Kontrafakt mahsulotlardan ehtiyot bo'ling!

Kontrafakt tovarlarning asosiy foydalanish shakli bu tovar belgilaridir. Qonunchilikka ko'ra, biror-bir belgi hukumat tomonidan vakolat berilgan davlat idorasida maxsus ro'yxatdan o'tkazilganidan so'ng tovar belgisi maqomini oladi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4965-son qaroriga muvofiq intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarlikni manzilli aniqlash va kurashish maqsadida Intellektual mulk himoyasi boshqarmasi hamda Agentlikning Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Intellektual mulk himoyasi markazlari tashkil etilgan. U belgilarni tovar belgisi sifatida ro'yxatdan o'tkazish uchun talabnoma qabul qiladi, ular bo'yicha ekspertiza o'tkazadi va muhofaza hujjatlarini beradi.

O'zbekiton Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 1771-moddasiga asosan asarlardan yoki turdosh huquqlar ob'yektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek asarlarning yoki turdosh huquqlar ob'yektlarining kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish, barchaning e'tiboriga yetkazish yoxud asarlarning yoki turdosh huquqlar ob'yektlarining nusxalarida ularning tayyorlovchilari haqida, ularni ishlab chiqarish joylari to'g'risida, shuningdek mualliflik huquqining va turdosh huquqlarning egalari haqida yolg'on axborotni ko'rsatish, - asarlarning va turdosh huquqlar ob'yektlarining kontrafakt nusxalarini, shuningdek ularni takrorlash hamda tarqatish uchun foydalaniladigan materiallar va uskunalarni hamda boshqa huquqbuzarlik sodir etish qurollarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan o'n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi. 

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma'muriy jazo chorasi qo'llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo'lsa, asarlarning va turdosh huquqlar ob'yektlarining kontrafakt nusxalarini, shuningdek ularni takrorlash hamda tarqatish uchun foydalaniladigan materiallar va uskunalarni hamda boshqa huquqbuzarlik sodir etish qurollarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o'n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - o'n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.

I.Umarov,

tuman adliya bo'limi bosh maslahatchisi.