Talabalar kontraktini toʻlaganda daromad soligʻidan ozod boʻladimi?

Xushnudbek Xudoyberdiyev bu haqida tushuncha berib o'tdi


Hozir talabalarning kontrakt toʻlash jarayonlari boshlangan. Ushbu jarayonlar mobaynida koʻpchilik soliq imtiyozi haqida savol bermoqda.


Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandiga binoan, Oʻzbekistonning oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olish (oʻzining, 26 yoshga toʻlmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) taʼlim olishi) uchun yoʻnaltiriladigan soliq solinishi lozim boʻlgan ish haqi va boshqa daromadlariga soliq solinmaydi.


Demak, quyidagi 3 toifaning kontrakti uchun oʻtkazilgan ish haqlaridan daromad soligʻi ushlanmaydi:


1) fuqaro oʻzining kontraktiga oʻtkazsa;

2) ota-onalar 26 yoshga toʻlmagan farzandining kontraktiga oʻtkazsa;

3) er yoki xotin turmush oʻrtogʻining kontraktiga oʻtkazsa.


Bu nima degani?


Masalan, ota oʻz farzandining kontrakti uchun ish haqining bir qismini, aytaylik 1 mln soʻmini toʻgʻridan-toʻgʻri institut hisobiga oʻtkazadi deylik. Buning uchun institutdan shartnoma (hisob-raqam) olib, tashkilot buxgalteriyasiga ariza berib qoʻyish kerak. Bunday vaziyatda agar ota 3 mln soʻm oylik olsa, demak farzandining kontrakti uchun oʻtkazgan 1 mln soʻmdan 12%lik daromad soligʻi ushlanmaydi, faqat qolgan 2 mln soʻmdan soliq olinadi.


Izoh: yuqoridagi 3 ta toifadan boshqalarning, masalan, aka-ukasi, opa-singlisi, kelini yoki boshqa shaxslarning kontrakti uchun ish haqidan toʻlov oʻtkazilsa hech qanday imtiyoz qoʻllanmaydi.