BINOLARNING YONG’INGA CHIDAMLILIGI

Yurtimizda barpo etilayotgan qolaversa tumanimizda biri-biridan ko’rkam, biri-biridan hashamatli bino va inshootlarga razm solar ekansiz, qalbingiz quvonadi. Qisqa vaqt ichida eski va yaroqsiz holga kelib qolgan pastak uylar buzib tashlanib, yo’llar kengaytirilishi bilan birga zamonaviy ko’p qavatli uy-joylar, savdo majmualari qad rostlamoqda. 
"Bino va inshootlarni loyihalashning yong`inga qarshi me'yorlari"ga muvofiq, devorlari, orayopmalari va boshqa qismlari qanday material hamda konstruksiyalardan qurilgan bo`lishiga qarab binolar 5 guruhga ajratiladi.
Yong’inga chidamlilik darajasi I va II bo`lgan binolarning hamma asosiy qismlari yonmaydigan bo`ladi. II darajali binolarning ichki ko`taruvchi devorlari bundan mustasno, ular qiyin yonadigan bo`lishi mumkin. Bu binolarning asosiy farqi soatlarda o`lchanadigan yong’inga chidamlilik chegarasidir. Bu vaqt ichida qurilish konstruksiyalarining ko`tarish qobiliyati yo`qolmaydi, ularda parron yoriqlar paydo bo`lmaydi va olovga qarama-qarshi tomondagi harorat 220° ga yetmaydi. Masalan, 1 darajali binolar ko`taruvchi devorlarning yong’inga chidamlilik chegarasi 2,5 soatga, II darajalilarda esa 2 soatga teng. Yong’inga chidamlilik darajasi III bo`lgan binolarning hamma qismlari yonmaydigan bo`ladi. Faqat binolarning pardevorlari, qavatlararo yoki chordoq orayopmalari qiyin yonadigan, yopmalarni (tomlarni) ko`taruvchi konstruksiyalari esa yonadigan bo`lishi mumkin. IV darajali binolarda katta binoni qismlarga ajratadigan eshik-derazasiz maxsus yonishga qarshi devorlargina yonmaydigan bo`ladi. Yong’inga chidamliligi IV darajali binolarning ko`taruvchi devorlari, kolonnalari, pardevorlari va karkasli devorlarining to`ldirgichlari qiyin yonadigan bo`ladi, chordoqsiz orayopmalari esa yonadigan bo`lishi mumkin. Yong’inga chidamliligi V darajali binolarning yong`inga qarshi devorlaridan tashqari hamma elementlari suvalmagan yonadigan materiallar bo`ladi. Istalgan yong’inga chidamlilik darajasidagi binolarda quyidagilar yonadigan qilib ishlanishi mumkin:
· chordoqli binolarda stropilalar,·tomning ko`taruvchi detallari;
· pardevorlarning ayrim konstruksiyalari,·pollar;
· deraza tabaqalari, ship, devorlarning qoplamasi;
· eshiklar (yong`inga qarshi devorlardagi eshiklardan tashqari).
Yong’inga chidamliligi III va IV darajali, chordoqli binolarda tom qismini qiyin yonadigan qilib ishlashga ruxsat etiladi. Quvvati 1000 kVt dan yuqori bo`lgan qishloq xo`jaligi elektr stansiyalari yong’inga chidamliligi I, II va III darajali binolarda, quvvati 101 dan 1000 kVt gacha bo`lganlari IV darajali binolarda, quvvati 100 kVt gacha bo`lganlari esa V darajali binolarda joylashtirilishi mumkin. 
Qurilish materiallari va konstruksiyalari yong’inga chidamlilik darajasiga ko`ra quyidagi guruhga bo`linadi:
1. Yonmaydigan materiallar va konstruksiyalar.
2. Qiyin yonadigan materiallar.
3. Yonadigan material va konstruksiyalar.
Bino va inshootlarning yong`in xavfi bo`yicha turkumlanishi
Ishlab chiqarish bino va qurilmalarini loyihalashda ko`zda tutilgan yong`inga qarshi tadbirlar, eng avvalo, ishlab chiqarish jarayonining yong`in jihatidan xavflilik darajasiga bog`liq bo`ladi. "Sanoat korxonalarining ishlab chiqarish binolari". Loyihalash me'yorlariga muvofiq, ishlab chiqarishlar yong`in jihatidan xavflilik darajasiga ko`ra oltita toifaga bo`linadi.
