21-oktabr - o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun

QADRING BALAND BO'LSIN, ONA TILIM


Til - har bir millat o'zligining ajralmas belgisi, xalqni xalq, millatni millat qiladigan ramzlardan biri sanalib, asrlar osha ajdoddan-avlodga meros bo'lib yetib keladigan o'zaro muomala vositasidir. Hazrat Alisher Navoiyning "Tilga ixtiyorsiz - elga e'tiborsiz",  degan hikmatida ham olam-olam ma'no bor. Har bir millatning birinchi ramzi; uning tilidir. Til yashasa, millat ham barhayot bo'ladi. O'z ona tilini mukammal bilgan inson boshqa tillarni ham tez o'rganadi.

Bundan roppa-rosa 37 yil muqaddam o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu o'z davrida tom ma'noda olamshumul voqea bo'lgan edi. Chunki, Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug'bek, Bobur Mirzo kabi buyuk siymolarni yetishtirgan xalqning tili yo'qolish arafasiga kelib qolgan edi.

Mustaqillikka ilk qadamlar tashlana-yotgan davrdayoq birinchi Prezidentimiz Islom Abdug'aniyevich Karimov tashabbusi bilan o'zbek tiliga davlat maqomini berish masalasi kun tartibiga qo'yilib, bu ish amalga oshirilgan edi. Shunday qilib, 1989-yil 21-oktabr sanasida ona tilimiz - o'zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. O'zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi va har yili 21-oktabrning mamlakatimizda til bayrami sifatida keng nishonlanishi ona tilimizga bo'lgan cheksiz hurmat, ma'naviya-timizga, millatimizga bo'lgan yuksak e'tibor namunasidir.

Ona tili - millatning ruhi, uning ko'zgusidir. Til - davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish - millatning yuksalishi demakdir. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo'yilgan. Ya'ni ona tilimiz mustaqil davlatimizning Bayrog'i, Gerbi, Madhiyasi bilan bir qatorda turadigan, qonun yo'li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramzi hisoblanadi.

Bugungi kunda ming afsuski, ona tili haqida balandparvoz she'rlar yozish, yod aytish, ularni qo'shiq qilib kuylash, til haqida ma'ruzalar o'qish, turli tadbirlar o'tkazish tilga e'tibor sanaladi.

Aslida tilga e'tibor odamlarning ona tilini o'z onasi kabi hurmat qilishi, avaylashi, til sofligini asrashni burch, deb qabul qilishi bilan bog'liqdir. Shuningdek, insonning o'z ona tiliga munosabati - uning ma'naviyatliligi mezoni hisoblanadi. Shu o'rinda aytish kerak, tilga e'tibor eng avvalo ona tilining me'yorlarini va qoidalarini mukammal o'rganish, unga rioya qilish, tilni qadriyat sifatida hurmat qilish bilan bino bo'ladi.

To'g'ri, o'zbek tili shevalarga boy til. Hamma shevalar o'ziga xos, hammaning shevasi o'ziga mos. Ammo, o'zbek adabiy tili ham bor ekanligini unutmaslik kerak. To'qson ikki bovli o'zbek xalqining bir tilda so'zlashishi va bir-birlarini to'g'ri tushu-nishi uchun o'zbek adabiy tili yaratilgan. Respublikamizdagi barcha rasmiy, noras-miy matbuot vositalari adabiy til me'yorlariga amal qilgan holda faoliyat olib boradi. Barcha davlat idoralari o'zbek adabiy tilida ish yuritadi. Barcha turdagi ta'lim muassasalarida ta'lim o'zbek adabiy tilida beriladi. Har bir inson qo'liga yetuklik attestatini olgunga qadar o'zbek tilidan o'nlab imtihon sinovlaridan o'tadi. Demak,  hamma o'zbek adabiy tilida so'zlasha oladi.

Tilni hurmat qilgan odam, tilimizga chetdan kirib kelayotgan so'zlarni agar o'z tilimizda muqobili bo'lsa, imkon qadar ishlatmasligi kerak. Ko'pincha ingliz tilini bilgan odam inglizcha, rus tilini bilgan odam ruscha, turk tilini bilgan turkcha so'zlarni muomalada ko'proq qo'shib ishlatishini ko'ramiz. Bu muomala madaniyati emas, o'zini bildirib qo'yish uchun qilinadigan amal. Hamma o'z tilini hurmat qilishi, o'zbek adabiy tilida so'zlashishi kerak. Qolaversa, bizning tilimizni o'rganayotgan o'zga millat vakillari ham eng avvalo bizning muloqot madaniyatimizga e'tibor beradi. Bizdan o'rganadi. Bizdan o'rnak oladi.

Bugun o'zbek tili O'zbekiston Respublikasining davlat tilidir. O'zbek tiliga shu maqom berilishi uchun qanchadan-qancha ziyoli-larimiz jon kuydirishdi. Qancha millat jonku-yarlari shu yo'lda shahid bo'lishdi. Aynan ularning mehnati, zahmati, to'kkan qonlari sabab tilimizga davlat tili maqomi berilgan. Biz esa bu tilda eplab gapira olmayapmiz, to'g'ri yoza olmayapmiz. Ammo e'tibor bering, ko'chalarimiz xato yozilgan afisha-yu reklamalarga to'lib ketdi. Internet tarmoqlaridagi o'zbek tiliga, o'zbek madaniyatiga xos bo'lmagan fikr-mulohazalar,   uzuq-yuluq so'zlashuvdagi xato va kamchiliklarga aslo toqat qilib bo'lmaydi. Ustiga-ustak, ajnabiy yozuvlarni do'konlarimiz, ofisla-rimiz, bozorlarimiz boshiga ko'taradigan bo'ldik. Axir, bu kabi e'tiborsizliklar, xato-kamchiliklar savobsizlikning bir ko'rinishi emasmi?!

Xulosa qilib aytganda, xalqi-mizning ko'p asrlik madaniy, ilmiy-ma'rifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin hamda bebaho mahsuli bo'lgan o'zbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar jarayonida  davlat tilining hayotimizdagi       o'rni va nufuzi tobora ortib borayotir. Shunday ekan, ona tilimizni sevmoq, ardoqlamoq va uning obro'-e'tiborini dunyo miqyosiga ko'tarmoq har birimizning vazifamizdir.

                       

Gulsara TINIBEKOVA.