MILLIY MADANIYATIMIZ KO‘ZGUSI

Milliy tilning ishlov berilgan, boy leksik zaxirasi va grammatik tuzilishi me’yorlashtirilgan hamda uslublar tizimi rivojlangan oliy shakli adabiy til hisoblanadi.
Adabiy til (nutq) so‘z san’atkorlari - yozuvchilar, shoirlar, olimlar tomonidan ishlangan, qat’iy me’yorlarga ega bo‘lgan nutq ko‘rinishidir. Adabiy tilda (nutqda) har bir so‘z va qo‘shimchaning talaffuzi, imlosi, qo‘llanishi, ma’nolari aniq me’yorlar bilan chegaralangan. Bu me’yorlarni buzish qo‘pol xato sanaladi. Odatda, barcha rasmiy yozishmalar, hujjatlar, o‘qitish ishlari, matbuot xabarlari adabiy tilda amalga oshiriladi. Adabiy nutq me’yorlarini buzish nafaqat savodsizlik va madaniyatsizlik, balki o‘z ona tiliga nisbatan hurmatsizlik belgisidir.
Tarixan tarkib topgan, qat’iy me’yorlarga bo‘ysunuvchi, so‘zlashuvchilarning qaysi hududda yashashidan qat’iy nazar barchasi uchun umumiy bo‘lgan til adabiy til sanaladi.
Adabiy til har qanday tilning oliy shakli sanaladi va lug‘at tarkibining boyligi, grammatik qurilishining tartibga solinganligi, qat’iy me’yorlarga amal qilishi, uslubning rivojlanganligi bilan xarakterlanadi. Til kishilik jamiyatida fikr almashish, aloqa-aralashuvning eng asosiy vositasidir. U yozma va og‘zaki nutq jarayonida o‘z ijtimoiy vazifasini bajaradi.
Harflar vositasida yozma ravishda bayon qilinuvchi adabiy til yozma adabiy til sanaladi. Masalan gazeta-jurnallar tili, ish qog‘ozlari tili va boshqalar.
Tovushlar vositasida og‘zaki ravishda bayon qilinuvchi adabiy til shakliga og‘zaki adabiy til deyiladi. Masalan, radio, televideniye orqali uzatiluvchi suxandon yoki jurnalist nutqi va hokazolar.
Adabiy tilning shakllanishi va me’yorlarining barqarorlashuvida yozma shakl asosiy o‘rin tutadi. Adabiy tilning rivojlanishida badiiy asarlarning xizmati katta, chunki adabiy til me’yorlarining shakllanishida adabiyotning ta’siri kuchli bo‘ladi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan adabiy til bilan badiiy til bir narsa emas. Badiiy tilda adabiy til bilan birgalikda turli shevalarga yoki kasb-hunarga mansub personajlar nutqi ham ishtirok etadi.
Masalan:
Odamlar aqlining chirog‘i bilim,
Balodan saqlanish yarog‘i bilim.
Rudakiy.
Badiiy til (badiiy nutq) adabiy tilning og‘zaki so‘zlashuv uslubi, publisistik uslub, rasmiy uslub singari uslublaridan biri, ya’ni badiiy uslub sanaladi. Ko‘rinadiki, adabiy til badiiy tildan kengroq tushuncha bo‘lib, badiiy tilni ham o‘z ichiga oladi.
Nutqning adabiy va shevalarga xos ko‘rinishlari bor. Xalq shevalari adabiy tilning boyib borishida o‘ziga xos tuganmas manba vazifasini o‘tasa-da, ular adabiy til me’yorlaridan tashqaridadir. Adabiy til leksikada ham, fonetika va grammatik qurilish sohasida ham o‘z me’yorlari, qoidalari bilan ajralib turadi. Bu me’yorlar grammatika darsliklari, qo‘llanmalari va barcha xil lug‘atlarda belgilab qo‘yilgan. Bu me’yorlar shu tilda so‘zlashuvchi barcha kishilar uchun umumiy va zaruriy hisoblanadi. Umumxalq tilining qayta ishlanishi negizida shakllanib, mahalliy dialektlarning umumiy zaruriy xususiyatlarini o‘ziga singdira borgan adabiy til ayni zamonda umumxalq tilining turli ko‘rinishlaridan - jonli so‘zlashuv nutqidan ham, mahalliy shevalardan ham, jargonlardan ham farq qiladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, adabiy til, uning me’yorlari va qonuniyatlari balog‘atga yetgan, kamolatga erishgan kishining shakllanishi jarayonida o‘rganib, o‘zlashtirib olinadi. Shunday ekan, bu borada ayniqsa, oila va maktab, oliy o‘quv yurti, adabiy tilni egallagan shaxslar, olimlar bilan yaqin aloqada bo‘lib turish va ular ko‘magida turli janrdagi adabiyotlarni o‘qish, o‘rganish muhim ahamiyatga ega ekanligini yosh avlod ongiga singdirish biz pedagoglarning asosiy vazifamizdir.
Shahnoza TO‘RAYEVA,
5-maktabning ona tili
va adabiyot fani o‘qituvchisi.
Мавзуга оид:

AHOLINI RO'YXATGA OLISH TARTIBI
- 18 ноя, 11:46

SHE'R QANDAY YOZILADI?!
- 12 авг, 14:00

21-oktabr O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
- 21 окт, 10:27