O'zaro kelishmovchilik oqibati

Sudlanuvchi Fayoz Ziyoyev  2022-yil 24-sentyabr kuni soat 14:00 lar chamasida Oqdaryo tumani, "Yangiravot-1" mahalla fuqarolar yig'iniga qarashli, "Qoraqipchoq" qishlog'idagi mahalliy savdo do'koni oldida shu mahallaning "Chuqur" qishlog'ida yashovchi fuqaro Shahzodjon Shokirov bilan o'rtalarida paydo bo'lgan o'zaro kelishmovchilik natijasida janjallashib qolishadi. F.Ziyoyev o'zaro janjal davomida fuqaro Sh.Shokirovning badaniga qasddan "og'ir" tan jarohati yetkazadi. Uning o'ng qulog'ini tishlab, ma'lum bir qismini uzib oladi. Natijada o'ng qulog'ini tuzalib bo'lmas darajada xunuklashishiga olib kelgan qasddan badanga "og'ir" tan jarohatlari yetkazadi.

RSTEIAM Samarqand filialining 2022-yil 21-oktyabr kungi 365-sonli ekspert xulosasida, fuqaro Shokirov Shahzodjonning tanasida, ya'ni boshining ensa sohasi yumshoq to'qimalar lat yeyishi, o'ng quloq suprasi sohasida tishlangan yara teri deffekti bilan tan jarohatlari aniqlangan. Shuningdek, RSTEIAM Samarqand filialining 2022-yil 22-noyabr kungi 48/365-sonli qo'shimcha sud tibbiy ekspert xulosasida, fuqaro Shokirov Shahzodning tanasida mavjud bo'lgan o'ng quloq suprasidagi jarohatdan keyingi chandiqli deffekti o'z-o'zidan silliqlashib ketmasligi, chandiqni bartaraf qilish uchun rejali ravishda kosmetik operasiya muolajasi o'tkazilishi lozimligi ko'rsatilgan.

Sud sudlanuvchi F. Ziyoyevning aybiga to'liq iqrorligini, qilmishidan chin ko'ngildan pushaymonligini, muqaddam sudlanmaganligini, oilalik bo'lib, qaramog'ida 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini, oilaviy sharoitini, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararlarni to'liq qoplaganligini, jabrlanuvchining unga nisbatan da'vosi yo'qligini u tomonidan sodir etilgan jinoyatining ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlarni inobatga olib, unga nisbatan qonun sanksiyasida ko'rsatilgan ozodlikni cheklash jazosi tayinlashlikni hamda yashash joyidan har kuni kech soat 23:00 dan ertalab soat 06:00 gacha chiqishini cheklashni, shuningdek, unga nisbatan qo'llanilgan garov ehtiyot chorasini bekor qilishlikni lozim deb topdi.

Sudlanuvchi Fayoz Ziyoyevga O'zbekiston Respublikasi JK 104-moddasining 1-qismi bilan 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

                                  I.Doniyorov,

jinoyat ishlari bo'yicha tuman sudining raisi.