Nikoh tuzish tartibi va shartlari

O'zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga asosan nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas. Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy o'tgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi. Uzrli sabablar bo'lganda ya'ni nikohlanuvchilar o'rtasida farzandi bo'lganda yoki o'rtasida farzandi tug'ilishiga yaqin qolganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi tomonidan bir oy o'tgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin. Nikohni qayd etish fuqarolik holati dalolatnomalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 
Nikoh tuzish ixtiyoriydir. Nikoh tuzish uchun bo'lajak er-xotin o'z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo'lishi kerak. Nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi.
Nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun o'n sakkiz yosh etib belgilangan. 
Nikoh tuzishga: loaqal bittasi ro'yxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar o'rtasida; nasl-nasab shajarasi bo'yicha to'g'ri tutashgan qarindoshlar o'rtasida, tug'ishgan va o'gay aka-ukalar bilan opa-singillar o'rtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o'rtasida; loaqal bittasi ruhiyat buzilishi sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar o'rtasida yo'l qo'yilmaydi. Nikohlanuvchi shaxslar Oila kodeksining 17-moddasiga asosan tibbiy ko'rikdan o'tadi. Tibbiy ko'rikdan o'tish sog'liqni saqlash organi tomonidan amalga oshiriladi.
Manzura Saydullayeva,
tuman FHDYO bo'limi mudirasi.