TO'YLARNI IXCHAMLASHTIRISH HAR BIRIMIZNING BURCHIMIZ

Oila tinchligi, mustahkamligi, sog'lomligi bu mahalla va yurtimiz tinchligi deb bejiz aytilmagan. Oila-jamiyatning asosiy bo'g'inidir. Ming afsuski, bugungi kunda ham endi oila qurayotgan yoshlarimiz, ota-onalarimiz bir kunlik orzu havas deb ortiqcha sarf-xarajatlarga yo'l qo'yishmoqda. Oqibatda, katta qarzlar evaziga qilingan to'ydan keyin bu xarajatlarni o'rnini to'ldirish uchun qancha-qancha oilalar iqtisodiy tomondan og'ir ahvolga tushib qolayapti. Hattoki, faoliya-timizda guvohi bo'layapmizki, to'y qarzlarini uzish uchun kuyov yosh kelinni qoldirib, Rossiyaga pul topishga ketib, to qaytib kelgunicha oila buzilib, ajrim holatlari bo'lmoqda.

Bunday salbiy holatlarni oldini olish maqsadida davlatimiz bir qator qaror va farmonlar chiqarmoqda. Deyarli har kuni bu haqda matbuot va axborot vositalarida maqolalar, ko'rsatuvlar berib borilishiga qaramasdan hali ham aholimiz o'rtasida dabdabali, ortiqcha isrofgarchilik bilan o'tkazilayotgan to'ylar uchramoqda.

FHDYO organlarida ham bunday illatlardan voz kechib ixchamlashgan, kam sarfli to'ylar o'tkazish uchun aholi o`rtasida targ'ibot ishlari olib borilmoqda. Xususan, yosh nikohlanuvchilar nikohga kirish uchun ariza bergandan keyin nikohlanuvchilar o'quv kurslariga qatnashadi va bu oquv kurslarida to'ylarni ixchamlashtirish haqida ham yoshlarimizga o'qtirib o'tiladi. Bundan tashqari yoshlar ariza berganlaridan keyin to'ylari endi bo'ladigan kelin va kuyovning mahallasida to'ylarini ixchamlashgan, ortiqcha sarf-xarajatsiz o'tkazish choralarini ko'rish haqida ushbu xonadon bilan suhbat o'tkazish haqida xat beriladi. 

Oila mustahkam bo'lishida, uning muqaddasligini saqlashda yoshlarimizning bir-biriga muhabbati, o'zaro ishonch, hurmat va hamjihatligi muhim rol o'ynaydi. Shunday ekan, nafaqat yoshlar, balki oilaning barcha a'zolari buni his qilishi, mas'uliyat deb bilishi va shunga amal qilishi zarur.

Manzura Saydullayeva,

tuman FHDYO bo'limi mudirasi.