KAM TA'MINLANGAN OILALARGA BOLALAR NAFAQASI VA MODDIY YORDAMNI TAYINLASH TARTIBI QANDAY?

Bugungi kunda budjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi tuman bo'limi tomonidan "Ijtimoiy himoya yagona reestri" axborot tizimi orqali tayinlangan kam ta'minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam 10553 tani tashkil etadi.
Shundan:
- kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam - 413 ta.
- kam ta'minlangan oilalarga bolalar nafaqasi -10140 ta.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-oktyabrdagi 654-son qarori bilan tasdiqlangan "Kam ta'minlangan oilalarni "Ijtimoiy himoya yagona reestri" axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta'minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to'lash tartibi to'g'risida"gi Nizomga asosan O'zbekiston Respublikasi hududida yashaydigan kam ta'minlangan oilalarni "Ijtimoiy himoya yagona reestri" axborot tizimi (keyingi o'rinlarda - "Yagona reestr" AT) orqali aniqlash hamda ularga kam ta'minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa (keyingi o'rinlarda - bolalar nafaqasi) va kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordamni (keyingi o'rinlarda - moddiy yordam) tayinlash va to'lash tartibini belgilaydi.
2022-yildan boshlab oilaning har bir a'zosiga jami bir oylik o'rtacha daromad minimal iste'mol xarajatlari miqdoridan, ya'ni oilaning har bir a'zosiga jami bir oylik o'rtacha daromad 498557.00 (To'rt yuz to'qson sakkiz ming besh yuz ellik etti) so'mdan oshmaganda kam ta'minlangan deb e'tirof etiladi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam ushbu Nizomda belgilangan tartibda oila a'zolarining taqdim etgan arizalariga asosan "Yagona reestr" AT orqali kam ta'minlangan oila deb e'tirof etilgandan so'ng tayinlanadi.
"Yagona reestr" AT orqali kam ta'minlangan deb e'tirof etilgan oilalar (shaxslar) qo'shimcha hujjatlar va ma'lumotnomalarni taqdim etmasdan, qonunchilik hujjatlarida ushbu toifadagi oilalar (shaxslar)ga belgilangan tartibda bepul yoki imtiyozli shartlarda ko'rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlardan foydalanishga haqlidir.
Bunda qonunchilik hujjatlarida belgilangan xizmatlardan foydalanish va imtiyozlarni olish uchun "Yagona reestr" AT orqali kam ta'minlangan deb e'tirof etilgan oila (shaxs)ga O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 3 daqiqa ichida ushbu Nizomga muvofiq belgilangan shaklda ma'lumotnoma taqdim etiladi.
Ushbu ma'lumotnoma oila (shaxs) "Yagona reestr" AT orqali kam ta'minlangan deb e'tirof etilgan oydan boshlab o'n ikki oy davomida amal qiladi.
Agar bitta oila so'nggi 12 oy davomida ketma-ket "Yagona reestr" AT orqali bir necha marotaba kam ta'minlangan deb e'tirof etilgan bo'lsa, bunda ma'lumotnomaning amal qilish muddati ushbu oila oxirgi marotaba kam ta'minlangan deb e'tirof etilgan oydan boshlanadi. Ma'lumotnoma taqdim etilganligi uchun yig'im undirilmaydi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam ushbu Nizomda belgilangan tartibda ariza beruvchi murojaat qilgan oydan keyingi oydan boshlab to'lanadi.
Oilaning muomalaga layoqatli istalgan a'zosidan biri (otasi, onasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxs, 18 yoshga to'lgan, o'z oilasiga ega bo'lmagan (ota-onasi, ulardan biri yoxud ularning o'rnini bosuvchi shaxs bilan birga yashovchi) bolasi yoki oilaning farzandlikka olingan bolasi yoxud vasiylikka olingan shaxslar) ariza beruvchi bo'lishi mumkin.
Har bir oila tomonidan bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun ariza topshirish va "Yagona reestr" ATga kiritish bir oyda bir marta amalga oshiriladi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam to'lashning belgilangan muddati tugagach, ariza beruvchi ushbu nafaqa yoki moddiy yordamni yangi muddatga tayinlash uchun ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
O.XOSHIMOV,
Budjetdan tashqari pensiya jamg'armasi
tuman bo'limi boshlig'i o'rinbosari.
Мавзуга оид: