XALQIMIZGA XIZMAT QILAYLIK!

Yoshlar ishlari agentligi Oqdaryo tumani bo'limi boshlig'i M.Musayevning "O'zbekiston - 2030" strategiyasini "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili"da amalga oshirish bo'yicha davlat dasturiga muvofiq, yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar va 2024-yilda yoshlar bandligiga ko'maklashish sohasidagi eng muhim masalalar yuzasidan

YOSHLARGA MUROJAATI

Hurmatli Oqdaryo tumani yoshlari!

Avvalambor sizlarni, 2024-yil "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili" deb e'lon qilinganligi bilan samimiy qutlayman! 

Shunday tinch-osoyishta, vatanning har bir farzandi e'tiborda va e'tirofda bo'lgan yurtda tug'ilib yashayotganligimizdan har birimiz faxrlanamiz! Mazkur yil siz-u biz uchun imkoniyatlarga boy bo'lish bilan bir qatorda, ayni paytda mas'uliyatli ekanligini ta'kidlagan holda, hayotda o'z o'rningizni topishingiz, iste'dod va iqtidorlaringizni ko'rsatib, maqsadlaringizga yetishishingizga tilakdoshman.

Aziz yoshlar, sizlar bilan yelkadosh bo'lib yoshlar sohasida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni sizlarning ko'magingizda ishonch bilan bajarib kelmoqdamiz.

Xususan, o'tgan 2023-yil davomida 40 720 nafar (14-30) yoshlardan iborat tumanimizda yoshlar sohasida amalga oshirilgan ishlar to'g'risida qisqacha to'xtalib o'tsak.

Tumandagi og'ir va alohida ishlashga muhtoj bo'lgan 1 611 nafar yoshlar vazirlik va idoralar rahbarlariga nomma-nom biriktirilib, ularga turli yordamlar ko'rsatish orqali muammolari hal qilindi. Asbob-uskunalar taqdim qilindi hamda kasblarga o'qitish orqali bandligi ta'minlandi. Shuningdek, "Yoshlar daftari" platformasi orqali 1760 nafar yoshlarga amaliy yordamlar ko'rsatildi. 1 828 nafar ishsiz yoshlarni "Bandlik dasturi" orqali domiy ish bilan bandligi ta'minlandi hamda 14 343 nafar norasmiy band bo'lgan yoshlarni o'zini-o'zi band qilgan shaxs sifatida faoliyati rasmiylashtirildi.

Yoshlarni bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida 28271 nafar yoshlar kitobxonlik va sport tadbirlariga jalb qilindi. Xususan, "Besh tashabbus" olimpiadasi doirasida 19524 nafar yoshlar qamrab olindi va musobaqaning viloyat bosqichida 16 nafar, respublika bosqichida 5 nafar yoshlar birinchi o'rinni qo'lga kiritganligini alohida ta'kidlab o'tishimiz o'rinli.

Yurtimizda yoshlar sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar doirasida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "O'zbekiston - 2030" strategiyasini "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili"da amalga oshirish bo'yicha davlat dasturi to'g'risida PF-37-sonli Farmoni e'lon qilindi.

Shuningdek, Prezidentimiz raisligida joriy yilning 23-fevral kuni "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili"da "Yoshlar bandligini ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida" o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida yoshlar bandligini ta'minlash bo'yicha bir qator tizimli vazifalar belgilab berildi. 

Ushbu Farmonda belgilangan dastur va davlat rahbari tomonidan o'tkazilgan yig'ilishda berilgan vazifalarga muvofiq, Oqdaryo tumanida joriy yilda amalga oshirish bo'yicha 10 ta maqsadli chora-tadbirlar va tizimli ishlarni amalga oshirishni belgilab oldik. 

Jumladan, 2024-yilda, Oqdaryo tumanida:

Birinchidan, Davlat ko'magiga muhtoj "og'ir" toifadagi yoshlar bilan ishlash yo'nalishida - xatlov asosida 925 nafar yoshlar 11 ta yo'nalish bo'yicha  "Og'ir" toifaga kiritilib, vazirlik-idoralar va tashkilotlar rahbarlariga biriktiriladi va natijada ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hal qilish orqali ijtimoiy ahvoli yaxshilanishiga ko'mak ko'rsatiladi;

