Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?

1. Notavlat tashkiloti nima, bu qanday tashkilot?
2. Nodavlat tashkiloti mablag'ni qayerdan topadi, ular ham maosh olishadimi?
3. Xalq uchun kerakli barcha vazifalarni davlat tashkilotlari bajaryapti-ku, nodavlat tashkiloti nima uchun kerak?
4. Nega "nodavlat", bu tashkilot davlatniki emasmi, yo, davlatga qarshi tashkilotmi? Nodavlat tashkilotlarining xalqaro tajribalari qanday?
5.NNTlarning loyihalari uchun davlat tomonidan millionlab, milliardlab mablag'lar ajratilyapti, siz ham grantlar yutayapsiz, maosh olyapsiz, ofisingiz, hamma sharoitingiz bor, aytingchi, biz ham ishlasak, tashkilot ochsak, loyiha yozib grant tanlovlarida qatnashib, pul topsak bo'ladimi?
Barchamizga ma'lumki, har qanday tashkilot, davlat tashkilotimi, yoki, nodavlat tashkilotimi, barchasi ona vatanimizda xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun zarur bo'lgan vazifalarni bajarish, muammolarini hal qilish, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun O'zbekiston konstitutsiyasi qonunlari asosida tuziladi. O'z mutaxassisligini yaxshi bilgan, tashabbuskor, hukumatimizning siyosiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy rivojlanishida ijtimoiy hayot barqarorligini ta'minlovchi taklif va g'oyalariga ega bo'lgan, erkin fuqarolik jamiyatini bunyod etish va rivojlantirishga o'z hissasini qo'shishni istagan fuqarolar o'zining nodavlat notijorat tashkilotini tuzishi, Respublika Adliya vazirligi, yoxud, vazirlikning viloyat bo'limlaridan qonuniy, davlat ro'yxatidan o'tib, mustaqil ish faoliyatlarini boshlashi mumkin.
Nodavlat tashkilotlari o'zini o'zi mablag' bilan ta'minlovchi tashkilot bo'lib, mablag' topish imkoniyatlari: a'zolardan tushgan badallar, homiy tashkilotlarning moddiy yordamlari, davlat grantlari, ijtimoiy buyurtmalar hamda xalqaro grantlar va boshqa qonunda belgilangan tushumlardan iborat. Nodavlat tashkilotlari huquqiy shaxs sifatida o'zining ustavi, nizomi, banklardagi hisob raqamlari va muhr, shtamplari, ramzlariga ega mustaqil tashkilotdir. Nima uchun "nodavlat?" degan savolga qisqa va lo'nda javob shu, nodavlat tashkilotlari davlat byudjetidan maosh olmaydigan, o'zini o'zi mablag' bilan ta'minlovchi tashkilotdir.
Yuqorida bayon etilgan va bizga har doim beriladigan beshta savol esa, shuni anglatadiki, fuqarolarimiz davlat tashkilotlarini, ayniqsa, o'z muammolari, zarurat va ehtiyojlari, muhtojliklari sababli murojaat qilayotgan tegishli davlat tashkilotlarini yaxshi biladilar. Nodavlat tashkilotlarini esa, kamdan-kam biladilar, ayniqsa, chekka tuman va qishloqlardagi yurtdoshlarimiz, vaholanki, ayrim davlat tashkilotlarida ishlayotgan rahbarlarimiz ham nodavlat tashkilotlari haqida mana shunday birlamchi, oddiy savollarni ko'p beradilar.
