Inson va qonun TA'MAGIRLIK MANSABDORGA QIMMATGA TUSHDI

Sudlanuvchi Nosirov Mardon (ismi-sharifi o'zgartirilgan), 2023-yil 15-dekabrdan buyon "Hududgaz Samarqand" gaz ta'minoti tuman filiali boshlig'i lavozimida ishlab kelayotgan edi. Unga mansabdor shaxs sifatida, iste'molchilar o'rtasida gazdan oqilona foydalanish, gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlarini  oldini olish va ularga nisbatan qonunda belgilangan choralar ko'rish bo'yicha ishlarni tashkillashtirish vazifalari yuklatilganligini yaxshi bilar edi. 
Shunday bo'lsada, u o'zining lavozim majburiyatlaridan g'arazgo'ylik va boshqacha past niyatlarda foydalanishni o'z oldiga maqsad qilib oladi. Shu maqsadda fuqaro A.X.ga tegishli Oqdaryo tumani, Ziyolilar ko'chasi, 19-uydagi gaz hisoblagich uskunasi "Oqdaryotumangaz" ta'minoti bo'limidan ro'yxatdan o'tmaganligi, mazkur holat bo'yicha A.X.ga 15.000.000 so'm jarima qo'llanishi haqida qo'rqitadi. Undan qarzdorlikni yo'qotish, yangi hisoblagich o'rnatish, hisob raqam ochib berishni aytib, o'z xizmat mavqeidan qasddan foydalangan holda ta'magirlik yo'li bilan fuqaro A.X.dan 4.000.000 so'm pullarni talab qiladi. 2024- yil 5-fevral kuni 3.000.000 so'mga kelishib, oldindan 2.000.000 so'm pullarni olib, yana 1.000.000 so'm pullarni berishini talab qilgan.
2024-yil 10-fevral kuni viloyat prokuraturasi, Departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda, Oqdaryo tumani, Ziyolilar ko'chasi, 19-uyda yashovchi fuqaro A.X.ning murojaatiga asosan, tumanning "Taraqqiyot" mahallasida o'tkazilgan tezkor tadbirda, "Oqdaryotumangaz" gaz ta'minot bo'limi boshlig'i Nosirov Mardon uning yashash xonadoniga tabiiy gazni ulab, eski gaz hisoblagich o'rniga yangisini o'rnatib, ro'yxatga qo'yib, hujjatlarini rasmiylashtirib va mavjud qarzdorligini yo'q qilib berish evaziga ta'magirlik yo'li bilan kelishilgan pullardan 1.000.000 so'mini fuqaro A.X.dan pora tariqasida olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Sudlanuvchi Nosirov Mardon, O'zbekiston Respublikasi JK 210-moddasi 2-qismining "v" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan O'zbekiston Respublikasi JKning 45-moddasini qo'llab, 2 yil muayyan huquqdan, ya'ni davlat ishtirokidagi tashkilotlarga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ilhom G'ULOMOV,
jinoyat ishlari bo'yicha tuman sudining sudyasi.
T.ALMAMATOV,
Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari bo'yicha sudyasi.