Oqdaryo tuman hokimi Najmiddin Sulaymonovning 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tumanimiz yoshlariga bayram tabrigi

      Assalomu alaykum, aziz yoshlar!
      Barchangizni 30 iyun – Yoshlar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
     Bugun sizlar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, imkoniyatlar eshigi keng ochilgan. Zero, yoshlarning bandligi, uy-joy ta’minoti, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, ta’lim olish va kasb o‘rganishga bo‘lgan talabi davlatimizning doimiy diqqat markazidadir.Albatta, bunga javoban o‘g‘il-qizlarimiz jonkuyarlik, vatanparvarlik va hamjihatlik tuyg‘ularni his qilgan holda turli tashabbuslarni ilgari surmoqda. Hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida, Vatan himoyasidek sharafli vazifani ado etishda millionlab yoshlarimiz sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilmoqda. Siyosiy saviyasi yetuk, mustahkam fuqarolik pozisiyasiga ega o‘nlab yigit-qizlar xalq deputatlari mahalliy kengashlarining a’zosi sifatida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy hokimiyat idoralarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. 
     O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 2020 yil 25 dekabr kuni ilk bor O‘zbekiston yoshlari forumi o‘tkazildi. Forumda yoshlarimizga yana bir qator imkoniyatlar berildi. 2021 yil mamlakatimizda "Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" deb e’lon qilinganligi ham fikrimizning isbotidir.    
     Mamlakatimizda 30 iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan iyun oyi an’anaviy tarzda “Yoshlar oyligi” sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab  joriy yilning iyun oyida amaldagi karantin qoidalariga rioya qilgan holda “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” uyushqoqlik bilan bayramona ruhda o‘tkazildi. “Yoshlar oyligi” doirasidagi tadbirlarda yoshlarni ona Vatanga, oilaga, mustaqillik g‘oyalariga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘nalashida harbiy vatanparvarlik festivallari o‘tkazilib, tumanda kuch tuzilmalariga qarashli orkestr va ansambllar ishtirokida konsertlar, harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
    2020-2021 yil o‘quv yilida 2023 nafar yoshlar 11 sinfni bitirdi. Ular o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazilib, 1730 nafari oliy ta’limda o‘qish istagini, qolgan yoshlar esa kasb-hunar va professional ta’limlarda o‘qish istagini bildirgan. Bitiruvchi yoshlardan 3 nafari muddatidan oldin chet el oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi, 35 nafari oltin medal olishga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari 1981 nafar yoshlar 9 sinfni bitirib, ularning 281 nafari lesiy va kasb-hunar maktablarida o‘qish istagini bildirishmoqda, 1700 nafari 10 sinfda o‘qishni davom ettiradi. 
    2023 nafar yoshlar 11 sinfni bitirayotgan yoshlarimizdan 1730 nafar oliy ta’limda o‘qish istagini bildirgan yoshlar avvalambor ularning barchasi o‘qishga kirib ketishiga tilakdoshman. O‘qishga kirolmagan taqdirda ham ularni kelgusida o‘z yo‘lini topib ketishida har qanday ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz.
      Aziz yoshlar!
   Tumanimizda sizlarning faolligingiz va tashabbuskorligingizda “Yoshlar oyligi” doirasida ibratli tadbirlar amalga oshirildi. Oyligimiz 1-iyun - “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” bilan boshlandi. Bayram ko‘tarinki ruhda tashkillashtirildi. Oy davomida biznes marafonlar, sport marafonlari, seminar-treninglar, festivallar, IT musobaqalari, hokim hamda boshqa mas’ullar bilan birgalikda ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ko‘rik-tanlovlar davomida yosh iqtidor egalari aniqlandi. Ochiq muloqotlarda yoshlar muammolari tinglanib, ularga yordam va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar yuklatildi. Yangi loyihalarni tashkil etish bo‘yicha tashkil etilgan marafonlarda esa yoshlarning fikrlari tinglandi. Zamonaviy talablarga mos keladigan Start-Up loyihalar qo‘llab-quvvatlandi.
     Oqdaryo tuman yoshlari o‘rtasida munozara bellashuvi o‘tkazilib, faol qatnashchilar viloyat bosqichiga yo‘llanma olishdi. Bundan tashqari, bitiruvchi yoshlar hamda tuman prokurori bilan bo‘lgan uchrashuvda yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha suhbat tashkil etildi. Bu kabi davra suhbatlarda yoshlarga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi. Ochiq muloqotlar orqali ular o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi. Bir so‘z bilan aytganda, “Yoshlar festivallari” tumanda har qachongidan ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
     Qadrli yoshlar!
     Bugun jonajon O‘zbekistonimizda erkin va obod, farovon hayot qurish yo‘lida biz boshlagan ulkan ishlarni davom ettirishga qodir bo‘lgan yangi avlod shakllanmoqda. Aziz o‘g‘il-qizlarim, hech qachon unutmang, xalqimiz, Vatanimiz sizlardan buyuk ishlarni kutmoqda. Shu muqaddas ishonch va mas’uliyatni har tomonlama oqlash, unga munosib bo‘lish – dunyodagi eng ulug‘ baxtdir. Shunday baxt, shunday sharaf barchangizga nasib etsin!
    Barchangizni Yoshlar kuni bilan yana bir bor samimiy qutlayman. Sizlarga sihat-salomatlik, ulkan muvaffaqiyatlar tilayman! Ilm o‘rganishdan, ko‘zlagan maqsadlaringiz sari dadil qadam tashlashdan aslo charchamang!
Мавзуга оид: