Kun haqiqati COCA-COLA ICHMAYDIGAN BO'LDIM

Yangi yil bayrami kunlari savdo do'konlarini aylanar ekansiz, 1-2 qavat uy hajmida taxlangan va peshma-pesh sotilayotgan Coca-Cola va Pepsi ichimliklarini ko'rib hayratga tushasiz. Nahotki, odamlarimiz shu ichimliklarga shunchalik mukkasidan ketishgan bo'lsa? Axir bu ichimliklarning inson salomatligiga foydasidan ko'ra zarari ko'proq tegadi-ku. 
Shunday bo'lsada, televideniye orqali tinimsiz reklama qilinayotgan va tadbirkorlar tomonidan jazirama issig'u qahraton sovuqlarda ham saqlash tartiblariga rioya qilinmasdan sotilayotgan ushbu ichimliklarni har birimiz qayta-qayta sotib olamiz va uning zararli oqibatlari haqida o'ylab ham ko'rmaymiz. Axir keyingi paytlarda xalqimiz orasida keng tarqalib borayotgan qandli diabet, buyrakda tosh paydo bo'lishi, turli xil suyak kasalliklari va saraton kasalliklariga insonning o'zi zamin yaratib bermayaptimi?
Mutaxassislarning fikriga ko'ra, gazli shirin ichimliklar iste'molini sevuvchilarning 80 foizida qandli diabetni orttirishi ehtimoli yuqori bo'lar ekan. Shuningdek, kolalar va kuchli gazlangan shirin ichimliklar katta miqdorda fosfor kislotasini o'zida saqlab, bu kislota buyrakda tosh paydo bo'lishi, suyak bilan bog'liq muammolarga olib kelar ekan.
Shirin gazli ichimlikni ichgandan keyin tanada qanday o'zgarishlar bo'lishi xususida olimlar ko'plab o'rganishlar ham olib borgan. Xususan, bir stakan shirin gazli ichimlik ichgach, qon tarkibidagi shakar miqdori oshadi, jigar esa uglevodlarni yog'ga aylantiradi. Olimlar, shuningdek, gazli shirin ichimliklarni yoqtirish kanserogen (saraton keltirib chiqaruvchi) omillardan biri, degan fikrni ham bildirishadi.
Yana bir fakt: Ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra Coca-Cola korxonasi bosh direktori bir yilda yillik maosh sifatida 16 mln dollar ishlab topar ekan.
  • Endi xulosa o'zingizdan: O'zimizning bog'larda quyosh nurida hil-hil pishgan mevalarimizdan tayyorlangan tabiiy sharbatlarni tanlaysizmi yoki turli kimyoviy unsurlardan tayyorlangan gazli shirin ichimliklarnimi?