YOZGI O'QUV KURSLARI MAZMUNLI O'TMOQDA

Oqdaryo tumanidagi "Ustoz" sihatgohida viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi, malaka oshirish hududiy markazi, "SILK ROAD international Academy in Samarkand", "Ma'rifatparvarlar" jamiyati viloyat bo'limi hamkorligida "Hayot davomida o'qish" tamoyili - amalda!" shiori ostida ona tili va adabiyot fani o'qituvchilari uchun yozgi o'quv kurslari boshlandi.
Shu munosabat bilan "Ustoz" sihatgohida o'tkazilgan tadbirda boshqarma metodisti D.Abdurahmonova, malaka oshirish hududiy markazi dotsenti S. Yuldasheva, sihatgoh direktori H.Qarshiyev, tuman XTB metodisti U.Rahmatov o'qituvchilar uchun navbatdagi o'quv kursi boshlanganini ta'kidlab, dastlabki darslarni boshlab berdilar. 
Тadbirda o'qituvchilar bilan yangi o'quv yilidagi rejalar haqida davra suhbati o'tkazilib, milliy o'quv dasturini 1-2-sinflarda sifatli amaliyotga joriy etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, yozgi maktab ona tili va adabiyot fani o'qituvchilari uchun yorqin lahzalarga boy bo'lmoqda. Negaki, ustozlar "Ustoz" sihatgohida yozgi o'quv kurslarida o'z bilimlarini oshirishlari bilan bir qatorda har kuni erta tongdan sihatgoh hovlisida sport-sog'lomlashtirish mashg'ulotlarida ham ishtirok etishmoqda.
Viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi, malaka oshirish hududiy markazi professor-o'qituvchilari tomonidan tashkil etilayotgan Mahorat darslari ular uchun haqiqiy tajriba maktabi bo'lmoqda.
-  Men Qo'shrabot tumanidagi 42-maktabning ona tili va adabiyot fani o'qituvchisiman,- deydi M.Musaqulov. - Oqdaryo tumanidagi "Ustoz" sihatgohida dam oluvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko'rib dilim yayradi.
Darhaqiqat, "Yaxshi dam - mehnatga hamdam", deyishadi dono xalqimiz. O'zlarining har bir kunini "Ustoz" sihatgohida mazmunli va serfayz o'tkazayotgan o'qituvchilar yangi o'quv yilini yangi bilim va yaxshi kayfiyatlar bilan kutib olishiga ishonchimiz komil.
Farhod RO'ZIYEV,
                                tuman XTB metodisti.