2026-yil -"Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili" Har bir xotin-qiz o'z hayotidan rozi bo'lib yashasin
Bugungi kunda tumanimizda 178,8 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 87,6 ming nafarini, ya'ni 49 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Tumanda 45 186 ta oila mavjud bo'lib, ularning 6 506 tasi 30 yoshgacha bo'lgan yosh oilalar hisoblanadi.Tumandagi 35 ta mahallada 23 nafar xotin-qizlar faoli aholi bilan bevosita ishlab kelmoqda.
I. Xotin-qizlarning ijtimoiy ahvolini o'rganishva muammolarini manzilli hal etish
Joriy yilda xotin-qizlarning ijtimoiy ahvolini o'rganish, ularning muammolarini aniqlash va manzilli yordam ko'rsatish maqsadida "Xotin-qizlar balansi" tizimi joriy etildi.
Bugungi kunga qadar tumandagi 87 671 nafar xotin-qizdan 59 889 nafarining ma'lumotlari xatlovdan o'tkazilib, Ayol.gov.uz elektron platformasiga kiritildi. Bu umumiy ko'rsatkich- ning 68,3 foizini tashkil etadi.
O'rganishlar natijasida 3 084 nafar ishsiz hamda 1 891 nafar og'ir toifadagi xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal etish maqsadida tuman darajasidagi 35 nafar rah-barga biriktirildi.
Eng muhimi, har bir xotin-qizning muammosi bo'yicha individual dasturlar shakllantirilib, ularni ish bilan ta'minlash, kasb-hunarga o'qitish, ijtimoiy va moddiy qo'llab-quvvatlash choralari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligini ta'minlash, ularni doimiy daromad manbaiga ega qilish maqsadida kasb-hunarga o'qitishva bandligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 10 oyi davomida:
-168 nafar xotin-qiz Vaucher dasturi asosida;
-213 nafari Savdo-sanoat palatasi orqali;
-244 nafari Jahon banki loyihasi doirasida kasb-hunarga o'qitilib, sertifikatlarga ega bo'ldi.
II. Xotin-qizlar bandligini ta'minlashva tadbirkorligini rivojlantirish
Ushbu yo'nalishda o'qitilgan xotin-qizlarning 196 nafarining bandligi ta'minlandi.
Shuningdek, 2026-yilning 10 oyi davomida 212 nafar xotin-qiz davlat sektorida, 244 nafari xususiy sektorda, 124 nafari fermer va dehqon xo'jaliklarida ish bilan ta'minlandi. Yana 4 169 nafar xotin-qiz o'zini o'zi band qilish orqali daromad toppish imkoniyatiga ega bo'ldi.
Bundan tashqari, 16 nafar norasmiy sektorda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning bandligi legallashtirildi.
Tumandagi 35 ta mahallada xotin-qizlar bandligini ta'minlashva salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil etilgan bo'lib, ushbu markazlar orqali 164 nafar xotin-qizning bandligi ta'minlandi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish borasida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Jumladan, joriy yilda tadbirkorlik qilish istagida bo'lgan xotin-qizlarga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Xalq banki tomonidan sentyabr oyida 124 nafar xotin-qizga jami 2 milliard 724 million so'm imtiyozli kredit mablag'lari ajratildi.
Yil boshida tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 318 nafar xotin-qizning barchasiga kredit mablag'lari ajratilib, tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yishga ko'maklashildi.
Misol uchun, YATT O'ktamova Nargiza Shuhrat qiziga savdo faoliyatini rivojlantirish uchun 100 million so'm, YATT Nozimova Shahlo Amirovnaga to'xtab qolgan tadbirkorlik faoliyatini tiklash uchun 100 million so'm, YATT Ashirova Suluv Azizbek qiziga tikuvchilik faoliyatini yo'lga qo'yish uchun 100 million so'm, YATT Turdimurodova Gulshan Yo'lchiboy qiziga tikuvchilik faoliyati uchun 100 million so'm imtiyozli kredit ajratildi.
III. "Ayollar daftari" orqali manzilli yordam ko'rsatish
2026-yilda tumanda "Ayollar daftari"ning 7-bosqichiga jami 4 970 nafar xotin-qiz kiritilgan.
Bugungi kunga qadar:
· 2 045 nafarining bandligi ta'minlandi;
· 318 nafariga imtiyozli kredit ajratildi;
· 3 nafarining uy-joyi ta'mirlab berildi;
· 3 nafari ijtimoiy uylarga joylashtirildi;
· 126 nafariga psixologik yordam ko'rsatildi;
· 484 nafariga tibbiy yordam berildi;
· 22 nafariga bepul jarrohlik amaliyoti o'tkazib berildi;
· 1 971 nafariga malakali huquqshunoslar tomonidan huquqiy yordam ko'rsatildi.