Men nafaqaga chiqqanimdan so'ng 2014- yilda tumanimizda tugatilib ketgan Xalqaro "Oltin meros" jag'armasini qaytadan ochib, adabiyot, san'at, milliy urf-odatlarimiz hamda tarixiy yodgorliklarimizni asrab-avaylash, rivojlantirish sohasidagi davlat tashkilotlarida ishlab orttirgan tajribalarimni, qonunchilik va islohatlarni hayotga tadbiq etish, jamoat tashkilotlari va jamoatchilik nazorati bo'yicha amalga oshirgan targ'ibot ishlarimni nodavlat tashkilotimning rahbari sifatida yana davom ettirmoqdaman. Aslida, xalqaro rivojlangan erkin fuqarolik jamiyatlarining tajribasida uchta sektor mavjud bo'lib, birinchisi davlat sektori, ikkinchisi biznes sektor, uchinchisi nodavlat sektoridir. (Bugungi ijroiya hukumatimiz tajribasidagi mavjud 4 ta sektor bundan mustasno) Nodavlat sektori davlat va biznes sektorining ajralmas qismi bo'lib, ikkala sektor bilan muqobil ravishda rivojlanadigan tizimdir.
Biznes sektor homiylik to'g'risidagi qonun asosida fuqarolik jamiyatining rivojlanishi uchun ixtiyoriy tarzda, faoliyatlari va manfaatlariga mos ravishda nodavlat sektorlariga homiylik qiladi. Davlat sektori qonuniy nazorat hamda muvofiqlashtiruv ishlarini amalga oshiradi. Rivojlangan mamlakatlarning tajribalarida nodavlat tashkilotlari davlat tashkilotlari bilan muqobil ravishda erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun xizmat qiladi. Barcha vazirliklar va davlat qo'mitalarining faoliyatlari sohasida nodavlat tashkilotlari mavjud bo'lib, muqobillik, raqobatchilik asosida o'zaro bahs, tahrir, debatlar, takliflar orqali mavjud qonunchilik hamda qaror va farmonlarga, yoxud, tartib-qoidalarga o'zgartirishlar, qo'shimchalar kiritishni tegishli tashkilotlar, senat va parlamentlariga taklif etadilar. Rivojlangan mamlakatlarning nodavlat sektorlarida siyosiy va iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy-ma'rifiy sohalarda katta tajriba orttirgan senatorlar, deputatlar, rahbarlar, olim va tadbirkorlar, biznes sektorining liderlari faoliyat olib boradilar. Shuning uchun nafaqaga chiqqan, yoki davlat ishlaridan, rahbarlikdan bo'shatilgan, tajribali, iqtidorli mutaxassislarning shaxsiy hayotida, ish faoliyatlarida ishsizlik muammosi bo'lmaydi. Ular o'z mutaxassisliklariga oid nodavlat tashkilotlarida ishlarini davom ettiradilar, yoki yangi nodavlat tashkiloti tuzib, jamiyat taraqqiyotida o'z o'rinlarini topib, boshlagan ishlarini, g'oyalarini amalga oshirishda davom ettiradilar, tashkilotlari va xodimlarining kelajagi, manfaatlari uchun kurashadilar.
Tabiiyki, yana bitta savol tug'iladi: faqat homiylik yordami, yoki grant mablag'lari bilan qanday qilib moliyaviy baquvvat nodavlat tashkiloti tuzish mumkin? Xalqaro hamda O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari qonunchiligida ham amaldagi qonun va qonun osti hujjatlari asosida ruxsat etilgan lisenziyalar orqali nodavlat notijorat tashkilotlari ishlab -chiqarish va biznes sohalarida faoliyat ko'rsatishlari mumkin. Bu borada qonunchiligimizda belgilangan imtiyozlar ham mavjud.
Nodavlat notijorat tashkilotlari mening nazarimda hali to'liq ochilmagan qo'riqdek. Keyingi yillarda hukumatimiz tomonidan berilayotgan e'tibor va qonunchiligimizdagi imkoniyatlardan to'liq foydalanmoqdamiz deyishdan istihola qilaman. Tashkilotimiz ochilgandan buyon bugunga qadar oradan o'tgan qariyb o'n yil ichida men ham yuqorida berilgan beshta savolni juda ko'p eshitdim va tajribam, ish faoliyatim asosida barcha yurtdoshlarim, volontyorlarimning savollariga javob berib kelmoqdaman. Tashkilotimiz ish faoliyati davrida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondining ko'plab grant tanlovlarida ishtirok etdi va 4 ta loyihamiz g'olib bo'lib, moliyaviy hamda ishlash imkoniyatlarimiz, ofisimiz shart-sharoitlarini to'liq yaratib oldik. Ijtimoiy sherikchilik qonuni asosida tumanimizning davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlab, fuqarolik jamiyatimizning rivojlanishiga o'z hissamizni qo'shib kelmoqdamiz.
