BAXT KALITI O'ZIMIZDA

Ayni kunlarda farzand tarbiyasi tobora murakkablashib borayotgani ayni haqiqatdir. Bu masalaning bir uchi televizoru kompyuterlar, smartfonlarga borib taqalsa, yana bir uchi oilaviy muhitga ham bog'liq. Agar oila boshilar yaxshi bo'lsa, bola ham ular kabi unib-ulg'ayadi. Aksi bo'lsa-chi? Ota-ona tez-tez janjallashsa, buning alami boladan olinsa, yaxshilik ko'rmagan go'dakdan biror nima kutish mumkinmi? 
Farzand tarbiyasiga salbiy ta'sir qiladigan yana bir omil oilaning parokanda bo'lishidir. Bu bolaning hayotini butkul o'zgartirib, hayotga bo'lgan qiziqishini, mehrini so'ndiradi. Natijada uning yurish-turishida, xatti-harakatlarida o'zgarishlar yuz beradi. Agar bola "Mehribonlik" uylariga topshirib yuborilsa, u uchun hayot butunlay boshqa tomonga yo'naladi. Na ota, na onaga, yaqinlarga ishonchi qoladi. Afsuski, "Mehribonlik" uylarida tarbiya-lanayotgan aksariyat bolalar ajrashgan oilalarning farzandi ekani, achchiq bo'lsa-da, haqiqatdir. Ota-onasi tirik bo'la turib, bolaning chin yetimga aylanishi xalqimiz  uchun fojiali emasmi?
Ayni kunda yurtimizda oilaga nisbatan yengil va bepisandlik  holatlari ortib, aholi orasida ajralishlar yil sayin ko'payib borayotir. Xususan, o'tgan yili respublika bo'yicha oilaviy ajralishlar soni 35 mingdan oshib ketgan, bu ko'rsatkich oldingi yillar bilan solishtirilganda ancha ko'p ekanligini ko'ramiz. Agar bu raqamlar ortidan minglab onalar va bolalar taqdiri borligi, ular muammolar girdobiga uloqtiri-layotganini o'ylasang, ajrashish masalasi jamiyatimiz uchun naqadar og'riqli ekani namoyon bo'ladi.
Bir muammo ketidan yana muammolar tug'dirishi tabiiy. Xususan, yoshlar o'rtasidagi jinoyatchilik tahlil qilinganda, ularning aksariyati ajrashgan, nobop oilalarning farzandlari ekanligi aniqlangan. Demak, parokanda oilalar ko'paygani sayin betarbiya bolalar soni ortishi tabiiy. Muammoning yana bir tomoni yolg'iz onalar soni ortib, ularning pul ilinjida turli yo'llarga kirib ketayotganida. 
Gohida aholi gavjum joylarda go'dagini ko'tarib "yetimlarimga yordam qiling" deya zorlanayotgan juvonlarga ko'zing tushadi. Imkon qadar yordam ham berarsan. Bundaylar hukumatimiz tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgani barchaga ma'lum. Biroq oilada turmush o'rtog'i, suyanchig'i bo'lmaganidan keyin "qo'ldan berganga qush to'ymaydi" deganlariday norasida go'daklarni yedirib, ichirishning o'zi bo'ladimi? Shu bois pul topish uchun bolalarini tashlab xorijga yo'l olayotgan ayollarimiz ham yetarlicha. Bu o'rinda yana bolaga jabr. Chunki uning tarbiyasiga, yurish-turishiga mas'ul ota-ona yonida bo'lmaganidan keyin undan katta orzu-umidlar qilish qiyin masala. 
Masalaning mohiyatigacha o'rgansak, biz bilmagan yana qancha muammolar borligi oydinlashadi. 
Afsuski, ko'p xonadonlarda yoshlarni oilaga tarbiyalash masalasidagi dinimiz ko'rsatma va shariat ahkomlari o'rga-tilmaydi. Oilada yigitning ham qizning ham o'z vazifa va burchlari, farzand ko'rgach uning haqini ado etish haqida Allohning buyruqlari borligini bilishmaydi. Bilishsa-    da imon-e'tiqodi sustligi bois ularga ahamiyat bermaydi. Alaloqibat, bu boradagi muammolar ildiz otib boraveradi. 
