SHAXSIY FIKR JURNALISTLARGA QACHON IMTIYOZ BERILADI?

Yaqinda viloyat miqyosida o'tkazilgan tadbirda hamkasblarimiz bilan ishtirok etdik. Suhbat mavzusi bugungi bosma nashrlarga bo'lgan e'tibor va obuna masalasida bo'ldi.
- Ochig'ini aytganimizda bosma nashrlarga e'tibor talab darajasida emas, - deydi qirq yildan buyon tuman gazetasida faoliyat ko'rsatayotgan ham-kasblarimizdan biri. - Ayniqsa yuqoridagi ayrim amaldorlarning "Majburiy obunaga yo'l yo'q" degan tashabbusi tufayli gazeta va jurnallarga e'tibor susayib ketdi. Hatto ayrim nashrlar chiqmay qoldi. Axir bosma nashrlarsiz jamiyatni tasavvur qilish mumkinmi? Oldimizda ikki yo'l turibdi. Birinchisi bosma nashrlarni byudjet bilan ta'minlash bo'lsa, ikkinchisi obunani kuchaytirish lozim. Ana shunday qilmasak odamlarimiz gazeta, jurnallarni o'qimaydigan holatga kelishadi. Bundan tashqari jurnalistlarga umuman imtiyoz berilmayapti.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, hamkasbimizning gaplarida jon bor. Keyingi yillarda harbiylarga, ichki ishlar xodimlariga, shifokorlarga va xalq ta'limi tizimida mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizga davlat tomonidan e'tibor ham, imtiyozlar ham berilmoqda. Agar tibbiyot xodimlarini misol keltiradigan bo'lsak, birinchi toifali va oliy toifali vrachlar va o'rta maxsus ma'lumotga ega bo'lgan hamshiralarga ma'lum darajada ustama to'lanayapti. Xalq ta'limi tizimida mehnat qilayotgan o'qituvchilarga ham birinchi va oliy toifali bo'lganligi uchun qo'shimcha mablag' to'lanmoqda. Xo'sh, ana shunday paytda jurnalistika sohasida 50-60 yil ishlayotgan hamkasblarimizga nima uchun qo'shimcha mablag' to'lanmayapti? Bu sohada ham toifani tashkil etish mumkin-ku, axir. Masalan, o'n besh yilgacha ishlagan jurnalistlarga ikkinchi toifa, o'n besh yildan yigirma besh yilgacha ishlagan kishilarga birinchi toifa, yigirma besh yildan ziyod ishlagan xodimlarga oliy toifa berish mumkin emasmi? Albatta mumkin. Buning uchun bu sohaga rahbar bo'lgan poytaxtdagi mas'ullarimiz shug'ullanishi lozim degan fikrdamiz. Shu o'rinda Yozuvchilar Uyushmasiga a'zo bo'lgan yurtdoshlarimiz uy-joy olishda va Do'rmonda dam olishda yetarli imtiyozga ega ekanligini barcha yaxshi biladi. Biroq Jurnalistlar Uyushmasiga a'zo bo'lgan insonlarga umuman birorta imtiyoz yo'q. Shu ham adolatdanmi? Agar Rasul Kusherbayevga o'xshash fidoyi insonlar Prezident devoniga mas'ul vazifada ishga tayinlanadigan bo'lsa yuqorida biz tilga olgan imtiyozlar bo'lishiga ishonchimiz komil.
Xullas, poytaxtdagi mas'ullarimiz jurnalistlarga ham imtiyozlar berish haqida o'ylab ko'rishlarini istardik...
Y.Muhammadiyev.