntazam o'tkazilmoqda.
Besh tashabbus olimpiadasi doirasida 45 ming nafardan ortiq yoshlarning ishtiroki ta'minlandi. Harbiy-vatanparvarlik tadbirlari doirasida spektakllar, sport o'yinlari va huquqiy tanlovlarga 1,5 ming nafar yoshlar jalb etildi. Ommaviy va etno sport turlariga aholini sportga qiziqtirish maqsadida tashkil etilgan musobaqalarda 841 nafar ishtirokchi qamrab olindi.
Yoshlarning bilim va malakasini oshirish bo'yicha quyidagi natijalar qayd etildi:
Til o'rganish: "Ibrat" loyihasi doirasida chet tillarini ommalashtirish bo'yicha 780 nafardan ortiq yoshlar tadbir va loyihalarga qamrab olindi;
Kitobxonlik va madaniyat: 75 marotaba "Gulxan atrofida suhbat" kechalari va konsert dasturlarida o'tkazildi;
Jismoniy imkoniyati cheklangan 212 nafar shaxs adaptiv sport mashg'ulotlariga jalb qilindi.
Jinoyatchilikning oldini olish yo'nalishida profilaktik ishlar kuchaytirilib, mahalla, ichki ishlar va ta'lim muassasalari hamkorligida tizimli ishlar olib borilib, yil oxiriga qadar jami 556 ta tadbirlar o'tkazilishi rejalashtirildi. Huquqbuzarlikka moyil hamda nazoratdagi fuqarolar bilan individual reja asosida ishlanib, ularning ijtimoiy muammolari bartaraf etish choralari ko'rilib doimiy nazorat o'rnatilmoqda.
Natijada, tumanda sodir etilayotgan jinoyatlar soni sezilarli darajada kamayib, ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorlashmoqda. "Qizil" toifadagi mahallalar ro'yxatiga qayt etilgan Po'latdarxon, Dahbed, Mustaqillik, Zarafshon hamda "Og'ir" toifadagi mahalla toifasiga kiritilgan Yangiobod, Yangiqo'rg'on, Paxtaobod, Navro'z mahallalari yil yakunida "Yashil" toifadagi mahallalar toifasiga kiritilib, tuman jinoyatchilik va huquqbuzarlikdan holi hududga aylantiriladi.
Ta'lim tashkilotlarida o'quvchilarning ota-onalari tomonidan har oyda bir marotaba farzandining dars jarayonlariga ishtirok etishi va tahlil qilishi tajribasi yo'lga qo'yilib, jamoatchilik nazorati kuchaytirildi. Nuroniylardan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilib, doimiy ravishda ta'lim va tibbiyot muassasalari tahlil qilinib kelinmoqda.
2026-yil uchun belgilangan maqsadli ko'rsatkichlar ijrosi tahlili shuni ko'rsatadiki, qator yo'nalishlarda sezilarli natijalarga erishildi. Jumladan, umumta'lim maktablariga jalb etilgan xorijiy mutaxassislar soni 8 nafarni tashkil etdi. Bu esa ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan xalqaro hamkorlikning amaliy natijasi sifatida baholanadi. Shu bilan birga, V2 darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega o'qituvchilar ulushi 74,3 foizni tashkil etgani ta'lim tizimida sifat ko'rsatkichlari yuqori darajaga ko'tarilayotganini anglatadi. Bundan tashqari, V2 va undan yuqori darajadagi milliy hamda xalqaro sertifikatga ega xorijiy til o'qituvchilari soni 146 nafarga yetdi. Bu ko'rsatkich o'qituvchilarning kasbiy rivojlanishiga alohida e'tibor qaratilayotganini ko'rsatadi.
Maktabgacha ta'lim sohasida ham ijobiy o'zgarishlar kuzatilib, 3-6 yoshli bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi 82,3 foizni tashkil etgan. Bu esa bolalarni erta ta'lim bilan qamrab olish darajasi ortib borayotganidan dalolat beradi.
2026- yil yakuniga qadar bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasini 84,1 foizga yetkazish eng asosiy vazifamiz hisoblanadi. Mahallalarda xotin-qizlar orasida "Sog'lom turmush tarzi" va "Sog'lom ovqatlanish"ni targ'ib qilish maqsadida 35 ta mahallaning har biriga ta'lim tashkilotlari va tibbiyot muassasalaridan vakillar biriktirilib chiqildi. Tumandagi mavjud 35 ta mahallaga tuman tashkilot rahbarlari biriktirilib, ular tomonidan mahallalarni kompleks rivojlantirish, ishsizlik va jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
2026-yil 1-choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish doirasida sog'liqni saqlash va aholi salomatligini mustahkamlash yo'nalishida qator muhim natijalarga erishildi. Jumladan, 18-40 yoshdagi aholini profilaktik ko'riklardan o'tkazish ko'rsatkichi 17 414 nafarni tashkil etdi. Shu bilan birga, 45-65 yoshdagi ayollarni ko'krak bezi skriningidan o'tkazish 1240 nafarga yetkazildi. Bolalar salomatligini muhofaza qilish bo'yicha ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 1-18 yoshli voyaga yetmagan bolalarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish 13 574 nafarni tashkil etdi. 2-10 yoshli bolalarda gelmintozni erta aniqlash maqsadida o'tkazilgan tibbiy tadbirlar natijasida 7 645 nafar bola qamrab olindi. Shuningdek, boshqariluvchi yuqumli kasalliklar bo'yicha epidemiologik tadbirlar doirasida 8 410 nafar aholi qamrab olindi. Bu esa aholi o'rtasida kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash ishlari tizimli ravishda amalga oshirilayotganini ko'rsatadi.
XALQ DEPUTATLARI TUMAN KENGASHINING  SESSIYASI
Joriy yilning 20-may kuni  tuman hokimligida Xalq deputatlari Oqdaryo tuman Kengashining yettinchi chaqiriq, yigirma to'qqizinchi sessiyasi bo'lib o'tdi. Sessiya ishini Xalq deputatlari  tuman Kengashining raisi Akbar Abdusaidov boshqarib bordi.
Sessiyada Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati Ilhom Botirov, tuman hokimi Temur Maxmudov, tuman Kengashi deputatlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda tegishli idora va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.
Sessiya ishida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan mas'ullarning hisobotlari eshitildi va deputatlar tomonidan atroflicha muhokama etilib, tegishli qaror loyihalari qabul qilindi.
 Sessiyada tuman hokimi Temur Maxmudovning 2026-yilda Oqdaryo tumanini ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha ustuvor vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlarining 2026-yil  I chorakdagi ijrosi yuzasidan hisoboti eshitildi va deputatlar tomonidan atroflicha muhokama etilib, tegishli qaror loyihalari qabul qilindi.
 (Tuman hokimi Temur Maxmudovning sessiyada qilgan hisoboti gazetamizning ushbu sonida e'lon qilinmoqda).