IV. Oilaviy ajrimlarning oldini olishva oila institutini mustahkamlash
Joriy yilning 10 oyi davomida tumanda 170 ta oilaviy ajrim qayd etildi. O'tgan yilning shu davrida esa bu ko'rsatkich 209 tani tashkil etgan. Demak, oilaviy ajrimlar 39 taga kamaydi. Bu albatta, oilalar bilan manzilli ishlash, mahalla tizimidagi profilaktik tadbirlar, nizoli oilalarni yarashtirish va xotin-qizlar faollarining sa'y-harakatlari natijasidir. E'tiborli jihati shundaki, yil boshida tumanda ajrim yoqasida turgan 149 ta oila aniqlangan bo'lib, olib borilgan tushuntirish, maslahat va yarashtirish ishlari natijasida ularning 106 tasi qayta yarashtirildi. Shuningdek, mahallalarga oilaviy nizolar sababli murojaat qilgan 112 ta oilaning 82 tasidagi muammolar ijobiy hal etildi. Ya'ni, nizoli oilalar bilan ishlashda faqat ajrim sodir bo'lgandan keyin emas, balki ajrimning oldini olish bosqichida ham amaliy choralar ko'rilmoqda.
Tumandagi "Oila va xotin-qizlar maskani"da nikohdan o'tish istagida bo'lgan yoshlarni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash maqsadida 16 soatlik o'quv mashg'ulotlari tashkil etilgan. Hisobot davrida nikoh uchun ariza bergan 638 nafar yoshdan 569 nafari ushbu o'quvlarga jalb qilinib, oilaviy munosabatlar, er-xotinning huquq va majburiyatlari, farzand tarbiyasi, oilaviy byudjet va sog'lom oilaviy muhitni shakllantirish bo'yicha bilim va ko'nikmalarga ega bo'ldi.
Shu bilan birga, bu yo'nalishda hali amalga oshirishimiz lozim bo'lgan ishlar ham mavjud. Jumladan, nikohlanuvchi yoshlarning barchasini oilaviy hayotga tayyorlash o'quvlariga qamrab olish, mahalla yettiligi, xotin-qizlar faollari va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalari o'rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish talab etiladi.
Bizning asosiy maqsadimiz faqat ajrimlar statistikasini kamaytirish emas, balki har bir oilani saqlab qolish, farzandlarning ota-ona bag'rida, sog'lom muhitda voyaga yetishini ta'minlashdan iborat.
V. Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish
Xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfa-atlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik holatlarining oldini olishbo'yicha ham manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda tumanda 347 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan. Bu o'tgan yilning mos davridagi 160 taga nisbatan 187 taga ko'p.
Ushbu ko'rsatkichning ortishi, bir tomondan, aniqlangan murojaatlar va holatlarga o'z vaqtida huquqiy chora ko'rilayotganini ko'rsatsa, ikkinchi tomondan, zo'ravonlikning oldini olishbo'yicha profilaktik ishlarni yanada kuchaytirish zarurligini anglatadi. Himoya orderi berilgan xotin-qizlarning holati muntazam o'rganilib, ularga huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko'rsatish choralari ko'rilmoqda.
Shuningdek, 35 ta mahallada 144 marotaba huquqiy targ'ibot tadbirlari, 160 marotaba erta nikoh va erta tug'ruqning oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlari o'tkazildi.
Joriy yilda erta nikoh holatlari qayd etilmagan. Xotin-qizlar o'rtasida jinoyatchilikning oldini olish ham muhim vazifalarimizdan biridir. Afsuski, joriy yilning 10 oyida xotin-qizlar tomonidan 9 ta jinoyat sodir etilgan bo'lib, bu o'tgan yilning mos davriga nisbatan 6 taga ko'pdir. Jinoyat turlari bo'yicha og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar sodir etilmadi, asosan firibgarlik, o'g'irlik va mayda bezorilik salmog'iga to'g'ri keladi.
Bu esa mahallalarda huquqiy targ'ibotni kuchaytirish, ijtimoiy profilaktika va bandlik bilan bog'liq ishlarni yanada manzilli tashkil etish zarurligini ko'rsatadi.