Oila buzilishiga sabab bo'layotgan omillarga nazar tashlansa, aksariyati sabrsizlikdan kelib chiqadi. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda: "Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko'rsa-laringiz, (bilib qo'yingki,) balkim sizlar yomon ko'rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko'pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin" (Niso surasi 19-oyat) deydi. 
Oyatda Alloh taolo tinch-totuv yashashni amr etib, o'zaro munosabatlarda, hatto yomon ko'rgan taqdirda ham sabrli bo'lishga undab, ko'pgina yaxshilik ato etishini va'da qilmoqda. Bu qanday yaxshilik bo'lishini bilmaymiz. Biroq Allohning so'z va   va'dasi haqligiga imon keltiramiz.
Oilaviy munosabatlar haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bunday deganlar: "Mo'min er mo'mina xotindan nafratlanmasin, agar uning bir xulqini yomon ko'rsa, boshqa xulqi tufayli undan rozi bo'lib ketaveradi" (Imom Muslim rivoyati). Demak, er xotinining ayrim fe'lidan g'azablansa, oilani buzishga shoshilmasligi, balki uning boshqa yaxshi xislatlari ham borligini ko'z oldiga keltirib, ko'nglini to'q qilishi lozim. Xuddi shunday ayollar ham turmush o'rtog'ini faqat yomon tomonini ko'ravermasdan, uning o'ziga xos fazilatlari borligini inobatga olishlari zarur. Nafratni muhabbatga aylantirishga harakat qilib, go'zal sabr qilsa, vaqt o'tishi bilan oila poydevori mustahkamlanib boraveradi.
Hozir mana shu oyatlardagi ko'rsat-malarga jamiyatimiz, oilalar amal qilma-yotgani qilmayotgani ko'zga tashlanadi. Chunki oilada erkak bosh, ayoli itoatli bo'lsa, nizo yuzaga kelishi mumkinmi? Zero, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va  sallam bunday marhamat qilganlar: "Sizlarning ichingizda eng yaxshingiz o'z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo'lganingizdir. Men esa o'z ahlimga sizlardan ko'ra yaxshiroq munosabat-daman" (Imom Termiziy rivoyati).
Payg'ambarimiz bu hadisda yaxshilar deb ko'p ibodat qiladiganlarni yoki naflni ko'paytirganlarni emas, balki ahli ayoliga yaxshi munosabatda bo'lganlarni alohida e'tirof etib, "Men kabi bo'ling" deya o'rnak ko'rsatmoqda. Bundan o'zimizning qanday  insonligimizni ayolimizga munosabati-mizdan bilishimiz mumkin ekan. Jobir roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh  sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: "Qiyomat kuni tarozuda birinchi tortiladigan narsa kishining ahli-ayoliga qilgan nafaqasidir" (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ayolimiz, farzandlarimiz haqini to'liq ado etyapmizmi? Ertaga so'roq paytida o'zimizga jabr qilib qo'ymaymizmi? Ayniqsa, birinchi turmushidan ajrashganlar otalar ona qo'lida qolgan farzandi holidan xabar olyaptimi? Chunki bola voyaga yetgunicha uning nafaqasi ota zimmasida bo'lishini dinimiz ham, qonunlarimiz qat'iy belgilab qo'ygan.  
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: "Siz Alloh taolo roziligini istab qilgan har qanday sarf-xarajatingiz uchun ajr olasiz. Hatto xotiningiz og'ziga solgan taomingiz uchun ham sizga ajr bor" dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). 
Shunday ekan, ertaga bizni jannatga kirishimizga sababchi bo'ladigan ahli ayolimizga go'zal muomala bo'lib, farzandlarimiz haqini ado etaylik. Zero, oxiratda bir misqolcha ajr ham bizni Firdavs eshiklari sari yetaklasa ajab emas. 
Bobur MUHAMMADIYEV,
jurnalist.