Aholi murojaatidan "SVET YONSA GAZ O'CHADI, GAZ YONSA SVET O'CHADI"

Qishning qahraton kunlari boshlandi-yu, elektr energiyasi va gaz ta'minotidagi muammolar sira yechim topmadi. Ayniqsa, anomal sovuq kunlari juda qiyinchiliklarni boshdan o'tkazdik. O'sha kunlari mahallamizda 1-2 kunlab elektr chirog'i umuman yonmadi. Miltillab yongan gaz uyni isitish u yoqda tursin, qup-quruq o'tinga ham zo'rg'a tutandiriq bo'ldi. Lekin, ayni paytda markazda yashovchilar uchun o'tin anqoning urug'i bo'lsa, xonadonlarda yashovchi keksalar, yosh bolalar sovuq uylarda jon saqlashga majbur bo'lishmoqda.
Anomal sovuqning ancha kuni o'tib qoldi. Lekin hamon gaz bilan svetda o'zgarish bo'lmayotganligi bizni qattiq tashvishga solmoqda. To'g'ri, bu muammo, nafaqat, bizning tumanda balki, butun mamlakatimiz, hatto poytaxt shaharlarida ham mavjud ekanligini eshitib turibmiz. Lekin, barcha joylarda muammolarni bartaraf etish bo'yicha amaliy ishlar ko'rilayotgan bir paytda bizning mahallada biror bir o'zgarish bo'lmayotganligi bizni tashvishga solmoqda.
Kunu-tun svet yonishini kutamiz, 2-3 soat deganda svet yonadi. Uyimizga yorug'lik kelganidan ko'nglimiz ravshan tortib, xursand bo'lamiz. Ming afsuski, svet yonsa shu zahoti miltirab turgan gaz o'chadi, sovuqdan keksalarimizni, bolalarimizni qanday isitishni bilmay yanada qiynalamiz. Quvonchimiz azobga aylanadi. Bu qiyinchiliklarga qachongacha chidash mumkin? Bu ahvol qachongacha davom etarkan, insonga e'tibor shumi?
Mustaqillik mahallasida yashovchi 
bir guruh fuqarolar nomidan.
TAHRIRIYATDAN: Bugungi kunda respublikamizning barcha hududlarida ham gaz va elektr energiyasi tizimida uzilishlar davom etib turibdi, lekin bu boradagi muammolar birin-ketin o'z yechimini topmoqda. Bizga xabar berishlaricha, joriy yilning 18-20 yanvar kunlari ham Mustaqillik mahallasida gaz umuman bo'lmagan, elektr energiyasidagi uzilishlar 1-2 soatgacha davom etmoqda. 19-yanvar kuni 15.00 dan 19.20 ga qadar elektr energiyasi uzib qo'yilgan. Bu kabi ayanchli holatlar nafaqat tuman markazi aholisini, balki, chekka qishloqlarda yashovchi tumandoshlarimizning ham haqli e'tirozlariga sabab bo'lib, bu kabi noxush holatlar qachon bartaraf etilishi to'g'risida mas'ul tashkilot rahbarlarining javobini kutishmoqda.
Xalqimizning haqli e'tirozlari yuzasidan  tumandagi mutasaddi rahbarlardan javob kutib qolamiz.