EL E'ZOZLAGAN MUALLIMA

O'qituvchilik sharafli kasb, biroq ana shu sharafli kasb ortida tinimsiz mehnat, izlanish, matonat, jasorat, yuksak bilim va salohiyat bo'lmog'i kerak. Ana shu fazilatlarni mujassam etgan har bir pedagog o'z mehnati ortidan hurmat va e'zoz topadi. 
O'zining o'qituvchilik kasbini sharaflab kelayotgan 28-umumiy ta'lim maktabining biologiya fani o'qituvchisi, ma'anaviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari Matluba Husanova tumanimizdagi bilimli, tajribali pedagoglardan biridir. U 1970-yilda "Z.M.Bobur" mahallasining Jag'oltoy qishlog'ida tug'ildi. 1977-yilda 28-maktabga o'qishga kelib, ushbu ta'lim maktabini 1987-yilda a'lo baholar bilan tugatdi. Shu yilning o'zida Samarqand Davlat Universi-tetining biologiya fakultetiga sirtdan o'qishga kirdi. Ta'lim dargohida u o'zining fanga bo'lgan yuksak qiziqishi bilan oliygohning iqti-dorli talabalari safidan o'rin egal-lashga muvaffaq bo'ldi.  Ilk mehnat faoliyatini o'zi o'qigan 28-mak-tabda boshlagan mohir pedagog bugungi kunga qadar o'z sohasining haqiqiy bilimdoni sifatida mehnat qilib kelmoqda. Bugungi kunda ustoz darajasiga ko'tarilgan muallimaning kasbiga bo'lgan yuksak muhabbati, o'z fanini chuqur bilishi, o'quvchilarini o'z faniga qiziqtira olishi maqtovga loyiqdir. Ustozning bu boradagi katta tajribasi tufayli o'quvchilar va ota-onalar tomonidan yuksak hurmat va e'tibor bilan tilga olinmoqda.
- Men Matluba Husanovani sinf rahbari vazifasini bor mehr-e'tibor bilan bajarishini qadrlayman, - deydi maktab direktori Dildora To'rabekova.- Chunki bu ishni hamma o'qituvchilar ham vijdonan bajarmaydi. Matluba opa bu mas'uliyatli vazifani sharaf bilan bajaradi. Sinfidagi har bir bolaga o'z bolasidek e'tiborli bo'lib, ularning ota-onalari bilan ham yaqin aloqa o'rnatishga harakat qiladi. Bundan tashqari ko'p yillardan buyon ma'naviy-marifiy tarbiya ishlari bo'yicha direktor o'rinbosari vazifasini ham sidqidildan bajarib keladi. Matluba opadagi harakatchanlik va o'z ustida izlanuvchanligidan boshqa o'qituvchilarimiz ham o'rnak olsa arziydi.
- Oilamiz pedagoglar oilasi bo'lganligidan, shu muhit ta'sirida o'sib voyaga yetganligim tufayli bo'lsa kerak, o'qituvchilik kasbini bolalik paytimdayoq orzu qilardim, - deydi ustoz Matluba Husanova. - Ota-onam ham har birimizni o'qib-intilishimiz uchun albatta barcha sharoitni yaratib berishgan. Shu sababli hammamiz oliygohlarda o'qidik. O'zimiz sevgan kasblarga ega bo'ldik. Men shundan xursand bo'lamanki, maktabimizda ta'lim olayotgan ko'pgina yoshlarimizning tabiiy fanlarga bo'lgan qiziqishi juda baland. Shu boisdan ham har yili tibbiyot oliygohlariga 4-5 nafar bitiruvchilar talabalikka qabul qilinishayapti. Mening ham uch nafar farzandim oliygohlarda o'qishdi. Bundan albatta benihoya xursandman. Shuning uchun ham o'quvchilarim, shogirdlarimning rahmati va ota-onalarning minnatdorligi menga hamisha kuch beradi.
O'z kasbidan baxt topib, el orasida hurmat-e'tiborga sazovor bo'layotgan ustoz Matluba Husanovani 1-oktyabr - O'qituvchi va ustozlar bayrami bilan muborakbod etib, yosh avlodlar ta'lim-tarbiyasi yo'lida olib borayotgan  ezgu ishlariga  omad tilab qolamiz.
Sunnatullo IBRAGIMOV.