TA'LIM SOHASIDAGI ISLOHОTLAR AMALDA

Joriy yilning 28-yanvar kuni Prezidentimiz maktab ta'limini rivojlantirish masalalariga bag'ishlangan, mamlakatimiz kelajagi uchun yuksak ahamiyatga molik yig'ilish o'tkazdi. Yig'ilishda muhim qarorlar qabul qilingani va ko'plab vazifalar belgilab berilgani bugun xalq ta'limi   tizimining davlat siyosati darajasidagi asosiy masalalaridan biri ekanligini ifodaladi. Zero, kelajak avlodning ta'lim-tarbiyasi poydevori aynan maktab sanaladi.
O'zbekistonda ta'lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasini biz o'qituvchilar diqqat va mas'uliyat bilan tingladik va o'zimizga tegishli xulosalarni oldik.
Ta'lim sifatini yuksaltirishda ikkita asosiy yo'nalish mavjud. Birinchisi, o'qituvchilarning bilim saviyasi, kasb mahoratini oshirish. Davlatimiz rahbari endilikda yuqori malakali, o'z ustida doimiy ishlaydigan muallimlar faoliyatini yangi yondashuvlar asosida qo'llab-quvvatlash, mahoratli pedagoglar tajribasidan samarali foydalanib, ularning o'qitish metodikasini ommalashtirish kabi vazifalarni ilgari surdi. Prezidentimiz o'qituvchi bilimli bo'lmasa kelajak avlodga hech narsa bera olmasligini kuyunib qayd etar ekan, bugun ayrim pedagoglar sifatli dars o'tishga emas, ko'proq soat olishga intilishini alohida qayd etib o'tdi. Darhaqiqat, shunday. Ming afsuski, bugun o'qituvchilarni bolalarning ta'lim olishi emas, ko'proq o'z manfaati qayg'uga soladi, go'yo. Shu sababli, har birimizga ta'limga bo'lgan yondashuvni qayta ko'rib chiqish vazifasi topshirildi. Shu bilan birga xalq ta'limi sohasidagi islohotlarga barcha vazirlik va idoralar birdek mas'ulligi alohida ta'kidlandi. Endilikda maktab ta'limini isloh qilish kengashlari tuzilishi va ularga shaxsan Prezidentimizning o'zlari rahbarlik qilishlari sohada keskin burilish kutilayotganidan darak beradi. 
Davlatimiz rahbari topshirig'iga ko'ra, boy tajribaga ega pedagoglar faoliyatini qo'llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilayotgan Xalq ta'limi vazirining maxsus jamg'armasi o'qituvchilarning ish faoliyatini yanada rivojlantirish uchun o'ziga xos motivatsiya beradi. 
Prezidentimiz tomonidan ta'lim sohasida Xalqaro darajalarda bellashishimiz uchun ham O'zbekistonda ta'lim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablag'lar  yo'naltirilganligi aytib o'tildi. Biz o'qituvchi va murabbiylarga yuksak hurmat  ko'rsatib, xalq ta'limini rivojlantirishda  dolzarb jihatlariga alohida to'xtalib o'tildi. Sifatli ta'lim tizimi zamon talablariga javob beradigan va barcha shart-sharoitlarga ega maktablar, ularda malakali pedagog-kadrlar boshqaruvchilik va liderlik qobiliyatiga ega maktab direktorlari kerakligi yig'ilishda ta'kidlab o'tildi.
 Tuman XTB ga qarashli 55-umumta'lim maktabimiz jamoasi ham 2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ko'zda tutilgan maqsadlarning mazmun-mohiyatini chuqur o'rganish bilan bir qatorda o'zimizning bu boradagi vazifalarimizni ham belgilab oldik. Ayni paytda maktabimizda faoliyat ko'rsatayotgan 25 nafar o'qituvchi 180 nafar o'quvchiga ta'lim va tarbiya bermoqda. O'tgan o'quv yilida 13 nafar bitiruvchilarimizning 4 nafari oliy ta'limga o'qishga kirishgan bo'lsa, ularning 1 nafari xalqaro miqyosdagi nufuzli oliy ta'lim yurtiga davlat granti asosida o'qishga qabul qilindi.
Darhaqiqat, ta'lim sifatini yaxshilash uchun har bir o'qituvchi chetda qarab turmasdan zamon bilan hamnafas bo'lib mehnat qilishi, shundagina mehnatning mevasi hosil berishi mumkin. Yutuqlarimiz o'zimizniki, kamchiliklarni esa o'z vaqtida bartaraf etish kerak. Avvalo, pedagog maktabga kelar ekan, har bir dars uchun yangi g'oya, yangicha qarash, kreativ fikr hamda amaliy ko'nikmalarga to'lib-toshib kelmog'i lozim. Shunday ekan, sifatli va samarali dars o'tishni maktabimiz o'qituvchilari o'zlarining birinchi galdagi vazifasi deb belgilab olishdi.
Dilfuza ERGASHEVA,
55-umumta'lim maktabining direktori.