Ta'lim fidoyilari TASHABBUSKOR USTOZ

Ta'lim-tarbiya jarayonini zamon bilan hamnafas tarzda olib borishimiz bugungi kun talablaridan biriga aylanmoqda. Buning uchun biz o'qituvchilardan darslarimizda AKTdan, yangi pedagogik texnologiya va metodlardan, didaktik topshiriqlardan, o'quv filmlaridan o'rinli foydalanishimiz, o'zimiz ham yangi metod, o'yin, usul, didaktik topshiriqlar yaratib, dars jarayoniga tatbiq qilishimiz talab etiladi. Shu maqsadda o'quv ishlari bo'yicha direktor o'rinbosari Sh.Raimqulov tashabbusi bilan fevral oyida ochiq darslar oyligi tashkil qilindi. Bu oyning har bir kuniga barcha fanlardan ochiq darslar jadvalini tuzib, darslarida AKT vositalaridan,original ko'rgazmalardan, o'zlari yaratgan yangi metod, o'yin, usul, didaktik topshiriqlardan foydalanishi lozimligiga alohida urg'u berildi.
Fevral oyining har bir kunida jadval asosida ochiq darslar bo'lib o'tdi. O'qituvchilar bor mahoratini ishga solib, darslarida AKT vositalaridan, original ko'rgazmalardan, o'zlari yangi metod, o'yin, usul, didaktik topshiriqlar yaratib, dars jarayonlarida foydalandi. Fan o'qituvchilari darslarini boshqa fanlar bilan aloqadorlikda tashkil qilish, sinf o'quvchilarini guruhlarga bo'lishda ham o'zgacha usullardan foydalanish orqali o'quvchilarning qiziqishlarini oshirishga harakat qilishdi. Ushbu oyda o'tilgan ochiq darslarning barchasi Sh.Raimqulov va mutaxassis o'qituvchilar tomonidan kuzatildi va tahlil qilindi. O'qituvchilarning yutuq va kamchiliklari aytilib, tegishli tavsiyalar berildi. Maktabda o'tkazilgan ochiq darslar yakuniga ko'ra X.Fayziyeva, M.O'roqova, Sh.Oripova, R.Ochilova, G.Haydarova, Z.Yusupova, M.Xonnazarova, D.Quvondiqova, M.Halilova, F.Haydarova-larning darslari namunali deb topildi.
Darhaqiqat, maktabimizda bu kabi tadbirlar muntazam ravishda o'tkazib turiladi. Negaki, o'qituvchi dars samaradorligini oshirish uchun doimo o'z ustida ishlashi, o'tilayotgan har bir dars mashg'ulotini zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda tashkil etishi lozim. O'qituvchi shundagina o'quvchilarni o'z faniga qiziqtira olishi, mehr-muhabbat uyg'otishi mumkin. Buni yaxshi anglagan tajribali pedagog Sh.Raimqulov bu aqidaga o'zi amal qilish bilan bir qatorda, o'qituvchilardan ham doimo talab qilishni o'zining vazifasi deb biladi.
Iroda QARSHIYEVA,
5-maktabning geografiya fani o'qituvchisi.
Мавзуга оид: