Sharafli kasb egalari FIDOYI SHIFOKOR

Sharafli kasb egalari

FIDOYI SHIFOKOR

Shunday insonlar borki, ularning hayoti,  qilgan mehnati butun bir avlod salomatligida namoyon bo'ladi. Shunday fidoyi shifokorlardan biri Abduaziz Otaqulovdir.

Abduaziz Otaqulov 1966-yil 27-fevral kuni tumandagi A.Temur MFY ga qarashli Chayjavul qishlog'da tug'ilgan. U maktab davridayoq a'lo baholarga o'qib, kelajakda shifokor bo'lishni o'z oldiga aniq maqsad qilib qo'yganligi bois  1983-yilda Samarqand tibbiyot institutiga o'qishga kirdi. 1989-yilda oliy ta'lim muassasasini muvaffaqiyatli tamom-lagan yosh mutaxassis mehnat faoliyatini tuman shifoxonasida boshladi.

Shundan buyon u tibbiyot sohasiga sadoqat bilan xizmat qilib kelmoqda.

Hozirgi kunda Abduaziz Otaqulov tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli "Shoshilinch tibbiy yordam bo'limi"da pediatr shifokor sifatida faoliyat yuritmoqda. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, o'z kasbining fidoyisi bo'lgan   shifokor kunu tun xalqimiz xizmatida. Kechasi bo'ladimi, erta tongmi dardiga shifo istab kelgan bemorlarga astoydil yordam ko'rsatish uning kundalik hayot tarziga aylangan.

A.Otaqulovlar oilasida tibbiyot faqat kasb emas, balki hayot falsafasi desak, mubolag'a bo'lmaydi. U kishining turmush o'rtog'i Xayrullayeva Xafiza opa ham uzoq yillar tumanimizdagi qishloq vrachlik punktida hamshira bo'lib faoliyat yuritib, ayni paytda nafaqada. Hafiza opa ham qishloq aholisiga "qo'li yengil hamshira" sifatida tanilgan. Kimningdir bolasi isitmalasa, kimningdir qon bosimi ko'tarilsa, Hafiza opa hech qachon "vaqtim yo'q" demagan. U insonlarning dardiga darmon bo'lishni ozining insoniy burchi deb bilgan. Dard bilan kelgan odamni hech qachon ortga qaytarmagan,  o'z bilim va tajribasini ayamasdan qishloq ahlining hurmatiga erishgan.

Abduaziz Otaqulov va Hafiza opa ikki o'g'il va bir qizni voyaga yetkazib, ularni elga nafi tegadigan, jamiyatga foydali insonlar qilib tarbiyalashga muvaffaq bo'lishdi. Bu esa ularning nafaqat kasbiy, balki oilaviy mas'uliyatni ham chuqur his qilganidan dalolat beradi.

Darhaqiqat, o'z kasbining fidoyisi bo'lgan bunday insonlar haqida har qancha gapirsak, ularning mashaqqatli va sharafli mehnatini e'tirof etsak kamlik qiladi. Chunki ana shunday fidokor mehnat egalari jamiyatimizning chinakam tayanchi hisoblanadi.                                


 Amina XURRAMOVA.