Cho‘milish havzalarida ehtiyotkorlik zarur

Har bir faslning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Yoz fasli ham o‘zining issiq kunlari bilan ajralib turadi. Shu sababli ko‘pchilik dam olish maqsadida tabiat qo‘yniga oshiqadi. Bolalar ham yozgi ta’tilni tog‘ bag‘ridagi so‘lim oromgohlarda o‘tkazishni afzal ko‘radilar. Yozda bolalarning eng sevimli mashg‘uloti — cho‘milish hisoblanadi.

Mavsumda bolalar xavfsizlik qoidalariga amal qilishlari zarur. Ular istalgan suv havzalarida cho‘milish mumkin emasligini unutmasliklari kerak. Bola suzishni yaxshi bilmasa, u holda qutqaruv halqalari, shishirilgan matras va nimchalardan foydalanishlari mumkin.

Cho‘milish uchun eng qulay vaqtni tanlab olish lozim. Chunki uzoq vaqt quyosh ostida cho‘milish oftob urishiga, terining kuyishiga olib kelishi mumkin. O‘zlarini suzishga usta deb hisoblagan bolalar ham me’yoridan ortiq cho‘milmasliklari kerak. Sababi suv sovuq bo‘lganda suvda uzoq vaqt suzish oqibatida oyoq qon tomirlari tortishi mumkin. Bundan tashqari, quyoshda ko‘p vaqt qizib o‘tirgandan so‘ng birdan suvga sho‘ng‘ish ham xuddi shunday noxush holatlarga olib keladi.

Oromgohlarda dam olayotgan bolajonlarimiz esa tarbiyachilarining talablarini bajarishi, o‘zboshimchalik bilan xohlagan joylarga bolalardan ajralgan holda yolg‘iz ketib qolmasliklari zarur. Negaki, ular hududni yaxshi bilmaganliklari sababli, turli noxushliklarga duch kelishlari mumkin.

Oqdaryo tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi Tezkor bo‘linmasi boshlig‘i
Mayor A’zam Xudoyqulov
2025 yil 9 iyun