2021-yil noyabr oyida O'zbekiston Res-publikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida respublikamizning barcha viloyatlaridan tanlov asosida saralab olingan 50 nafar nodavlat notijorat tashkilotlari rahbar-larining birinchi bor tashkil etilgan malaka oshirish kursida o'qidim. Mamnuniyat bilan ta'kidlash joizki, nodavlat tashkilotlari rahbarlarining davlat tashkilotlari rahbarlari bilan bir qatorda nufuzli ilm dargohida malaka oshirishi Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning PF-6181-sonli Farmoni hamda PQ-5012-sonli qarorlari ijrosining yorqin namunasidir.
Hukumatimiz tomonidan fuqarolik jamiyatining rivojlanishida nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirokini yanada yuksaltirish davlatimiz olib borayotgan islohatlarning 2022-2027-yillarga rejalashtirilgan taraqqiyot strategiyasida ustivor yo'nalish sifatida aks etgan. Yuzta maqsaddagi birinchi yo'nalish: "Inson qadrini yuksal-tirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish" vazifasi mening fikratim va ish faoliyatimda hamda kelajakda nodavlat tashkilotlarimizning jadal rivojlanishiga katta ishonch tug'dirdi va imkoniyatlar yaratdi.
O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiatsiyasi (O'z.NNTMA) hamda O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondi e'lon qilgan "Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini axborot, maslahat va uslubiy jihatdan qo'llab-quvvatlash" mavzusidagi grant tanlovi yo'nalishi tashkilotimiz faoliyatiga juda zarur edi. Chunki yuqoridagi beshta savolga javob berish uchun barcha imkoniyatlarni shu loyiha orqali bajarishimiz mumkin edi. Maqsadimiz amalga oshdi: "Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida faoliyat ko'rsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari uchun axborot, o'quv-uslubiy markazining faoliyatini boshlash. "Oqdaryo NNTlar uyi" ni tashkil etish" nomli (70 000 000 so'mlik) loyihamiz tanlovda g'olib bo'lib, grant sertifikatini qo'lga kiritdik.
2021-yil 16-dekabrda O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondi bilan shartnoma tuzdik. Shartnomaga asosan 2022-yil yanvar oyidan boshlab 2022- yilning dekabr oyiga qadar, 12 oy davomida yuqorida ta'kidlangan beshta savolga javob berish, tushuntirish, o'quv markazini tashkil etish, loyiha yozish, yangi nodavlat tashkiloti tuzishning huquqiy asoslarini o'rgatish va boshqa barcha tegishli savollarga javob berdik, tajriba almashdik va katta amaliy natijalarga erishdik.
Oqdaryo tumanida faoliyat ko'rsatayotgan 26 ta nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari uchun axborot, o'quv-uslubiy markazining faoliyatini boshladik. Tuman hokimligi tomonidan loyihamizni amalga oshirish uchun barcha qulayliklar yaratildi, madaniyat uyining 2-qavatidan katta va shinam xona ajratildi. O'quv markazimizga NNT rahbarlari va ko'ngilli (volontyor)larimizdan 33 nafari faol ishtirok etdilar. Markazimiz a'zolari tomonidan 10 ta loyiha yozildi va ko'plab loyihalarimiz hozirgi kunda ham tayyorlanmoqda. Tumanimiz aholisi hayotining ijtimoiy barqarorlashuvi uchun yil davomida g'olib deb topilgan 4 ta loyihamiz amalga oshirildi va oshirilmoqda.