VI. Xotin-qizlar salomatligini mustah-kamlashva onalikni muhofaza qilish
Xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni erta aniqlash va sog'lom avlodni voyaga yetkazish borasida tuman tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tug'ish yoshidagi 35 310 nafar xotin-qiz profilaktik tibbiy ko'rikdan o'tkazildi. 19 268 nafar xotin-qiz kontrasepsiya vositalari bilan ta'minlandi. Bachadon bo'yni saratonini erta aniqlash maqsadida 7 562 nafar ayoldan 5 216 nafari skriningdan o'tkazilib, 5 nafarida xavfli o'sma kasalligi aniqlandi.
Shuningdek, 45-65 yoshli 7 712 nafar ayoldan 5 384 nafari mammologik skriningdan o'tkazildi. Tekshiruvlar natijasida 4 nafar ayolda ko'krak bezi saratoni, 22 nafarida esa kasallik xavfi aniqlanib, tegishli davolash choralari ko'rildi. Joriy yilda tumanda 3 241 nafar homilador ayol ro'yxatga olingan bo'lib, ularning 3 001 nafari ultratovush tekshiruvidan o'tkazildi.
Shuningdek, og'ir va surunkali kasalliklarga chalingan 504 nafar xotin-qizni sog'lomlashtirish bo'yicha ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 22 nafariga jarrohlik amaliyoti o'tkazildi, 420 nafari dori-darmon bilan ta'minlandi, 60 nafari stasionar va ambulator sharoitda davolandi.
VII. Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishva gender tenglikni ta'minlash
Tumanda xotin-qizlarning jamiyatdagi o'rnini mustahkamlash, ularning boshqaruv va rahbarlik lavozimlaridagi ulushini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda tumanda 226 nafardan ortiq xotin-qiz turli sohalarda rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 154 nafar lider ayoldan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirilib, ularning salohiyatini ro'yobga chiqarish, rahbarlik lavozimlariga tay-yorlashbo'yicha ishlar olib borilmoqda. Tumanda 350 nafar iqtidorli va tashabbuskor qiz aniqlanib, ularning ta'lim, ilm-fan, sport, madaniyat va tadbirkorlik yo'nalishlaridagi qobiliyatlarini rivojlantirishga ko'maklashilmoqda. Ta'kidlash joizki, Oqdaryo tuman hokimligi 2024-yilda gender tenglik faoli ko'rik-tanlovida respublika miqyosida faxrli 3-o'rinni egallagan. Tumanda "Mo'tabar ayol" ko'krak nishoni bilan o'tgan yil davomida 4 nafar ayollar taqdirlangan hamda ikki nafar iqtidorli va iste'dodli qizlar "Zulfiya" nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo'ldilar.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 402-sonli qarori asosida tumanimizda 36 nafar ehtiyojmand olilardagi xotin-qizlarga oliy ta'lim muassasalarida qo'shimcha davlat granti olish uchun tavsiyanomalar berildi. Shuningdek, 322-sonli qarori asosida 12 nafar xotin-qizlarga tavsiyanomalar berildi.
Bu natija tumanda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning rahbarlik salohiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar e'tirofidir. Biroq erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasligimiz kerak.
Kelgusida:
· oilaviy ajrimlarni yanada kamaytirish va har bir nizoli oila bilan manzilli ishlash;
· nikohlanuvchi yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash qamrovini 100 foizga yetkazish;
· ishsiz va og'ir toifadagi xotin-qizlarning muammolarini individual dasturlar asosida hal etish;
· xotin-qizlar tadbirkorligini kengaytirish va yangi ish o'rinlari yaratish;
· tazyiq va zo'ravonlik holatlarining oldini olish bo'yicha idoralararo hamkorlikni kuchaytirish;
· xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilish va kasalliklarni erta aniqlash ishlarini izchil davom ettirish asosiy vazifalarimiz bo'lib qoladi.
Bir so'z bilan aytganda, asosiy maqsadimiz - har bir xotin-qiz o'z hayotidan rozi bo'lib yashashi, iqtisodiy jihatdan mustaqil bo'lishi, huquqlari himoya qilinishi va har bir oilada tinchlik-totuvlik hukm surishini ta'minlashdan iborat.
Yulduz O'roqova,
tuman hokimi o'rinbosari - Oila va xotin-qizlar bo'limi boshlig'i.
Мавзуга оид:
BOSH MAQSADIMIZ - XOTIN-QIZLARNI QO'LLAB-QUVVATLASH
- 02 сен, 10:02
Asosiy maqsadimiz - xalq sog'ligini muhofaza qilish
- 18 мар, 10:57
Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30




