Мaktabgacha ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlar - amalda! farzandlarimiz kelajagi bizning qo'limizda

Vatanimiz ertangi kuni va istiqbolini hal qiladigan hozirgi yosh avlodni munosib ravishda kamolga yetkazish ta'lim-tarbiya sohasini zamonaviy darajada uzluksiz takomillashtirib borish bilan bog'liq.
Bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olishni kengaytirish, maktabgacha ta'lim xizmatlaridan foydalanishni yanada yaxshilash, ularning to'laqonli hayot faoliyati uchun qulay shart- sharoitlarni ta'minlash va ijtimoiy hayotga faol jalb etish oldimizga qo'ygan eng dolzarb vazifamizdir.
O'sib kelayotgan yosh avlodni sog'lom va har tomonlama yetuk voyaga yetkazish, ta'lim-tarbiya jarayoniga samarali ta'lim va tarbiya shakllari  hamda usullarini joriy etish, maktabgacha ta'limning samarali tizimini tashkil etish bo'yicha tuman maktabgacha ta'lim bo'limida ham keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Tumanimizda 35 ta mahalla  fuqarolar yig'ini mavjud bo'lib, maktabgacha ta'lim yoshidagi 3-7 yoshli bolalarimiz 13608 nafarni tashkil etadi. Jumladan, 2017-yil yakunida bolalarni maktabgacha ta'limga jalb qilinishi va qamrov foizimiz 12.8% ni tashkil etsa, 2018-yil yakuniga ko'ra 27.4% ni, 2019-yil yakunida 51.2%, 2020-yil yakuniga ko'ra esa 67,2 % ga, 2021 yil 70 % ga yetkazildi. Yil yakunida 80 % ga yetkazishni o'z oldimizga maqsad qilganmiz.  
Bugungi kunda 28 ta davlat, 8 ta davlat xususiy sherikchilik, 1 ta nodavlat va 104 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida  jami 9410 nafar tarbiyalanuvchilarimiz sifatli maktabgacha ta'limga jalb qilindi. 
4 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini faoliyatini qaytadan tashkil etish hisobiga 85 dan ziyod, 8 ta davlat xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida 104 dan ziyod, 1 ta nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida 7 dan ziyod ish o'rinlari yaratilib, pedagog, tarbiyachi, hamshira va ombor mudirlari ish bilan ta'minlandi.
Shuni alohida aytishimiz joizki, aholi kam bo'lgan tumanimizning chekka qishloqlarida faoliyati yo'lga qo'yilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotining har birida xotin-qizlarimiz uchun 2 tadan ish o'rinlari yaratilib, jami qishloq joylarida ish topolmay qiynalib yurgan 208 nafar xotin-qizlarimiz ish bilan ta'minlandi. 
Maktabgacha ta'lim tashkilotlaridagi kadrlarning salohiyati bo'yicha ham bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ta'lim-tarbiya jarayoniga innovasion g'oya va texnologiyalarni joriy etgan holda tarbiyachilarning kompleks rivojlanishiga yo'naltirilgan ilmiy amaliy seminar treninglar muntazam o'tkazib kelinmoqda. 2018-yil pedagog kadrlarimizni 18 foizi oliy ma'lumotli bo'lgan bo'lsa, bugungi kunga kelib bu ko'rsatkich 80% ni tashkil etadi.
Bundan tashqari yosh avlodni sog'lom turmush talablari asosida tarbiyalash maqsadida ko'plab tadbirlar, sport musabaqalari, seminar va davra suhbatlari ham o'tkazilib kelindi.
O'zbekiston Respublikasi hududida koronavirus infeksiyasi (SOVID-19) tarqalishini oldini olish va profilaktika qilish, maktabgacha ta'lim tashkilotlarida tegishli choralarni amalga oshirish hamda xodimlar va tarbiyalanuvchilarning salomatligini muhofaza qilish, bolajonlarimizni bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazish maqsadida Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan "Bolajon" telekanalida bolalar uchun "Aqlvoy" ta'limiy teledasturlari tashkil etildi. Bundan tashqari tumanda telegramm messenjerida "Ota-onalar va pedagoglar" guruhi tashkil etildi. Ushbu guruhga barcha tarbiyachilar va tarbiyalanuvchilarning ota-onalari a'zo qilindi.
Tashkilot tarbiyachilari o'z ish rejalariga asosan kun davomida bolalari bilan olib borilgan mashg'ulotlari to'g'risida fotorasmlar va videofayllarini  guruhga joylashtirib boradilar. Bu o'z navbatida ota-onalar uchun  katta yordam bo'ldi. 