Loyihamizning eng katta va samarali yutug'i shundaki, avvalgi yillarda tumanimizda birgina "Oltin meros" NNT jamoasi loyiha yozib, mablag' topib, o'z faoliyatini rivojlantirgan bo'lsa, ushbu loyihamiz rejasiga asosan "Oqdaryo NNTlari o'quv markazi"miz tashkil etilgandan so'ng, nodavlat sektorini o'rganishga qiziquvchilar, NNT rahbarlari va ko'ngillilarimiz soni ko'paydi. O'quv mashg'ulotlarimizda nodavlat tashkilotlarining fuqarolik jamiyatidagi o'rni, huquqiy-tashkiliy asoslari, qonuniy kafolatlari hamda moddiy resurslari, grant tanlovlarida ishtirok etish, o'zaro tajribalar almashish mavzusida turli tadbirlar, seminar treninglar o'tkazildi. Ilg'or NNTlar faoliyati o'rganildi. Natijada aniq ko'rsatkich va yutuqlarga erishdik.
O'quv markazining mashg'ulotlari haftaning shanba kunlari muntazam o'tkazildi. 36 marta o'tkazildi. NNT rahbarlari va ko'ngilli tinglovchilar tomonidan 11 ta loyiha tayyorlandi va viloyat Jamoat fondiga 6 ta, Oliy Majlis Jamoat fondiga 4 ta loyiha taqdim etildi. O'quv kursimiz a'zolaridan Oliy Majlis granti g'olibi Norbuvi Nurmatova (Mustaqillik MFY-70 000 000 so'm), viloyat Jamoat fondi g'oliblari Madina Bobojonova ("Primkent" MFY 30 000 000 so'm), Fayoz Rabbonayev ("O'zbekiston" MFY-50 000 000 so'm), Oygul Mamatova (Oltin meros NNT - 31 000 000 so'm) muallifligidagi loyihalar ish faoliyatini boshladi hamda ushbu loyihalarni amalga oshirilishi jarayonida 16 nafar yangi ishchi o'rni yaratildi. Tuman Yoshlar Agentligi, MFYlar, faol xotin-qizlar, "Oqdaryo ovozi" gazetasi tahririyati va jamoatchi muxbirlar, ijodkorlar hamda XTB xodimlari bilan hamkorlik o'rnatildi.
Loyihamizda rejalashtirilgan "Oqdaryo tuman NNTlar uyi"ni tashkil etish hamda yangi NNTlar ochish rejasining ham asosiy manbaalari bor. Tuman adliya bo'limi joylashgan ikki qavatli binoda Xalqaro "Oltin meros" XJF Oqdaryo tuman muassasasi, Mahalla jamg'armasi, "Saxovat va ko'mak" fondi, "Qizil yarim oy" jamiyati, Qishloq xo'jaligi kasaba uyushmasi, XDP, MTDP, "Adolat" SDP siyosiy partiyalari, Respublika "Nogironlar jamiyati" Oqdaryo tuman bo'limi hamda Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi Oqdaryo tuman bo'limlari joylashgan. Bu binoni "NNTlar va DO'STLIK uyi" deb atalishi uchun boshqa sanoqli NNTlarni ham binoga taklif etib, tegishli tartibda qaror va nizomlar tayyorlash maqsadga muvofiqdir. Natijada tumandagi barcha NNTlar, xuddi viloyatlardagi kabi bir joy va bir makonda hamkorlikda ishlab, o'zaro tajriba almashishlari uchun qulay sharoit va imkoniyatlar yaratiladi.
2022-yilda o'quv markazimizning faol a'zosi Madina Bobojonova tumanimizda yangi NNT Respublika "Nogironlar jamiyati" Oqdaryo tuman bo'limini ochdi va faoliyatini boshladi. Yana bir yangi NNT - O'zbekiston "Tadbirkor ayol" milliy assosiatsiyasining tuman bo'limini tashkil etish maqsadida rasmiy hujjatlar tayyorlanmoqda.
Loyihamizning byudjet xarajatlari maqsadli amalga oshirildi, o'quv markazimiz faoliyatiga zarur bo'lgan barcha jihozlarni sotib oldik. Barcha zamonaviy qulayliklarga ega bo'lgan "Oqdaryo NNTlari axborot o'quv-uslubiy markazi" o'z faoliyatini davom ettirmoqda. Oqdaryo tumanidagi NNTlar bilan o'zaro hamkorlik aloqalari o'rnatilgan, huquqiy maslahat, tajriba almashish istaklarini bildirgan tumandoshlarimiz uchun har doim eshigimiz ochiq.
