21-oktabr - O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun QADRING BALAND BO'LSIN, ONA TILIM!

Til - xalqning, millatning eng buyuk qadriyatlaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun xalqning ozodlikka, o'zligini anglab yetishga intilishida tilning qadrini tiklash, nufuzini oshirish muhim o'rin tutadi. Alisher Navoiyning temuriylar davrida o'zbek tilining obro'yi uchun kurashgani ham shundan dalolat beradi. XX asr boshida ma'rifatparvar bobolarimiz xalqni ilmga chorlash uchun tilni, alifboni isloh etishga harakat qilishgani ham ulkan ma'rifiy ahamiyatga ega bo'ldi. O'tgan asrning so'ngida esa xalqimiz Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov boshchiligida mustaqillik uchun kurash olib borar ekan, avvalo, tilimizga davlat tili maqomini berish yo'lida sa'y-harakatlar qildi va 1989-yilda, hali sobiq mustabid tuzum hukmronligi tugamagan bir paytda bu ishni amalga oshirdi.
Mustaqillikka erishganimizdan keyin o'zbek tili rivojiga katta e'tibor berilgani natijasida Konstitutsiyamizda, "Davlat tili haqida"gi Qonunda o'zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi, uni rivojlantirishning huquqiy asoslari belgilab qo'yildi. Shu tariqa o'zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog'i, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo'li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi. Bu ona tilimiz taraqqiyotida ilgari hech ko'rilmagan yangi davr boshlan-ganining ifodasi edi.
Bugungi kunda davlatimizning eng muhim hujjatlari o'zbek tilida yozilmoqda. Ona tilimiz davlatlararo muloqotlarda, dunyoning nufuzli minbarlarida, xalqaro anjumanlarda ham keng qo'llanmoqda. U istiqlol yillarida milliy g'urur manbaiga, mustaqilligimiz timsoliga aylanib qoldi. O'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun mamlakatimizda til bayrami sifatida nishonlanmoqda.
Diyorimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tilimiz rivojiga ham ijobiy ta'sir etmoqda. Uning lug'at xazinasi yangi so'z va tushunchalar bilan boyib, xorijiy tillar bilan aloqasi kuchayib bormoqda. Shu bilan birga, ona tilimizning imkoniyatlaridan keng foydalanish, uning xalqaro maydondagi obro'-e'tibori va nufuzini yuksaltirish, eng zamonaviy soha va tarmoqlarda faol qo'llanishini ta'minlash bo'yicha ko'pgina ishlarni amalga oshirishimiz lozim. Ana shu jarayonda ishtirok etish ona tilimizdan bahramand bo'lib voyaga yetgan, shu til orqali o'zini, o'zligini, butun dunyoni tanigan insonlar sifatida siz-u bizning ham farzandlik burchimizdir. Bu haqda so'z yuritganda, bobomiz Alisher Navoiyning "Tilga e'tiborsiz - elga e'tiborsiz", degan so'zlarida naqadar chuqur hayotiy haqiqat mujassam ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.
O'zbek tili dunyoning eng qadimiy va boy tillaridan biridir. Bu tilning beqiyos imkoniyatlari qadimiy toshbitiklarda, xalqimizning zamonlar sinovidan o'tib kelayotgan maqol va hikmatli so'zlari, betakror iboralari, qo'shig'-u dostonlarida, mumtoz shoirlarimiz, XX asrdagi ijodkorlarimiz asarlarida yaqqol namoyon bo'lgan.
Ona tilini sevish - vatanparvarlik belgisi, ajdodlar ruhiga hurmat ramzi. O'z tilini asrab-avaylagan xalq o'zligini, g'ururini asrab-avaylagan boladi. Ona tilimizda xalqimizga xos his-tuyg'ular, tushuncha va tasavvurlar, urf-odat hamda an'analar chuqur aks etgan. Ularni faqat o'zbek tili orqali ifoda etish mumkin. Chunki bu tushunchalar ko'proq bizning xalqimizga xos va ularni bayon etishga ham faqat shu xalqning tili qodir. Bir so'z bilan aytganda, ona tilimiz xalqimiz dilining tubida bo'lgan eng murakkab tuyg'u va tushunchalarni ham ifoda eta oladi. Chunki bu til necha asrlar, ming yillar davomida shu xalq bilan birgalikda shakllangan. Shuning uchun ham ona tili millatning ruhi deymiz. Ona tiliga bo'lgan muhabbat, avvalo, har bir so'zning ma'nosini chuqur anglagan holda ishlatish, uni yaxshi bilish, asrab-avaylash kabi fazilatlarda ko'rinadi.
Til bilish - madaniyat belgisi. Xalqimiz ta'biri bilan aytganda, til bilgan el biladi. Shuning uchun ota-bobolarimiz qadim-qadimdan ikki-uch tilni bilgan. Bu esa ularga boshqa millat vakillari bilan erkin muloqot qilish, ulardan o'rganish va ular bilan tinch-totuv, hamkor-u hamnafas bo'lib yashash imkonini bergan. Ayniqsa, bugungi kunda, mamlakatimiz butun dunyo bilan keng ko'lamda hamkorlik qilayotgan paytda til bilish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuning uchun yurtimizda nufuzli xalqaro tillar sirasiga kiradigan tillarni o'rganishga ixtisoslashgan maxsus maktab va litseylar, oliy o'quv yurtlari ochilmoqda, talabalarimiz til o'rganish uchun xorijga yuborilmoqda. Lekin ona tili har qanday sharoitda ham inson uchun ruhiy tayanch bo'lib qoladi. Ayniqsa, milliy o'zlikni anglash, "Kim edim-u, kim bo'ldim?" degan savolga javob topish, xotira tuyg'usi bilan yashashda ona tilining ahamiyati beqiyos. Aynan ona tili tufayli inson o'z ajdodlari bilan doimo ruhiy muloqot qilib yashaydi. Ya'ni, ularning aytgan o'gitlari, yozib qoldirgan asarlari, qilgan ezgu ishlari ona tili orqali avloddan avlodga o'tib boradi. Shunday qilib, ona tilini puxta bilish, u bilan g'urur-iftixor qilish milliy ma'naviyat, o'zlik ifodasi bo'lsa, boshqa tillarni bilishga intilish madaniyat belgisi, qo'shimcha bilim quroliga ega bo'lishdir.
G.Abdurahmonova,
            32-maktabning ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi.