TO'Y VA MAROSIMLARNI NAZORAT QILISH BARCHANING ISHI
Joriy yilning 24-oktyabr kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi, Mahallalar uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qo'mitasi, Nuroniylar jamg'armasi hamda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan to'ylarni ixcham tashkil etish bo'yicha birgalikda targ'ibot ko'lamini, ziyolilar harakatini kengaytirish maqsadida "Maromiylik marafoni" e'lon qilingan edi.Unda, mazkur 90 kunlik loyihalarni viloyatda samarali amalga oshirish borasida bajarilishi lozim bo'lgan ishlar, avvalo, birgalikda harakat qilish lozimligi, bu borada har bir mahallaga, oilalarga kirib borish muhimligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Ayni paytda butun mamlakatimiz miqyosida to'y va ma'rakalarni ixchamlashtirish, ularni ortiqcha dabdabalarsiz o'tkazish maqsadida dolzarb vazifalar belgilanib, bu borada muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yaqinda Samarqand shahrida viloyatimiz otinoyilari ishtirokida bo'lib o'tgan yig'ilishda ham milliy urf-odatlarimiz, jumladan to'y va boshqa turli xil tadbirlarimiz haqida fikr yuritildi. Ushbu tadbirga tumanimiz bosh otinoyisi Sh.Hakimova rahbarligida oqdaryolik otinoyilar ham ishtirok etishdi.
Viloyat miqyosida bo'lib o'tgan ushbu yig'ilishda otinoyilarimizning bugungi kunda olib borishi lozim bo'lgan vazifalari bilan bir qatorda diniy va dunyoviy bilimlarini oshirishlari lozimligi alohida ta'kidlandi. Negaki, mahallalarda o'tkazilayotgan to'y-hashamlar, turli xil marosimlarning ixcham va isrofgarchiliksiz tashkil etilishini ta'minlashda otinoyilarning ham o'ziga xos o'rni va mas'uliyati bor. Shunday ekan, otinoyilar joylardagi mahalla xotin-qizlari faollari bilan hamkorlikda har bir mahallada, har bir xonadonda, aholi o'rtasida turli xil uchrashuvlar, suhbatlar tashkil qilishib, targ'ibot ishlarini olib borishlari zarur.
Bu borada tumanimiz aholisi o'rtasida to'y va ma'rakalarni ixchamlashtirish, ularni ortiqcha dabdabalarsiz o'tkazish, ayniqsa, ortiqcha xarajat talab qiladigan rasm-rusumlar, jumladan "kuyov navkari", "chorlar", "ota ko'rdi", "sep yoydi" va motam marosimlaridagi "yetti", "payshanba", "yakshanba", "yigirma", "qirq", "yil oshi", "pul tarqatish", "mato ulashish" kabi marosimlarga chek qo'yish zarurligi haqida targ'ibot ishlarini olib borish dolzarb vazifalardan biridir. Zero, to'y va boshqa turli xil tadbirlarimizni kamchiqim va isrofgarchiliksiz o'tkazilishini nazorat qilishda barchamiz birdek mas'ulmiz.
Sayyora Pardayeva,
Kumushkent MFY otinoyisi.
Мавзуга оид:
BOSH MAQSADIMIZ - XOTIN-QIZLARNI QO'LLAB-QUVVATLASH
- 02 сен, 10:02
Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30