OAV nashrlari - Oqdaryo tumani "Oqdaryo ovozi" gazetasi, viloyatimizning "Zarafshon" gazetasiga, "Xalq so'zi" va "Ishonch" gazetasi va yana tegishli nashrlarga obuna bo'ldik. O'quv markazining xonasi televizor (smart), proyektor, proyektor ekrani, kompyuterlar hamda yozuv doskalari va boshqa zarur jihozlar bilan ta'minlandi. 2022-2026-yillar davlat taraqqiyot strategiyasi mavzusida stend tayyorlandi. "Oltin meros" tashkilotining ish tajribalaridan lavhalar, albomlar ko'rgazmasi tashkil etildi. Hamkor tashkilotlarimiz va tinglovchilarimiz ishtirokida loyihamizning viloyat miqyosidagi kengaytirilgan taqdimoti bo'lib o'tdi. "Oqdaryo NNTlari axborot, o'quv - uslubiy markazi"ning yillik ish rejalari va chora-tadbirlari belgilab olindi.
Loyiha taqdimoti va tashkil etilgan o'quv markazining faoliyati, maqsad hamda vazifalari to'g'risida Samarqand televideniyesi, viloyat NNT saytlari, tuman gazetasi saytida, tuman hokim-ligining axborot xizmati, tuman XTB matbuot xizmati saytlari va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ko'rsatuvlar, maqolalar, ma'lumotlar berib borildi. Tashkilotimizga tuman hokimligining "Tabrik-noma"si topshirildi. O'quv mashg'ulotlarining yillik jadvali tuzildi va e'lonlar berildi. "Oqdaryo NNTlari axborot o'quv-uslubiy markazi" nomli telegram guruhimizni ochdik, respublika hamda viloyatimiz, tumanimizdagi mavjud nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatlari to'g'risidagi ma'lumotlar, yangiliklar, grant tanlovi e'lonlari va natijalari, tumanimizda amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi xabarlar muntazam berib borilmoqda.
O'quv markazimizda Oliy Majlis hamda Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondlari e'lon qilgan 1,2,3,4,5-tur grant tanlovlarida berilgan dolzarb mavzular to'g'risida seminar treninglar bo'lib o'tdi. Tadbirda tumandagi mavjud NNT rahbarlari, mahallaning yoshlar yetakchilari, umumta'lim maktablarining targ'ibotchilari, mahalla xotin-qizlar faollari ishtirok etdilar.
Tuman Yoshlar Agentligi bilan hamkorlikda o'tkazilgan tadbirlarda 100 nafar, MFYlar yetakchilari va maktab targ'ibotchilari bilan hamkorlikda 80 nafar, tuman faol xotin-qizlari bilan hamkorlikda 40 nafar, "Oqdaryo ovozi" gazetasi tahririyati va jamoatchi muxbirlar, ijodkorlari bilan hamkorlikda 115 nafar, XTB xodimlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirlarda 36 nafar tinglovchilar hamda mutaxassislar ishtirok etdilar.
Ommaviy Axborot vositalaridagi ishtirokimiz: Samarqand televideniyesida 4 marta, "ZARNEWS.UZ"saytida 4 marta, "Oqdaryo ovozi" tuman gazetasida 6 marta, "Oqdaryo ovozi" tuman gazetasining rasmiy saytida 12 marta, tuman hokimligining axborot saytida 12 marta faoliyatimiz haqida ma'lumotlar berildi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi ishtirokimiz: "O'zNNTMA fondi grantlari", "O'zNNTMA NNT bazasi", "O'zbekiston NNTlari bazasi", "NNO Uzbekistana" telegram kanallari va guruhlarida 15 marta, "Samarqand - jamoat fondi", "Sampressa", "Samarqand NNTlari","Faol NNTlar","Grant g'oliblari", "Yuksalish" telegram kanallari va guruhlarida 15 marta, "Oqdaryo tuman hokimligi axborot xizmati", "Tuman yoshlar agentligi", "Oqdaryo yangiliklari", "Oqdaryoliklar","Oqdaryo faol targ'ibot-chilari","Tuman Xalq Ta'limi axborot xizmati" va boshqa telegram kanallari, guruhlarida 30 marta, "Oqdaryo NNTlari axborot, o'quv-uslubiy markazi" telegram guruhida doimiy ravishda targ'ibot ishlarini amalga oshirdik.
