Inson va qonun So‘nggi pushaymon, o‘zingga dushman
Sudlanuvchi Olim Suyunov (ismi-sharifi o‘zgartirilgan), o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan boylik orttirishni o‘z oldiga maqsad qilib oladi. Shu maqsadda 2025 yil 24 sentyabr kuni u Navoiy viloyati, Navbahor tumanida yashovchi Boboyorova Mashhura (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) bilan telefonlashib, uning ishonchiga kirishga harakat qiladi. U Oqdaryo tumani “Yangiqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Alfa” nomli avtomaktabga Navoiy viloyati Navbahor tumanida yashovchi Boboyorova Mashhura (ismi-sharifi o‘zgartirilgan)ni o‘qishga kiritib qo‘yishini va “B” toifali haydovchilik guvohnomasini olib berishga ishontiradi. Shu yo‘l bilan uni aldab, buning uchun1 200 AQSH dollari miqdorida pul berishini talab qiladi va undan olgan jami 1 200 AQSH dollarni boshqa shaxslarga pora sifatida berishini ma’lum qiladi. O.Suyunov pora berishga vositachilik qilar ekan, jabrlanuvchi M.Boboyorova uning mazkur noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilganligidan bexabar edi. Oqibatda, O.Suyunov ushbu pullarni olgan vaqtida Departamentning Narpay tuman bo‘limi, DXX Narpay tuman bo‘limi va Narpay tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda xolislar ishtirokida qo‘lga olingan.
Sudlanuvchi O.Suyunov bugungi kunda sudning qora kursisida o‘tirar ekan, unga pul kerakligi uchun shu ishni qilganligini, hozirda qilgan bu ishidan ming pushaymon ekanligini, sudda unga nisbatan yengilroq jazo berishlarini so‘rab bayonot berdi. Shunga aytishsa kerak-da, “So‘nggi pushaymon, o‘zingga dushman”, deb.
Sud Suyunov Olimni O‘zbekiston Respublikasi JK 25,168-moddasining1-qismi va 28,211-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK 28,211-moddasining 1-qismi bilan 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
T.ALMAMATOV,
Samarqand viloyat sudining sudyasi.
Sh.TURSUNOV,
Oqdaryo tuman sudining raisi.
Мавзуга оид:





