Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlar jadallashtiriladi

Albatta, osoyishta va tinch diyorda har tomonlama o'sish va rivojlanish tabiiy holatdir. Shuni inobatga olib, 2024-yilda jinoyat sodir etilgan har bir mahallada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda jinoyatlarni barvaqt profilaktika qilishning mahallalar kesimida choraklik manzilli chora-tadbirlarini joriy qilish borasida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvar kunidagi "2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida"gi PQ-1-sonli Qarori qabul qilinishi bilan Samarqand tumani hududida ham mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi borasidagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda Dastur va hududiy "yo'l xaritalari"ning ijrosini tizimli ravishda nazorat qilib borish maqsadida ishchi guruhi tuzilishi ta'minlandi. 

Ushbu qarorning asosiy vazifasi har bir mahallada huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish etib belgilandi. 2025-yilda mahallalarda huquqbuzarliklarga qarshi kurashishga oid chora-tadbirlar dasturi va namunaviy yo'l xaritalari tasdiqlandi. Dastur va "Yo'l xarita-lari"ning ijrosini nazorat qilish uchun Bosh prokuratura Respublika idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhi tasdiqlandi.

Qaror bilan kriminogen mahallalarda ilmiy yondashuv asosida o'rganishlar o'tkazilib, mas'ullarning faoliyati har oy yakunida - ichki ishlar vaziri huzurida, har chorak yakunida - Bosh prokuror huzurida, har yarim yilda esa Bosh vazir huzurida tegishli respublika rahbarlari ishtirokida muhokama qilinadi, har bir mahalla kesimida O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilishi belgilandi.

Shuningdek, ushbu qaror asosida ichki ishlar organlarida migratsion profilaktika bo'linmalari, tumanlararo ma'muriy konvoy guruhlari tashkil etiladi. Profilaktika bo'linmalarida ma'muriy amaliyot guruhlari faoliyati yo'lga qo'yilib, ular jinoyat ishi qo'zg'atishni rad etishga oid hujjatlarni o'rganib, tarkibida ma'muriy huquqbuzarlik bo'lgan holatlar yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtiradi.

Samarqand tuman prokuraturasi boshchiligidagi ishchi guruhida bir qator davlat tashkilotlari singari Samarqand tumani adliya bo'limi ham o'rin egallab, bugungi kunda har bir mahallada huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish borasida bir qator targ'ibot ishlarni amalga oshirib kelmoqda.


B. Xolmurodov,

Samarqand tumani adliya bo'limi 

yuridik xizmat ko'rsatish 

markazi boshlig'i.