TUMAN HOKIMINING QARORI TUMANDA IJTIMOIY MUHOFAZAGA MUHTOJ, ISH TOPISHDA QIYNALAYOTGAN SHAXSLARNI ISHGA JOYLASHTIRISH UCHUN ISH O'RINLARINI 2025-YIL UCHUN BAND QILIB QO'YISH TO'G'RISIDA

O'zbekiston Respublikasi "Aholini ish bilan ta'minlash to'g'risida"gi Qonunining 39-moddasi (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y, 5-6-son, 97-modda, "O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida"gi Qonunining 25-moddasi (O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2008-yil 29-30-son, 277-modda) hamda O'zbekiston Respublikasi Vazilar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli "Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o'rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo'yish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida tuman hududida joylashgan korxona, tashkilot va muassasalarda ish o'rinlarini eng kam miqdorini belgilash yuzasidan takliflarni inobatga olib;

Q A R O R  Q I L A M A N:

1.O'zbekiston Respublikasining "Aholini ish bilan ta'minlash to'g'risida"gi Qonunining 39-moddasiga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o'rinlarini band qilishi lozim bo'lgan tumandagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar ro'yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2.Qayd qilingan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar quyidagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar toifalari uchun ish o'rinlarini band qilib qo'yishni ta'minlasin.

- o'n to'rt yoshgacha bolalari bo'lgan va nogiron bolalari bo'lgan yolg'iz va ko'p bolali ota-onalar uchun 32,6% foiz (78 kishi);

- umumiy o'rta va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarini tamomlagan yoshlar, shuningdek, oliy ta'lim muassasalarining davlat grantlari bo'yicha ta'lim olgan bitiruvchilari 47,3 % foiz (115 kishi); 

- O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflaridan muddatli harbiy xizmatdan bo'shatilgan shaxslar 8,9 % foiz (21 kishi); 

- nogironlar uchun 6,1 % foiz (35 kishi); 

- pensiya yoshigi yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 1,6 % foiz (4 kishi); 

- jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sudning qaroriga ko'ra tibbiy yo'sindagi majburlov choralari qo'llanilishidan ozod qilingan shaxslar 0.4 % foiz (1 kishi); 

- odam savdosidan jabrlangan shahslar uchun 0,4 % foiz (1 kishi). 

- Oilaviy (maishiy) zo'ravonlikda jabrlanganlar 2,4 % foiz (6 kishi). 

3.Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ish bilan ta'minlash uchun 2024-yil yakunlanishidan 10 kun oldin kvota ish joylari umumiy miqdorining kamida 25 foizi uchun 2025-yilning 10- aprelidan kechiktirmay ish joylarining qolgan 75 foizini barpo etish (ajratish yoki band qilib qo'yish) to'g'risidagi, ya'ni har bir kvota toifasi bo'yicha ish o'rinlari band qilib qo'yiladigan kasblar va lavozimlar, mutaxassisliklar kesimidagi ma'lumotlarni va qaror bo'yicha chiqarilgan buyruq nusxalarini Kambag'allikni qisqartirish va bandlikga ko'maklashish bo'limiga taqdim etish vazifalari yuklatilsin.

4.Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun ish joylarini ko'rsatib o'tilgan miqdorini O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasinig 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son Qarori bilan tasdiqlangan "Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o'rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo'yish tartibi to'g'risida"gi Nizomiga (keyingi o'rinlarda Nizom deb ataladi) muvofiq belgilangan muddatlarda va tartibda zaxiralab qo'yilishini (ajratilishinin yoki band etib qo'yilishini) hamda ish joylari sanitariya, gigiyena normalariga va xodim o'z majburiyatlarini bemalol bajarishini ta'minlaydigan mehnat sharoitlariga muvofiq bo'lishini ta'minlasinlar.

5.Ushbu qaror ijrosi bajarilmagan taqdirda korxona, tashkilot va muassasalarning mansabdor shaxslari amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi ko'rsatib o'tilsin.

6.Nizom talabiga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o'rinlarini tuman hokimi tomonidan belgilangan miqdoridan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu o'rinlarni tashkil etishga sarflangan mablag'larining bir qismini Markaz bilan tuzilgan shartnoma asosida Aholi bandligiga ko'maklashish jamg'armasi mablag'lari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanliklari inobatga olinsin.

7.Kambag'allikni qisqartirish va bandlikka ko'maklashish bo'limi (D.Mamadiyarova) besh kun muddatda mazkur qarorni tegishli korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga yetkazsin hamda uning bajarilishi ustidan qat'iy nazoratni ta'minlasin.

8.Tuman hokimining 2024- yil 29-apreldagi "Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o'rinlarini 2024-yil uchun band qilib qo'yish to'g'risida"gi 173-7-92-Q/24 sonli qarori 2024-yilning 31-dekabridan o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.

9.Mazkur qaror rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

10.Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimnining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo'yicha birinchi o'rinbosari E.Ashurov zimmasiga yuklatilsin. 


Oqdaryo  tuman hokimi      Sh.Qudratov.