"SABR" BILAN SAODATLI KELAJAK SARI

Ma'lumki, bir necha yillardan buyon Oqdaryo tumanida ham "Sabr" Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazining Qishloq-Axborot resursmarkazi faoliyat yuritadi. Bu nodavlat tashkilot Respublika miqyosida ayollarni qo'llab-quvvatlashga jiddiy e'tibor qaratib kelmoqda. Uning qator loyihalari Yevropa Ittifoqi va Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan bo'lib, e'tiborli tomoni shundaki, tumanimizdan ham ko'plab ayollarimiz loyihaviy tanlovlarda qatnashib, imtiyozli kreditlar yoki ishlab chiqarish jihozlariga ega bo'lishmoqda.
Xо'sh, bugungi kunda ular qanday faoliyat yuritishmoqda. Ularning hayotida, turmush tarzida qanday o'zgarishlar ro'y bermoqda?
Yaqinda Yevropa Ittifoqi va Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligining Xalqaro konsultanti Yelena Godfri, "Sabr" Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi rahbari Mavluda Shirinova Oqdaryo tumaniga tashrif buyurdi. Nufuzli mehmonlar Oqdaryo tuman hokimining o'rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo'limi boshlig'i Yulduz O'roqova, tuman hokimining o'rinbosari Umid Islomov, kotibiyat mudiri Dildora Adilova, "Zarafshon" gazetasining muxbiri Gulruh Mo'minova, "Oqdaryo ovozi" gazetasi xodimlari hamrohligida tumanda tashkil etilgan Axborot-resurs markazi faoliyati tumandagi Mustaqillik mahallasi misolida o'rganildi.
Dastlab, Xalqaro konsultant Yelena Godfri, "Sabr" Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi rahbari Mavluda Shirinovalar tomonidan Mustaqillik mahallasining yettiligi yaqinda grand g'olibligiga sazovar bo'lganligi munosabati bilan mahalla raisi M. Malikovga 36 mln. so'mlik moddiy-texnik jihozlar topshirildi.
Shuningdek, "Sabr" Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazining iyun oyida tugatilgan o'quv kurslarida maxsus sertifikatga ega bo'lib, g'oliblikni qo'lga kiritgan Mustaqillik mahallasi xotin-qizlaridan Farida Mallayeva, Hilola Axrorova, Xumora Isoqulovalarga o'z ish faoliyatlarini davom ettirishlari uchun texnika asbob-uskunalari taqdim etildi.
Shundan so'ng, Axborot resurs markazidagi "Tikuvchilik", "Qandolatchilik", "Kompyuter savodxonligi", "Sartaroshlik" yo'nalishlarida ikki oylik o'quv kusrlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarning bugungi kundagi faoliyati joyiga borilgan holda o'rganildi. Jumladan, "Qandolatchilik" yo'nalishida o'qib, loyiha g'olibligini qo'lga kiritgan Mustaqillik mahallasida yashovchi Mavluda Hasanova va Hilola Yusupovalar ayni paytda shirinlik mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo'lga qo'ygan bo'lishsa, shu mahallada yashovchi Sadoqat Shernazarova o'z xonadonida tikish-bichish ishlari orqali oilasiga yaxshigina qo'shimcha daromad keltira-yotganligini mamnunlik bilan ta'kidlashdi. Bundan tashqari markaz ko'magi bilan o'zining tikuvchilik tarmog'ini kengaytirib, yakka tadbirkor sifatida ish yuritayotgan Sabohat Rahmonovaning faoliyati ham kuzatuvchilarga manzur bo'ldi.
