Yurist maslahati Qonun va amaliyot tahlili meros kimga qoladi?
Yurist maslahatiQonun va amaliyot tahlili
meros kimga qoladi?
Inson hayoti davomida mehnat qilib mol-mulk orttiradi, oila quradi, farzand tarbiyalaydi va kelajak avlod uchun ma'lum moddiy hamda ma'naviy meros qoldiradi. Ana shu merosning qonuniy, adolatli va nizosiz tarzda avloddan-avlodga o'tishi esa vorislik huquqi orqali ta'minlanadi. Shu bois, meros masalasi nafaqat huquqshunoslar, balki har bir fuqaro uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining vorislik huquqiga bag'ishlangan normalari fuqarolarning mulkiy huquqlarini himoya qilish, oila a'zolari o'rtasida adolatni ta'minlash va meros bilan bog'liq mojarolarning oldini olishga xizmat qiladi. Amaliyotda esa aynan meros taqsimoti, vasiyatnoma, ulushlarni belgilash yoki merosdan chetlatish bilan bog'liq nizolar eng ko'p uchraydigan fuqarolik ishlaridan biri hisoblanadi.
Qonunchilikka ko'ra, vorislik ikki asosda amalga oshiriladi: vasiyat bo'yicha va qonun bo'yicha. Agar shaxs hayotligida vasiyatnoma tuzgan bo'lsa, uning mol-mulki asosan shu hujjatda ko'rsatilgan tartibda taqsimlanadi. Agar vasiyatnoma mavjud bo'lmasa yoki barcha mol-mulk taqdiri unda belgilanmagan bo'lsa, meros qonun asosida taqsimlanadi.
Amaliyotda ko'pchilik "meros" tushunchasini faqat uy-joy yoki pul mablag'i bilan bog'laydi. Aslida esa meros tarkibiga meros qoldiruvchiga tegishli bo'lgan va uning vafotidan keyin ham bekor bo'lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar kiradi. Masalan, kvartira, hovli, avtomobil, yer uchastkalari, bank omonatlari, aksiyalar, qarz talab qilish huquqi kabilar meros tarkibiga kiradi.
Shu bilan birga, ayrim huquqlar shaxs bilan chambarchas bog'liq bo'lgani sababli meros sifatida o'tmaydi. Jumladan, aliment huquqi, pensiya olish huquqi, sog'liqqa yetkazilgan zarar uchun tovon olish huquqi yoki shaxsiy nomulkiy huquqlar meros tarkibiga kirmaydi.
Ko'p uchraydigan holatlardan biri - umumiy mulkdagi ulushni meros qilib olish masalasidir. Masalan, er-xotin nikoh davomida kvartira sotib olgan bo'lsa, ushbu mulk umumiy birgalikdagi mulk hisoblanadi. Agar turmush o'rtoqlardan biri vafot etsa, avval uning ushbu mulkdagi ulushi aniqlanadi, shundan keyingina meros taqsimoti amalga oshiriladi.
Merosning ochilishi fuqaro vafot etgan paytdan boshlanadi. Agar shaxs sud qarori bilan vafot etgan deb e'lon qilinsa, sud qarori kuchga kirgan kun meros ochilgan vaqt hisoblanadi. Bu qoida ayniqsa tabiiy ofatlar, fuqaroning bedarak yo'qolishi yoki halokat holatlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Qonun yana bir muhim masalani belgilaydiki, agar bir-biridan keyin meros olish huquqiga ega bo'lgan shaxslar bir kalendar sutka ichida vafot etgan bo'lsa, ular bir vaqtda vafot etgan deb hisoblanadi. Bu holatda har biri bo'yicha alohida meros ishi ochiladi.
Merosning qayerda ochilishi ham muhim huquqiy ahamiyatga ega. Odatda meros ishi marhumning oxirgi doimiy yashash joyida yuritiladi. Agar bu ma'lum bo'lmasa, ko'chmas mulk joylashgan hudud meros ochilgan joy hisoblanadi. Bu tartib notarial harakatlarni amalga oshirishda aniqlik yaratadi.
Qonunchilikka ko'ra, meros ochilgan vaqtda tirik bo'lgan fuqarolar merosxo'r bo'lishi mumkin. Shuningdek, meros qoldiruvchi vafot etgan vaqtda homila holatida bo'lgan va keyin tirik tug'ilgan bola ham meros huquqiga ega hisoblanadi. Bu bolalar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan muhim ijtimoiy kafolatdir.
Vorislik huquqidagi eng muhim institutlardan biri - noloyiq merosxo'rlarni merosdan chetlatish hisoblanadi. Qonunga ko'ra, meros qoldiruvchini qasddan o'ldirgan yoki uning hayotiga suiqasd qilgan shaxslar meros olish huquqidan mahrum etiladi. Shuningdek, meros qoldiruvchining oxirgi irodasini amalga oshirishga qasddan to'sqinlik qilgan shaxslar ham merosdan chetlashtirilishi mumkin.
Amaliyotda yana bir muhim masala - ota-onalik huquqidan mahrum etilgan shaxslarning meros huquqidir. Qonun bolalariga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum etilgan va bu huquqi tiklanmagan shaxslarni farzandidan meros olish huquqidan mahrum qiladi. Shuningdek, o'z farzandini ta'minlash majburiyatidan bo'yin tovlagan ota-ona yoki voyaga yetgan farzand ham qonun bo'yicha voris bo'la olmaydi.
Vorislik huquqi - bu shunchaki mol-mulk taqsimoti emas. U mulk daxlsizligi va huquqiy barqarorlikni ta'minlovchi muhim huquqiy institutdir. Har bir fuqaro meros masalasida o'z huquq va majburiyatlarini yaxshi bilishi, kelajakda yaqinlari o'rtasida nizo kelib chiqmasligi uchun huquqiy madaniyatga e'tibor qaratishi lozim.
Shahboz Murtazayev,
yurist.
Мавзуга оид:
QONUN USTUVOR, JAZO MUQARRAR - BU NIMA?
- 12 май, 09:54
Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30
NOTARIAT TIZIMIDAGI YANGI ISLOHOTLAR
- 14 июн, 11:29




