KORRUPSIYA - JAMIYAT KUSHANDASI

Ta'kidlash joizki, jamiyatni turli yo'llar bilan o'z iskanjasiga tortadigan, demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadigan, inson huquqlarini buzilishiga olib keladigan, hayot sifatini yomonlashtirib, olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarni samarasini yo'qqa chiqaruvchi illat bu korrupsiyadir.
Korrupsiya ma'lum bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga to'g'anoq bo'ladi. Aynan shu illat sababli ko'plab davlatlarning inqirozga yuz tutgani ham tarixdan ma'lum.
Barchangizga yaxshi ma'lum, muhtaram Prezidentimiz Sh. M. Mirziyoyevning tashabbuslari va qat'iy siyosiy irodalari bilan bu illatga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda.
Shu boisdan muhtaram Prezidentimizning rahbarligida olib borilayotgan islohotlarning negizida xalq manfaatlarining ustunligini ta'minlashga erishish uchun qonun ustuvorligini ta'minlash va korrupsiyaga qarshi qat'iy kurashni yo'lga qo'yib, avvalambor, korrupsiyaning oqibatlarini bartaraf qilishdan ko'ra, uning oldini olish choralarini ko'rish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yurtboshimizning ta'biri bilan aytganda, bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo'lmaydi, umuman jamiyatning birorta tarmog'i rivojlanmaydi.
Amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar haqida uzoq gapirish mumkin. Lekin ko'zlangan natijalarga hali to'liq erishmadik, afsuski, ayrim mansabdor shaxslarning o'z shaxsiy manfaatini jamiyat manfaatidan ustun qo'yishi islohotlar yo'liga g'ov bo'layotganligi ham ayni haqiqat.
Taassufki, tumanimizda 2024-yilning 9 oyida 31 nafar mansabdorlar turli ko'rinishdagi korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etganligi uchun javobgarlikka tortildi.
Bunday jinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori, e'tibor bering, 1 mlrd. 570 mln. so'mdan oshadi.
Mazkur jinoyatlarning 1 tasi bank, 1 tasi xalq ta'limi, 1 tasi sog'liqni saqlash, 1 tasi kadastr agentligi, 1 tasi o'rmon xo'jaligi xodimi, 1 tasi musiqa maktabi xodimi, 25 tasi hokim yordamchilari va tadbirkorlar tomonidan sodir etilganligini kuzatish mumkin.
Albatta, qonunbuzarliklar uchun chora qo'llash lozim. Shu bilan birga, ularning sabab va shart-sharoitlarini aniqlab, bartaraf etish ham muhim ahamiyatga ega. 
Muhtaram Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, qonunbuzilishlarni barvaqt oldini olish, profilaktika qilish esa eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo'lishi kerak.
Barchamizga yaxshi ma'lum, aholining farovon turmushi, yurt taraqqiyoti har jihatdan iqtisodiy soha rivoji bilan chambarchas   bog'liq.
Biroq, bu sohadagi korrupsiyaviy holatlar uning rivojiga jiddiy to'siq   bo'lmoqda.
Iqtisodiy sohadagi korrupsiya haqida so'z yuritganda, avvalo, byudjet mablag'laridan maqsadli va oqilona foydalanish yil sayin dolzarb muammoga aylanib borayotganligini tashvish bilan ta'kidlamoqchiman.
2024-yilning o'tgan davrida tumanda sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar bo'yicha jami 1 mlrd. 570 mln.so'm zarar yetkazilganligi aniq-lanib, bu qilmishlar uchun 31 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilib, tergovda 1 mlrd. 434 mln. so'mlik zararlarni davlatga qaytarilishi ta'minlandi.
Ma'lumki, mamlakat iqtisodiy taraqqiyotida banklar faoliyati, ta'bir joiz bo'lsa, hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Lekin barcha bank mutasad-dilari hali islohotlar mazmunini tushunib yetmagan ko'rinadi. 
Aksincha, bank xizmatlarini ko'rsatish, ayniqsa, kredit ajratishda suiiste'molchilik, ta'magirlik va mab-lag'larni talon-toroj qilish holatlari odat tusiga kirmoqda desak bunga yetarli asoslarimiz bor.
E'tibor bering! 2024-yilda tumandagi banklarning 1 nafar mansabdor shaxsi korrupsiya va mansabdorlik jinoyatlari uchun  javobgarlikka tortildi.