A toifaga bug`larning chaqnash qarorati 28° va undan past bo`lgan juda ko`p suyuqliklar yoki pastki portlash chegarasi havo hajmiga nisbatan 10% va undan kam bo`lgan yonuvchi gazlar ishlatiladigan ishlab chiqarish binolari kiradi. 
B toifaga benzin, kalsiy karbid saqlanadigan omborlar, shuningdek, bug`ining chaqnash harorati 28-61° va pastki portlash chegarasi 10% dan yuqori bo`lgan oson alangalanuvchi suyuqliklar hamda gazlar ishlatiladigan ishlab chiqarishlar kiradi. Bunday ishlab chiqarishlarga pichan uni tayyorlanadigan va tashiladigan sexlar, tegirmon hamda juvozxonalarning ajratish va to`yish bo`linmalari, elektrostansiyalar yoki qozonxonalarning mazut xo`jaligi, ammiak bilan sovitish qurilmalarining apparat va mashina bo`limlari kiradi.
V toifaga yonuvchi qattiq moddalar, shuningdek portlash chegarasi 65 g/m3 bo`lgan chang yoki tolalar ajratib chiqaradigan moddalarga yoki bug`larning chaqnash haroratidan yuqori bo`lgan suyuqliklarga ishlov beriladigan va ular ishlatiladigan ishlab chiqarishlar kiradi. Bunday ishlab chiqarishlar qatoriga yog`och tilish, duradgorlik va omixta yem va ozuqa tayyorlash sexlari, don saqlanadigan omborlar, tegirmonlarning don tozalash bo`limlari, zig`ir, nasha, paxtaga dastlabki ishlov berish sexlari, benzinsiz yonilg`i-moylash materiallari saqlanadigan omborlar, yopiq ko`mir omborlari, elektr taqsimlash qurilmalari kiradi. Duradgorlik - yogʻochsozlik hunari; kasb-hunar turi. Uysozlik, asbobsozlik, aravasozlik, qayiqsozlik, javonsozlik, eshiksozlik, beshiksozlik, egarsozlik, elaksozlik, sandiqsozlik, panjarasozlik singari juda koʻp tarmoqlardan iborat. Benzinda harakatlanadigan transport vositalarini saqlash garajalari ham shu toifaga kiradi.
G toifaga yonilg`i (shu jumladan, gaz) yoqiladigan yoki yonilg`idan yonmaydigan moddalarga ishlov beriladigan ishlab chiqarishlar kiradi. Yonmaydigan moddalarga qizdirilgan yoki suyuqlantirilgan holatda ishlov beriladi va bunda nur energiya ajraladi. Bunday ishlab chiqarishlarga issiqlik elektrstansiyalaridagi qozonxonalar, temirchilik xonalari, mashina zallari, motor sinash stansiyalari kiradi. 
D toifaga yonmaydigan moddalarga deyarli sovuqlayin ishlov beriladigan ishlab chiqarishlar, masalan, yonmaydigan suyuqliklar haydaladigan nasos stansiyalari, sabzavotlar, sut, baliq va go`sht mahsulotlariga ishlov berish sexlari, biologik yoki texnikaviy usulda isitiladigan issiqxona va parniklar kiradi. Gaz bilan isitiladigan parnik va issiqxonalar bundan mustasno, ular G toifaga taalluqli.
E toifaga kiradigan ishlab chiqdrishlarda suyuq fazasiz yonuvchi gazlar va portlovchi changlar shunday miqdorda ishlatiladiki, bunda ular hajmi xona hajmining 5% idan ko`p bo`lgan havo bilan aralashib portlovchi aralashmalar hosil qiladi. Bunda portlash texnologik jarayon shartlariga ko`ra faqat keyingi yonishsiz sodir bo`ladi. Bu kategoriyaga, masalan, akkumulyatorlar xonalari, vodorodli yoki asetilenli ballonlar omborini kiritish mumkin.
N.B.Voxidov 
Oqdaryo tumani Favqulodda vaziyatlar bo’limi
normativ-texnik bo’linmasi boshlig’i, katta leytenant.