Nogironlik guruhi kimlarga muddatsiz belgilanadi?

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan "Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida ko'rikdan o'tkazish tartibi to'g'risida"gi nizomning 10-ilovasiga ko'ra quyidagi shaxslarga nogironlik guruhi muddatsiz belgilanadi:
1. Nogironligi bo'lgan shaxslar - 60 yoshdan katta erkaklarga va 55 yoshdan katta ayollarga.
2. Keyingi 5 va undan ortiq yil mobaynida nogironlikning I yoki II guruhi belgilangan, 5 yil mobaynida DPMda to'liq dispanser ko'rigidan o'tgan, reabilitatsiya dasturlari bajarilgan, shuningdek, reabilitatsiyaning barcha turlari istiqbolsiz bo'lgan, tiklab bo'lmaydigan anatomik-funksional buzilishlar yoki kuchayadigan kasalliklarga duchor bo'lgan nogironligi bo'lgan shaxslarga.
Ko'rsatib o'tilgan talablardan hech bo'lmasa biri bajarilmaganda, shu jumladan, bemor reabilitatsiya, davolash yoki operatsiyani, o'qishni rad etgan taqdirda, nogironlik guruhi muddatsiz belgilanmaydi.
3. Oxirgi 5 yil mobaynida nogironlik guruhi o'zgarmagan va ko'rsatib o'tilgan davr mobaynida davolash-profilaktika muassasalarida to'laqonli dispanserizatsiyadan o'tgan, reabilitatsiya qilish individual dasturining barcha bandlari bajarilgan hamda keyingi reabilitatsiya tadbirlarining barcha turlarining o'tkazilishi istiqbolsiz bo'lgan III guruh nogironligi bo'lgan shaxslarga.
Ko'rsatib o'tilgan talablardan hatto birortasi bajarilmagan taqdirda, nogironlik guruhi muddatsiz belgilanmaydi.
Shuningdek, nogironligi belgilari aniq ko'rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo'lgan shaxslar klinik - funksional ma'lumotlarni olishga doir qo'shimcha tekshiruvlarsiz ular nogironligi bo'lgan shaxs deb topilganda, nogironlik muddatsiz davrga belgilanadi.
Bunday holatlarda 18 yoshgacha bo'lgan bolalarda nogironlik 18 yoshga to'lgungacha bo'lgan muddatga belgilanadi.
                   
Islom Umarov,
 tuman adliya bo'limi bosh maslahatchisi.