Jinoyat va jazo LOVIYA O'G'RILARI QO'LGA TUSHDI

Sudlanuvchi Javlonov Jamshid (ismi sharifi o'zgartirilgan), o'zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, o'zining tanishlari X.R. va S.A. bilan bir guruh bo'lishib, oldindan jinoiy til biriktirishadi. Uchovlon o'g'irlik jinoyatini sodir etish maqsadida "Damas" rusumli avtomashinasi bilan 2023-yil 1-mart kunidan 2-mart kuniga o'tar kechasi soat 2:30 larda Oqdaryo tumani "Kumushkent" mahallasi, "Kumushkent" qishlog'ida joylashgan jabrlanuvchi P.S.ga tegishli bo'lgan qurilish ishlari tugallanmagan uyini oldiga borishadi. Avtomashinani uyning orqa tomoniga qo'yishib, mazkur xonadonga devor oshib o'tish yo'li bilan g'ayriqonuniy ravishda kirishib, uyning omborxonasidan bahosi 935.000 so'mlik 2 dona qoplarga solingan 85 kg. loviya mahsulotlarini o'g'irlik yo'li bilan qo'lga kiritishadi. Shundan so'ng 2 qop loviyani "Damas" rusumli avtomashinaga yuklashib, voqea joyidan g'oyib bo'lishadi hamda qo'lga kiritilgan loviya mahsulotlarini sotishib, pullarini o'rtalarida taqsimlab olishadi.
Sud majlisida sudlanuvchi tariqasida so'roq qilingan Javlonov Jamshid, o'zining ko'rsatuvida, aybiga to'liq iqrorlik bildirib, quyidagicha bayonot berdi:
2023-yil 1-mart kuni kechki vaqt soat 23:00 larda Jamshid jo'ralari X.R. va S.A. bilan mahallaning oldida uchrashib gaplashgan vaqtida bobosi P.S.ning uyida 6 tonnaga yaqin loviyalari borligini va ushbu loviyalarni qayerda turishligini aytadi. Agar xohlasa bobosining uyida bo'lgan loviyalardan bir qismini o'g'irlab sotsa pul bo'lishini aytganida, X.R. va S.A.lar pul topish maqsadida u bilan birgalikda o'g'irlik qilishga rozi bo'lishadi. 
Shundan so'ng uchovlon X.R.ning "Damas" avtomashinasi bilan bobosining yashash uyining orqa tomonida bo'lgan ko'chadan kirib borib, avtomashina chiroqlarini o'chirgan holda yaqin joyga haydab borishadi. Omborxona yaqinida avtomashinani to'xtatib Jamshid bilan X.R. bobosining omborxonasiga kirishga, S.A. esa avtomashinani rulida turib ularni kirayotganligini va o'g'irlab chiqayotganligini biron kishi ko'rib qolmasligi uchun tashqarida kuzatib turish uchun qoladi. Jamshid X.R. bilan devordan oshib o'tib, uyni hovlisiga kirib, omborxona eshigini astalik bilan ochib, omborxonadan bir qopdan ikki qop loviyalarni o'g'irlab olib chiqishadi. 
O'g'irlangan loviyalarni avtomashinaga ortib, ushbu loviyalarni sotish maqsadida loviya olib sotish bilan shug'ullanuvchi E.B.ning uylariga olib borishadi. Ikki qop 85 kg. loviyalarni har bir kilosini 11.000 so'mdan, jami 935.000 so'mga sotishadi. Ushbu pullardan 315.000 so'mini  Jamshid, qolgan pullarni sheriklari X.R. va S.A. 310.000 so'mdan bo'lib olishadi va o'z uylariga ketib pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborishadi.
Ushbu o'g'irlik bo'yicha Jamshidning bobosi IIBga ariza beradi. IIB xodimlari zudlik bilan ushbu o'g'irlik jinoyatini Jamshid va uning sheriklari X.R. va S.A. bilan birgalikda sodir etganligini aniqlashadi. 
Hozirgi kunda ushbu uch jinoyatchi qilgan ishidan chin ko'ngildan pushaymonligini, oliygoh talabasi ekanliklarini, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararlarni to'liq qoplab berganligini, jabrlanuvchini ularga nisbatan da'vosi yo'qligini inobatga olib, suddan o'zlariga nisbatan qonuniy yengillik berishlikni bildirib bayonot berishdi.
Sudlanuvchi Javlonov Jamshid va uning sheriklari X.R. va S.A.larning har biriga O'zbekiston Respublikasi JK 169-moddasi 2-qismining "v,g" bandlari bilan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida, ya'ni 6.000.000 so'm jarima jazosi tayinlanib, undan davlat daromadiga undirildi.

  O.Nabiyev,

Samarqand viloyat sudining jinoyat

 ishlari bo'yicha sudyasi.