Qutlov YOSH SPORTCHINING YUTUG’I

Joriy yilning 18-19-oktyabr kunlari O‘zbekiston Huquqni Muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi Samarqand viloyat bo‘limi tomonidan  “Samarqand viloyati kubogi - 2025” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu musobaqada Oqdaryo tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 43-umumta’lim maktabining 1-sinf o‘quvchisi Daler O‘roqov ham  ishtirok etdi. 6-7 yoshlilar o‘rtasida 26 kilogramm vazn toifasida muvaffaqiyatli ishtirok etgan oqdaryolik  Daler O‘roqov sportning qo‘l jangi turi bo‘yicha faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi va musobaqa hakamlar hay’ati tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

  - Daler O‘roqov sinfimizning eng iqtidorli o‘quvchilaridan biridir,-deydi sinf rahbari Madina Amalova. - U barcha fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirish bilan bir qatorda 4 yoshidan boshlab tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabidagi ustozi M.To‘rayev rahbarligida sportning qo‘l jangi turi bo‘yicha shug‘ullanib kelmoqda. Daler O‘roqovning sport sohasida erishgan ulkan yutug‘ini eshitib, maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilar, uning ota-onasi, ayniqsa, onasi Manzura opa juda xursand bo‘lishdi.

    Biz ham yosh sportchi Daler O‘roqovni ushbu ulkan yutuq bilan muborakbod etib,  kelgusida bundan ham yuqori marralarni zabt etishida zafarlar yor bo‘lishini tilab qolamiz.

                                         O‘z muxbirimiz.