Loyihamizni amalga oshirish muddati tugadi, ammo, faoliyati uzluksiz davom etadi. Tumanimizdagi barcha nodavlat tashkilotlariga, ko'ngillilarimizga maslahat markazi bo'lib muntazam xizmat qiladi. Har doim muxlislarimiz beradigan yana bir savolga javob bermoqchiman. Loyihangizdan qancha maosh olasiz? -5 million so'm. -Zo'r-ku! - Bir yil mobaynida... -Yo'g'-ye, oyiga qanchadan tushadi? - 400 mingdan ziyodroq. - E-e-y, yo'g'-ye, juda kam-ku?! Bu faktni eshitib, aniq bilamanki, o'quvchimizning ham kayfiyati tushib ketdi. Ana shuning uchun ham "nodavlat tashkilotlarida fidoyilar ishlaydi" degan naql yuradi oramizda. Ammo, "shaxsiy manfaatdorlik past bo'lgan joyda umummanfaat ham rivojlanmaydi" degan qoidalar ham bor.
Har bir loyihaning monitoringida yuqori tashkilotlarimiz tomonidan "loyihani amalga oshirishda qanday muammolar yuzaga keldi?" degan savol beriladi. Birgina ushbu loyihada emas, respublikamizda amalga olshirilayotgan barcha loyihalarda shu holat. Chunki loyiha yozishda uning byudjet qismini taqsimlash shartlarida grant uchun ajratilgan umumiy mablag'ning 20 foizi maosh uchun, 60 foizi asosiy faoliyat uchun, 15 foizi ofis imkoniyatlari, qolgan besh foizi boshqa xarajatlar uchun deb qat'iy belgilab qo'yilgan. O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondi hamda mutasaddi tashkilot rahbarlariga taklifimiz shundan iboratki, hozirgi iqtisodiy inflyatsiya davrida fuqarolik jamiyatining rivojlanishida asosiy kuchlardan biri hisoblanayotgan nodavlat tashkilotlari va xodimlarining moddiy ahvolini yaxshilash, ilmli, tashabbuskor, o'z g'oyalari va tadbirkorligi bo'lgan mutaxassislarni nodavlat sektori faoliyatiga qiziqtirish, eng muhimi, yangi ish o'rinlarini yaratish maqsadida grantlar uchun ajratilayotgan mablag' miqdorini kamida ikki barobar oshirish, loyihalar byudjetining maosh qismini 40, 50 foizda belgilash maqsadga muvofiq deb taklif bildiramiz. Nodavlat tashkilotlari rivojlanishi uchun yana bir katta imkoniyat - fond tomonidan ta'minlanayotgan ijtimoiy buyurtmalar soni va moliyaviy fondini kengaytirish lozim.
Nodavlat tashkilotlari barcha sohalardagi davlat islohotlarini amalga oshirishda va fuqarolik jamiyatining rivojlanishida davlat tashkilotlariga safdosh va ko'makdoshdir. Hurmatli muxlislar, aminmanki, sizlar bergan savollarga imkon qadar javob berdim. Suhbat va muloqotlarimizni o'quv kursimizda, gazeta sahifalarida yana davom ettiramiz, degan umiddaman.
Oygul MAMATOVA,
O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiatsiyasi trenerlar shtabining a'zosi, "Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun" ko'krak nishoni sohibasi.
Мавзуга оид:

BINOLARNING YONG’INGA CHIDAMLILIGI
- 21 июн, 13:21

SHE'R QANDAY YOZILADI?!
- 12 авг, 14:00

21-oktabr O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
- 21 окт, 10:27