Bugunning gapi ENG KO'P MUHOKAMALARGA SABAB BO'LGAN QISHKI TA'TIL

Darhaqiqat, yanvar oyining 10-sanasidan boshlab kutilmaganda kirib kelgan anomal sovuq barcha yurtdoshlarimizni shoshirib qo'ydi. Ayniqsa, Oliy va o'rta maxsus ta'limning qishki ta'til kunlari tugab o'quv yilining boshlanishi yil boshida eng ko'p muhokamalarga sabab bo'lgan mavzulardan biri bo'ldi, desak sira adashmagan bo'lamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda ta'tildan keyingi o'qishning boshlanishi haqidagi turli xil topshiriqlar, turli xil qarashlar va ularning muhokamasiga nihoyat chek qo'yilgandek bo'ldi. Samarqand viloyatida 18-yanvardan o'qishga start berildi. Ming afsuski, muammolarning eng kattasi endi boshlangan edi. Negaki, maktablardagi isitish tizimlari qattiq sovuq natijasida muzlaganligi, qolaversa, gaz va svet tizimida muntazam ravishda bo'layotgan uzulishlar sababli issiqlik tizimini yo'lga qo'yish oson emas edi. 
Shunday qilib respublikamizning boshqa tumanlaridan farqli o'laroq Samarqand viloyatida 18-yanvardan o'qish boshlandi. Shu jumladan, tumanimizdagi mavjud 57 ta umumta'lim maktablarida ham xuddi shu kuni o'quv yilining 3-choragi boshlandi. Xo'sh, bu borada tumandagi vaziyat qay darajada, barcha umumta'lim maktablaridagi issiqlik ta'minoti talablar darajasidami? Barcha maktablardagi mavjud sinfxonalarida o'quvchilarning ta'lim olishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilganmi? Sinfxonalarining issiqlik ta'minoti barqaror-lashtirilganmi? Ushbu savol va bu boradagi muammolarni bartaraf etish, maktablarga amaliy yordam ko'rsatish uchun mahalliy hokimliklar mas'ul etib belgilandi.
Ochig'ini aytganda, yuqoridagi savollar bugungi kunda har bir kishini qiziqtiradi. Negaki, kelajagimiz vorislari bo'lgan yosh avlodning buguni va ertasi uchun hech birimiz befarq emasmiz. Shunday ekan, tumanimiz maktablaridagi bugungi ahvolga biz ham befarq qarab turolmadik. Tumandagi ayrim maktab direktorlari, maktab o'qituvchilari, ota-onalar bilan suhbatlashdik:
- Qishki ta'tilning so'nggi kunlarida mamlakatimizga kirib kelgan anomal sovuq qiyin vaziyatlarni yuzaga keltirdi, - deydi maktab direktorlaridan biri. - Qattiq sovuq natijasida barcha maktablardagi issiqlik tizimi muzlab qoldi. Uning ustiga gaz, svet, suv ta'minotida uzilishlar bo'lmoqda. Ko'pgina maktablar qiyin vaziyatga tushib qoldi. Nega deganda o'qish boshlanar ekan, qanday vaziyatda bo'lsada qozonxonalarni yoqish, issiqlik tizimini ishga tushirish, sinfxonalarni isitish lozim edi. Albatta bu ishni osonlik bilan amalga oshirib bo'lmaydi. Negaki, gaz, svetning bo'lmasligi, uning ustiga suvning yo'qligi sababli qozonxonalarni ishga tushirish uchun 1-2 tonnalab suvni o't yoquvchi xodimlar chelaklab tashib to'ldirishdi. Asta-sekinlik bilan bo'lsada, issiqliq tizimi yo'lga qo'yilmoqda. Lekin, baribir gaz va elektr tizimida hozirgidek to'xtovsiz uzilishlar davom etar ekan, biz har qancha harakat qilmaylik sinfxonalarni talab darajasida isitishga erisha olmaymiz.
  - Havo sovuqligi tufayli o'qishning birinchi kuni maktab o'quvchilarini dars mashg'ulotlariga to'liq qamrab ololmadik,-deydi maktab o'qituvchisi. - Ikkinchi kunidan boshlab o'quvchilarimizning davomati ancha yaxshilandi. Ta'tilda o'tirib, maktabni sog'ingan o'g'il-qizlarimiz bilan dars mashg'ulotlarini ko'ngildagidek o'tishimiz uchun maktab ma'muriyati yetarli shart-sharoitlarni yaratib berishga astoydil harakat qilishmoqda. Buning uchun esa avvalo gaz va elektr energiyasidagi uzilishlarni bartaraf etish zarur. Negaki, bugungi kunda har bir maktab kundalik kom. tizimida ishlar ekan, elektr energiyasidagi uzilishlar faoliyatimizga to'siq bo'laveradi.   
  -   Qishki ta'til kunlari bolalarimizni uyda saqlab o'tirishga majbur bo'ldik, - deydi Loyish shaharchasida yashovchi onaxon.- Negaki, qishning o'ta sovuq kelishi, gaz-svet tizimidagi uzilishlar tufayli xonadonlarimizni zo'rg'a isitib, bolalarimizni ham tashqariga chiqishiga yo'l qo'ymasdan uyda saqlab o'tirdik.
Shunday ekan, elektr va gaz ta'minotidagi uzilishlar davom etayotgan bir paytda maktablardagi issiqlik tizimini qanday yo'lga qo'yish mumkin? Uylarimizdagi 1 ta xonani isitish amrimahol bo'lib turgan bir paytda katta maktab binolarini qanday isitish mumkin? Shunday ekan, bolalarimizning sog'ligini o'ylab, 1-2 kundan buyon maktabga jo'nata olmadik.
Darhaqiqat, bugungi kunga kelib anomal sovuq chekinib, havo harorati bir qadar ko'tarilgan bo'lsada, gaz va elektr ta'minotida biror bir ijobiy o'zgarishlar bo'lmayotganligi xalqimizning haqli e'tiroziga sabab bo'lmoqda. Maktablardagi ahvol ham quvonarli darajada emas. Issiqlik tizimini ishga tushirish uchun harakat qilayotgan maktab rahbarlari, ishchi-xodimlari gaz va elektr energiyasidagi uzilishlar tufayli turli xil qiyinchiliklarga duchor bo'lishmoqda. Buni har birimiz ko'rib, his qilib turibmiz. Shunday ekan, bugungidek og'ir vaziyatlarda yuqori tashkilotlar, mahalla mas'ullari maktablarga tashrif etishar ekan, faqat tekshiruvchi yoki ishdan oluvchi bo'lib emas, balki, amaliy yordam beruvchi bo'lib qadam ranjida qilishsa, nur ustiga a'lo nur bo'lar edi. Zero, mana shunday og'ir vaziyatlar har birimiz uchun sinov davri, qolaversa, kimning kimligini bildiradigan davr hisoblanadi.
SHUKRONA.