Tarbiyachilar, ota-onalar va bolajonlarning faolligini oshirish maqsadida tumanda "Fidoyi tarbiyachi", "Iste'dodli bolajon" va "Ijodkor tarbiyachi","Ertakchi bolajon"  nominasiyalari bo'yicha tanlovlar tashkil etilib kelinmoqda.
Tashkil etilgan "Iste'dodli bolajon" ko'rik-tanlovida tumandagi 4-5-6-7-10-20-27-34-36-sonli MTT tarbiyalanuvchilari g'olib deb topildi.
1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag'ishlab o'tkazilgan "Dunyo bolalar nigohida" onlayn tadbirida 3-sonli MTT tarbiyalanuvchisi Hamdamov Kamronbek, 5-sonli MTT tarbiyalanuvchisi  Akramova Shahrizoda, 7-sonli MTT tarbiyalanuvchisi Abdullayeva Sevinch, 19-sonli MTT tarbiyalanuvchisi Abdusaidova Aziza, 36-sonli MTT tarbiyalanuvchisi Iskandarov Shaxzodlar faol ishtirok etib, viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig'ining tashakkurnomasi bilan taqdirlanishdi.
30-iyun - "Yoshlar kuni" munosabati bilan "Besh tashabbus - zo'r imkoniyat" onlayn ko'rik-tanlovida 4-5-6-7-10-12-13-24-34-36-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari faol ishtirok etishdi.
Tarbiyachilar tomonidan olib borilgan onlayn mashg'ulotlar hafta davomida bo'lim metodistlari tomonidan tahlil qilinib, hafta so'ngida monitoring natijalari e'lon qilinib borildi. Monitoring natijalariga ko'ra tumandagi 4-5-6-7-13-19-20-27-30-34-36-sonli MTT tarbiyachilari yuqori o'rinlarni egallashdi. Mashg'ulotlarda faol qatnashgan tarbiyachi va pedagoglar viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi va tuman maktabgacha ta'lim bo'limi tomonidan rag'batlantirilib borildi.
Tashkilot xodimlari birinchi navbatda tuman Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markazida COVID-19 bo'yicha tibbiy ko'rikdan o'tkazildi va emlandi.  Barcha  maktabgacha  ta'lim tashkilotlari  jami 25 mln 727 ming 676 so'mlik tibbiy jihozlar bilan to'liq ta'minlandi. 
 Jumladan: tarbiyalanuvchilarning haroratini masofadan o'lchash asbobi 28 ta, xo'jalik sovuni 200 ta, tibbiy niqoblar 1500 ta, suyuq sovun 330 ta, 100 gr. antiseptik vositalar 430 ta, 200 gr antiseptik vositalar 467 ta, 500 gr antiseptik vositalar 70 ta, o'rama salfetkalar 400 dona, 70% li etil spirti 148 flakon, 60 flakon xlor eritmasi shular jumlasidandir.
Shuni aytish joizki, maktabgacha ta'lim tizimida hali  qilishimiz lozim bo'lgan  muhim ustuvor vazifalar oldimizda turibdi. Maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish, maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog'ini kengaytirish hamda moddiy texnik bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta'minlash, bolalarni har tomonlama intellektual, ma'naviy-estetik va jismoniy rivojlanishi uchun zamonaviy ta'lim dasturlari va texnologiyalarini ta'lim-tarbiya jarayonida joriy etish, ularni maktabga tayyorgarlik darajasini tubdan oshirish oldimizga qo'ygan bosh maqsadimizdir. Chunki ertangi kunimiz va kelajagimiz aynan bugun maktabgacha ta'lim tashkilotlarida voyaga yetayotgan, tarbiyalanayotgan jajji farzandlarimizga bog'liqdir. 
Muhtaram yurtboshimizning: "Vatanimizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo'lib kamolga yetishi bilan bog'liq. Bizning asosiy vazifamiz - yoshlarning o'z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishdan iborat"- degan so'zlari biz rahbarlarga ulkan ishonch va mas'uliyat yuklaydi. Har birimizni yanada vatanparvarlikka chorlaydi. Shunday ekan,  vatanimiz  kelajagi  bo'lgan farzandlarimiz  taqdiriga befarq bo'lmaylik.
Baxtigul Asrorova,
tuman Maktabgacha ta'lim bo'limi mudiri.