- To'rt nafar farzandim bilan ro'zg'orda ancha qiynalib qolgan edik,- deydi Mavluda Hasanova.- Mahallamizda xotin-qizlar uchun bepul o'quv kurslari ochilganligini eshitib, darhol "Sabr" markaziga murojaat qildim. O'zim qiziqqan pishiriq pishirish kurslarida o'qib, maxsus sertifikatga ega bo'ldim. Ayni paytda turli xil pishiriqlarni mustaqil ravishda tayyorlab, sotuvga chiqarmoqdaman. Bir oy davomida 3-3,5 mln. so'mgacha foyda ko'rib, oila byudjetiga o'z hissamni qo'shayotganligimdan, menga shunday imkoniyat va kelajakka bo'lgan umidni baxsh etgan "Sabr" markazi mutasaddilaridan benihoya minnatdorman.
Tadbirda Xalqaro konsultant Yelena Godfri, "Sabr" Resrublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi rahbari Mavluda Shirinova va boshqa kuzatuvchilar tumanimizda aholining kam ta'minlangan qatlamini qo'llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan keng ko'lamli ishlar haqida o'zlarining fikr-mulohazalarini bildirishdi:
- O'z faoliyati davridagi vaqtda "Sabr" Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi ancha dastur va loyihalarni amalga oshirilishida tashabbus ko'rsatdi,- deydi markaz rahbari Mavluda Shirinova. - Markaz faoliyatining asosiy e'tibori esa har doim qishloq aholisining nochor qatlamiga, ishsizlar, kam ta'minlanganlar, imkoniyati cheklangan kishilar kabi insonlarga yordam berishga qaratilgan. Bu borada Oqdaryo tumanida Markaz filialining ochilganligi o'z xalqining og'irini yengil, uzog'ini yaqin qilishdek ezgu maqsad yo'lida fidoyilik ko'rsatayotgan, o'z huzur-halovatidan kechib, aholining muhtoj qatlamiga yordam ko'rsatishni o'zining insoniy burchi deb bilayotgan fidoyi inson Norbuvi Nurmatovaning sa'y-harakatlari bilan bog'liq ekanligini alohida ta'kidlab o'tishni istardim.
Negaki, qator yillardan beri "Sabr" markazining Oqdaryo tumanidagi koordinatori sifatida faoliyat ko'rsatayotgan jonkuyar va fidoyi inson Norbuvi Nurmatovaning yordami bilan tumandagi kam ta'minlangan o'nlab, yuzlab oilalarga beg'araz yordam ko'rsatildi.
- Darhaqiqat, tumanimizda iqtisodiy jihatdan nochor oilalar yoki o'z kasb-hunariga ega bo'lmagan xotin-qizlarimizning jamiyatda o'z o'rnini topib ketishlarida "Sabr" Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazining yordami katta bo'lmoqda, - deydi tuman hokimining o'rinbosari, Оila va xotin-qizlar bo'limi boshlig'i Yulduz O'roqova.- Uning qator loyihalari Yevropa Ittifoqi va Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan bo'lib, e'tiborli tomoni shundaki, tumanimizdan ham ko'plab ayollarimiz loyihaviy tanlovlarda qatnashib, imtiyozli kreditlar yoki ishlab chiqarish jihozlariga ega bo'lishmoqda. Bu esa, ko'plab nochor oilalarimizni moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlash, ishsiz ayollarimizni ish bilan ta'minlash borasidagi ibratli ishlarimizdan biri hisoblanadi.
Tadbir davomida shu narsaga amin bo'ldikki, bola tarbiyasi, uy-ro'zg'or yumushlari bilan ovora bo'lib, jamiyatda, oilasida o'z o'rnini tiklashga astoydil harakat qilayotgan xotin-qizlarimiz ko'pchilikni tashkil etadi. Bu borada esa ular kabi kimningdir ko'magiga muhtoj bo'lgan xotin-qizlarimizni har tomonlama qo'llab-quvvatlash maqsadida o'zining yordam qo'lini cho'zishga tayyor turgan "Sabr" markazining fidoyi insonlari tomonidan amalga oshirilayotgan ibratli ishlarni ko'rib, tasannolar aytdik va ularning ezgu maqsad yo'lidagi kelgusi ishlariga omad tilab qolamiz.
Gulsara TINIBEKOVA.
Мавзуга оид: