"Ustoz" sihatgohi - sog'lomlashtirish va hordiq maskani

Jonajon yurtimizning turli go'shalarida turli xil dam olish maskanlari, oromgohlar va davolanish muassasalari mavjud bo'lib, ularning har biri o'ziga xos xususiyatlarga egadir. Tumanimizda joylashgan "Ustoz" sihatgohi ham ana shunday dam olish va davolanish maskanlaridan biridir. Bugungi kunda bu maskan o'zining shifobaxsh xususiyatlari,   go'zal va xushmanzara tabiati bilan nafaqat respublikamizda, balki, qo'shni respublika-lardan tashrif etayotgan dam oluvchilarning ham sevimli maskaniga aylangan. 

"Oqdaryo ovozi" gazetasi jamoasi yaqinda "Ustoz" sihatgohida bo'lib, bu yerdagi yaratilgan shart-sharoitlar hamda keyingi yillarda amalga oshirilgan obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdilar. 

Sihatgohga qadam qo'yishingiz bilan bu maskanning xushmanzara tabiati, shifobaxsh ob-havosi kishi diqqatini o'ziga maftun etadi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, dam olish maskanida ko'p yillardan beri faoliyat ko'rsatib kelayotgan bosh shifokor Kamol Ismoilovning ta'kidlashicha,  bugungi kunda sihatgohda dam oluvchilar sog'lig'ini tiklash uchun zamonaviy tibbiy xizmatlar bilan bir qatorda xalq tabobati usullari ham keng qo'llanilmoqda. Sihatgohda  dam oluvchilarning turli xil sport bilan shug'ullanishlari uchun ham qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Barcha qulayliklarga ega bo'lgan shinam va ozoda xonalar, parhezbop oshxonalar mehmonlar uchun beminnat xizmat qilmoqda. Shu boisdan ham, mamlakatimizning turli viloyatlaridan har yili minglab fuqarolar bu yerga tashrif buyurib, o'z sog'ligini mustahkamlab qaytishayotir. 

Bir so'z bilan aytganda, sihatgoh direktori Habibulla Qarshiyev rahbarligida ushbu davolanish maskani yildan yilga izchil rivojlanib, sog'lomlashtirish va hordiq chiqarish maskani sifatida o'z nufuzini oshirib bormoqda.

S.IBRAGIMOV.