Masalan, S.Ergashev 2022-yil 1-dekabrdan 2023-yil 11-avgustga qadar "Mikrokreditbank" ATB Loyish filialining kichik va korporativ biznesga xizmat ko'rsatish sho'basi bosh mutaxassisi vazifasida ishlab kelib, ishdan bo'shatilganidan so'ng, joriy yilning 14-avgust kuni o'ziga oldindan tanish bo'lib, birga ishlagan "Mikrokreditbank" ATB Loyish filiali kassa tarmog'i kassir operatori M.Shermatovaga qarindosh va tanishlarining kredit mablag'lari uchun to'lov qilishini aytib, undan "Xumo" naqd pulsiz terminalini olib, terminal orqali jami 11 nafar fuqarolarning kredit mablag'lari uchun jami 212 mln. 758 ming so'm to'lov qilinishiga erishib, juda ko'p miqdordagi bank mablag'larini firibgarlik yo'li bilan qo'lga kiritgan.
Qishloq xo'jaligi sohasining rivoji, avvalo yer maydonlaridan oqilona va samarali foydalanishda ayrim rahbarlar qonun talablarini oyoqosti qilib, o'rnatilgan tartib-qoidalarni mensimasliklarini ochiqdan-ochiq namoyon qilmoqda.
Jumladan, J.Rabbimov 2021-yil fevral oyidan hozirgi kunga qadar Davlat kadastlar palatasi Samarqand viloyat boshqarmasi Oqdaryo filiali yerlarni auksionga chiqarish mutxassisi vazifasida ishlab kelib, Oqdaryo tuman hokimining 10.05.2022-yildagi "Elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadigan, qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan belgilangan huquqni davlat ro'yxatidan o'tkazish to'g'risida"gi 85-7-92-Q/22-sonli Qaroriga asos bo'lgan elektron-auksion savdolariga qo'yilgan jami 0,946 gektar sug'oriladigan yer maydonlarini qishloq xo'jaligi oborotidan chiqishiga sababchi bo'lgan.
Mazkur jinoyat ishi bo'yicha Rabbimov Jasur G‘ayrat o'g'li ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga O'zbekiston Respublikasi JKning 228-moddasi 2-qismi "a" bandi va 228-moddasi 3-qismi hamda 2294-moddasi 2-qismi "a, b" bandlari bilan ayb e'lon qilingan.
Ta'lim tizimidagi korrupsiyaviy holatlarni oldini olish bo'yicha ham ko'pgina ishlar amalga oshirilmoqda, erishilgan yutuqlar ham oz emas. Lekin, sohada muammolar to'liq bartaraf etildi, korrupsiyaga chek qo'yildi deb ayta olmaymiz.
Ko'rilgan choralarga qaramasdan, o'tgan davrda tizimdagi 1 nafar xodim tomonidan ta'lim jarayoni bilan bog'liq jinoyatlar sodir  qilingan.
Misol uchun, Karimov Kamoliddin Abdumu-rodovich 2019-yil sentabr oyidan bugungi kunga qadar Oqdaryo tuman maktabgacha va maktab ta'limi bo'limiga qarashli 56-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabi direktori lavozimida ishlab kelib, jami 11 nafar xodimlarning 72 mln. 320 ming 376 so'mlik naqd pul shakldagi oylik maoshlari hamda moddiy yordam pullarini to'lov ro'yxatlariga mazkur o'qituvchilar nomidan imzolarni o'zi qo'ygan holda hujjatlarni qalbakilashtirib o'zlashtirish yo'li bilan talon-toroj qilgan.
Endi energetika sohasidagi korrupsiya holatlariga  ham   to'xtalmoqchiman.
Joriy yilning o'tgan davrida viloyatda energetika ya'ni, elektr va tabiiy gaz sohasidagi 11 nafar tadbirkorlar jinoiy qilmishlari uchun javobgarlikka tortildi.
Masalan, A.Raximqulov nazorat qilinmaydigan daromad olish va noqonuniy yo'llar bilan boylik ortirish maqsadida elektr energiya tarmog'iga "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Samarqand hududiy filialining ruxsatisiz Vazirlar Mahkamasining 12.01.2018-yildagi "Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomil-lashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi 22-sonli Qarori talablarining 118-bandini qo'pol ravishda buzib, Oqdaryo tuman elektr tarmoqlari korxonasi tassarrufida bo'lgan 7145-sonli transformator punkti orqali elektron hisoblagichsiz krip-to-aktivlar mayningi uchun mo`l-jallangan 11 dona qurilmalarni elektr tarmog'iga tijorat maqsa-dida o'zboshimchalik bilan ulab, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ manfaatlariga jami 225 mln. 831 ming so'm zarar yetkazib, o'zganing juda ko'p miqdordagi mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilgan.
Bundan tashqari, mahallalarga biriktirigan tuman hokimi yordamchilarining ham korrupsiya holatlariga to'xtalmoqchiman.
Xususan, D.Bekboyev 2022-yil yanvar oyidan 2023-yil avgust oyiga qadar Oqdaryo tuman "Po'latdarxon" MFY hokim yordamchisi lavozimida ishlab kelib, mansab mavqeini suiiste'mol qilib, o'zining sheriklari bo'lgan MCHJ rahbari fuqarolar bilan til biriktirib jami 732 040 000 so'mlik kredit mablag'larini o'zlashtirish yo'li bilan talon-toroj qilgan.
Bu kabi misollarni ko'plab keltirish mumkin, achinarlisi, korrupsion jinoyatlar hozirgi kunda ham tumanda davom etib kelmoqda. Jinoyat sodir qilgan har bir shaxs albatta tegishli jazosini oladi. Yuqoridagi misollarda keltirilgan qonunni qo'pol ravishda buzgan barcha mansabdor shaxslar qilmishlariga yarasha sud hukmiga binoan tegishli jazolarga hukm qilinishgan. 
Yuqoridagi misollarni keltirishimdan yagona maqsad, oramizda korrupsiya degan yomon illatga barham berishga oz bo'lsa-da, o'z his-samni qo'shish edi.
Taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo'yayotgan O'zbekiston uchun korrupsiyaning har qanday shakldagi ko'rinishi islohotlar shiddatini susaytirishi bilan xavfli.
Shu boisdan ham davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev o'z vakolatiga kirishishi bilan Prezident sifatida imzo chekkan eng birinchi hujjat "Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonuni bo'ldi. 
Islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini ta'minlash mexanizmlari takomil-lashtirildi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi.
Albatta, bajarilgan ishlar salmoqli. Ammo biz kechagi qilgan ishimizning natijasiga mahliyo bo'lib qolsak, ertangi ishimizning yakuni biz kutganchalik bo'lmasligi tabiiy.
Korrupsiya shunday illatki, uni bir yoki ikki idoraning sa'y-harakati bilan yo'q qilib bo'lmaydi. Qachonki, barcha fuqarolarimiz, jamiyat unga qarshi birgalikda kurashib, uning ildizlarini yo'q qilishga kirishilsagina ijobiy natijaga erishish mumkin.
Adolat ustuvor bo'lgan mamlakatda esa taraqqiyot, xalq farovonligi, islohotlar samarasi ta'minlanadi.
Shu bois, mamlakat taraqqiy etishi va undagi xalq farovon yashashi uchun barchamiz birdek mas'uliyatni o'z zimmamizga olishimiz,  taraqqiyot kushandasi bo'lgan bunday salbiy illatga qarshi murosasiz kurashda faol bo'lishdan cho'chimasligimiz lozim.
Zero, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to'g'risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslar rag'batlantiriladi hamda  "Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida"gi Qonunga asosan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to'g'risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari davlat himoyasida bo'lishi kafolatlanadi.
 Qonunga asosan, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to'g'risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslar to'g'risidagi ma'lumotlar xizmat sirini tashkil etadi hamda faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va shaxsning o'zining, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha faoliyatni amalga oshiruvchi organ rahbarining yozma ruxsati asosida oshkor etiladi. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to'g'risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslar hamda ularning yaqin qarindoshlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to'g'risida xabar qilganligi sababli tajovuz qilishga, shuningdek ish beruvchi tomonidan ularning mehnatga oid huquqlari buzilishiga yo'l qo'yilmaydi hamda bu qonunga ko'ra javobgarlikka sabab bo'ladi.
Azizbek VAHOBOV,  
tuman prokurori, adliya maslahatchisi.