SUV HAVZALARIDA CHO'MILISHDA XAVFSIZLIK QOIDALARI

Yoz mavsumida kunning issiq harorati cho'milishga bo'lgan ehtiyojni oshiradi. Shu sababli, nafaqat kichik yoshdagilar, balki yoshi kattalarni ham suzish havzalarida uchratamiz. Cho'milish masalasida qonun-qoidalarga rioya qilmaslik, ayniqsa yosh bolalar suv havzalari atrofida qarovsiz qoldirilishi cho'kish bilan bog'liq mudhish holatlarni keltirib chiqarmoqda. Ma'lumki, ayni yoz mavsumida cho'kish bilan bog'liq mudhish hodisalar uchrab turadi. Bunday fojiaga asosan ota-onalar, kattalar tomonidan nazorat bo'shashtirilgani, mahalla, maktab, kollej, akademik litsey va boshqa xizmat xodimlarining yoshlar orasida tushuntirish ishlari qoniqarsiz olib borilayotgani hamda bolalarning suza olmasliklari sabab bo'lmoqda.  

Shunga ko'ra, falokatli vaziyatlar kelib chiqmasligi uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan respublikamiz bo'ylab aholi o'rtasida targ'ibot-tashviqot ishlari, o'quv-seminari tashkil etilmoqda.  

Jumladan, hududlarda cho'kish bilan bog'liq ko'ngilsizliklarning oldini olish bo'yicha tushunchalar berilib, suvda cho'kayotgan odamlarni qutqarishda to'g'ri harakatlanish, ularga birinchi tibbiy yordam ko'rsatish qoidalari amaliy tarzda ko'rsatib berildi.    

Shuningdek, cho'milish mumkin bo'lmagan joylarga "Cho'milish taqiqlanadi" mazmunidagi namunali eslatma va ogohlantirish materiallari joylashtirib chiqildi.  

Shuni eslatib o'tish zarurki, faqat qutqaruv xizmati bo'lgan joylardagina cho'milishga ruxsat etiladi. Shunda baxtsiz hodisa yuz bersa, cho'kish holatlari yuz bersa, qutqaruv xizmati tezda yordamga keladi.    

Cho'kish bu nafas yo'llarining suv va boshqa suyuqliklar bilan to'lib qolishi oqibatida yuzaga keladigan holat bo'lib, cho'milishni cheklaydigan, ko'pirib oqayotgan suvga sho'ng'ish mumkin emas.  

Shuningdek, inson o'zida chuqur charchoq sezganda, suvda uzoq vaqt qolib ketgan yoki qorni och bo'lsa, spirtli ichimlik iste'mol qilingan, chanqoq hamda kasallik bezovta qilayotgan vaqtlarda cho'milish man etiladi.  

Ochiq suv havzalarida suzishga o'rganishda, albatta, suvning chuqurligi bilan birga, oqim tezligini ham e'tiborga olish lozim. Oqim tezligi daqiqasiga 10 metrdan oshmasligi zarur. Yoz oylarida farzandlarimizni suzishga o'rgatish vaqtini to'g'ri tanlash kerak. Ayrim ota-onalar kunning issiq paytidagina, jumladan, 13:00-15:00 ga qadar suzishga o'rgatishga yoki cho'milishga ruxsat berishadi. Aslida esa ertalab soat 10:00 dan 12:00 gacha va kechqurun soat 17:00 dan 19:00 gacha cho'milish juda foydali. Sababi bu paytda quyoshning ultrabinafsha nurlari ko'p bo'ladi. Cho'milish muddati esa 5 daqiqadan 25-30 daqiqagacha davom etishi mumkin.  

Suv havzalarida cho'milayotganda xavfsizlik qoidalariga rioya etish hamda faqat ruxsat berilgan suv havzalarida cho'milish talab etiladi.


N.VOXIDOV,

tuman FVB katta inspektori, kapitan.