REKLAMA TO'G'RISIDAGI YANGI QONUN KUCHGA KIRADI

Davlat tilining nufuzi va mavqeyini oshirish borasida bugungi kunda respublikamizda keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, "Har birimiz davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz kerak". 
Har bir mahsulotni targ'ib etishda reklamaning o'rni beqiyos. Tadbirkorning kelajagini reklamasiz tasavvur etib bo'lmaydi. Reklama sohasini isloh qilish maqsadida 2022-yil 7-iyunda O'zbekiston Respublikasining "Reklama to'g'risida"gi 776-sonli Qonuni qabul qilindi. Qonun 53 moddadan iborat bo'lib, uni Lex.uz sayti orqali tanishib chiqish yoki yuklab olish imkoniyati mavjud. 
Ushbu Qonun rasman 2022-yil 7-sentabrdan kuchga kiradi. Qonunning 6-moddasi "Reklamaning tili" bo'lib, quyidagicha ifodalangan: 
O'zbekiston Respublikasi hududida reklama O'zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi. 
Reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin: 
reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning O'zbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy ma'nosini buzib ko'rsatmasligi kerak;
tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O'zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi kerak;
reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o'lchami O'zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining o'lchamidan kichik bo'lishi kerak;
tele va radiokanallarda, shuningdek bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining yigirma foizidan oshmasligi kerak.
Ushbu modda birinchi va ikkinchi qismlarining amal qilishi:
faqat chet tillarda e'lon qilinadigan bosma nashrlarda va noshirlik mahsulotining boshqa turlarida joylashtiriladigan reklamaga;
ko'rsatuvni (eshittirishni) chet tillarda amalga oshiruvchi ommaviy axborot vositalarining     tele, radio, video, kinoxronikal dasturlarini namoyish etish (eshittirish) jarayonida joylashtiriladigan reklamaga;
Internet jahon axborot tarmog'idagi materiallarni faqat chet tillarda joylashtiradigan veb-saytlarning axborot resurslariga joylashtiriladigan reklamaga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Belgilangan tartibda ro'yxatga olingan tovar belgilari (xizmat ko'rsatish belgilari), bosma usulda terilgan bo'g'inli belgilar (logotiplar) asli qaysi tilda bo'lsa, shu tilda keltirilishi mumkin.
"Reklama to'g'risida"gi Qonun talablarini buzganlik uchun quyidagi tartibda javobgarlik belgilangan:
47-modda. Reklama to'g'risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar.
Reklama to'g'risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar quyidagi miqdorlarda pul undirish (jarimalar) tarzida qo'llaniladi:
ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi yoki reklama qilinishi qonunchilikda taqiqlangan yoki cheklangan mahsulot to'g'risida reklama tarqatganlik - bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi;
nomaqbul reklama berganlik, aksilreklamani berishni rad etganlik - bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi;
energetik ichimliklar, alkogolli ichimliklar, tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni iste'mol qilish moslamalari, pirotexnika vositalari, qurol va uning o'q-dorilari, harbiy maqsaddagi mahsulotlar reklamasiga doir talablarni buzganlik, shuningdek tashqi reklama va axborotni joylashtirish tartibini buzganlik - bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi;
voyaga yetmaganlar uchun mo'ljallangan reklamaga, dori vositalari, biologik faol va oziq-ovqat qo'shimchalari, shuningdek bolalar oziq-ovqat mahsulotlari reklamasiga doir talablarni buzganlik - bazaviy hisoblash miqdorining o'ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi.
Reklamaga oid faoliyat sub'ektlari bo'lgan yuridik shaxslar reklama to'g'risidagi qonunchilik sohasidagi aniqlangan huquq-buzarliklardagi aybini tan olgan taqdirda moliyaviy sanksiyalarni qo'llash vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi, nizo mavjud bo'lgan taqdirda esa moliyaviy sanksiyalarni qo'llash to'g'risidagi masala sud tartibida hal etiladi.
Moliyaviy sanksiyalarni qo'llash reklamaga oid faoliyat sub'yektlari bo'lgan yuridik shaxslarni vakolatli davlat organining qarorini yoki ko'rsatmasini bajarish yoxud reklama to'g'risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni bajarish majburiyatidan ozod etmaydi.
Shu munosabat bilan tadbirkorlarimizdan reklama vositalarini o'rnatishda yoki joylashtirishda yangi tahrirdagi Qonun talablariga rioya etishini so'rab qolamiz.
Bekzod Isaxonov,
tuman hokimining davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari
                   bo'yicha maslahatchisi.