Ikkinchidan, ishsiz yoshlar bandligini ta'minlash yo'nalishida - jami 1 688 nafar yoshlar zamonaviy kasblar va tadbirkorlikka o'qitiladi, sug'oriladigan unumdor 610 gektar yer maydonlari yoshlarga beriladi, tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida subsidiyalar va imtiyozli kreditlar ajratish orqali bandligi ta'minlanadi. Yil yakuniga qadar har bir yosh 4 ta sektor rahbarlari hamda mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda doimiy monitoring qilib boriladi;

Uchinchidan, Bitiruvchi yoshlar bandligini ta'minlash yo'nalishida - 2 656 nafar professional-kasbiy ta'limni bitiruvchi yoshlarning bandligi alohida mexanizmlar asosida ishlab chiqarish sanoat tashkilotlariga ishga yo'naltiriladi hamda mehnat yarmarkalari, ish beruvchi va yoshlar uchrashuvlari tashkil etilib, yoshlarni bandligini ta'minlashga erishiladi;

To'rtinchidan, Xorijdagi yoshlar bilan ishlash yo'nalishida - 745 nafar chet davlatlardagi yoshlarni vatanga qaytarish va ularni zamonaviy kasblarga o'qitish orqali bandligini ta'minlash choralari ko'riladi;

Beshinchidan, Norasmiy band yoshlarga o'zini-o'zi band qilish orqali bandligini ta'minlashga ko'maklashish yo'nalishida - 911 nafar yoshlarni rasmiy sektorga o'tkazish bo'yicha manzilli chora-tadbirlar amalga oshiriladi va bandligini ta'minlashga ko'maklashiladi;

Oltinchidan, "Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga ko'maklashish yo'nalishida - 1 135 nafar yoshlarga "Yoshlar daftari" imkoniyatlari orqali yordam ko'rsatish choralari ko'riladi;

Yettinchidan, Huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo'lgan yoshlar va voyaga yetmaganlar bilan tizimli ishlash yo'nalishida - jinoyatchilikka moyilligi bor bo'lgan 129 nafar yoshlar va otaliqqa olingan 14 916 nafar yoshlar 6 ta davlat huquq organlari tashkilotlariga biriktiriladi hamda ular hayotda o'z o'rnini topishlari uchun har tomonlama qo'llab-quvvatlanadi; 

Sakkizinchidan, Mahallalarda yoshlarni "Besh tashabbus olimpiadasi"ga jalb etish va ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish yo'nalishida - 32 316 nafar yoshlar turli tadbirlarga qamrab olinadi. Jumladan, "Besh tashabbus olimpiadasi"da 21 712 nafar, harbiy vatanparvarlik tadbirlarida 3 048 nafar hamda boshqa loyiha va tanlovlar orqali 7 556 nafar yoshlaring bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish choralari ko'riladi;

To'qqizinchidan, Tashkil etilishi rejalashtirilgan yoshlarga oid infratuzilmalar bo'yicha - yoshlar sayilgohi va yoshlar ijod ko'chalari infratuzilmalari barpo etiladi.

Jumladan, 2 ta maktab, 1 ta yoshlar sayilgohlari, 1 ta yoshlar ijod ko'chalari, 1 ta "Kreativ park"lar, 1 ta kutubxonalar barpo etiladi. 

O'ninchidan, Iqtidorli yoshlarni izlab topish, iste'dodini ro'yobga chiqarish va ularni qo'llab-quvvatlashga ko'maklashish yo'nalishida - 16 609 nafar yoshlar "Ibrat farzandlari" loyihasi doirasida 7 088 nafar yoshlar xorijiy tillarga o'qitish va sertifikatlar olishiga ko'maklashiladi, tillarni o'rgatamiz. 3 544 nafar, "UzChess" loyihasiga 1 132 nafar, volontyorlik va liderlik loyihalarga 254 nafar hamda intellektual o'yinlarga 8 135 nafar yoshlarni keng jalb qilish choralari ko'riladi.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash" yilida yoshlarga zamonaviy kasblar, IT dasturchilik hamda chet tillarini o'qitish bo'yicha alohida ko'rsatilayotgan imtiyozlar siz yoshlarni bilimlarni puxta egallab har tomonlama yetuk kadrlar bo'lib yetishishlaringiz uchun imkoniyatlar eshigi deb hisoblayman.

Qadrli yoshlar! Mamlakatimizda siz yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda o'z tashabbusingizni ro'yobga chiqaring. 

Zero, Yurtboshimiz ta'biri bilan aytganda, "Ishonchim komil, jonajon Vatanimizga mehr va sadoqat bilan yashayotgan, ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallab, hozirgi murakkab zamondagi keskin raqobatga tayyor bo'lib voyaga yetayotgan yoshlarimiz har qanday baland marrani egallashga qodir".