Mutaxassis ogohlantiradi

Assalomu alaykum hurmatli va aziz tumandoshlar!
Yurtimizda kuz-qish mavsumi boshlanishi va ob-havo haroratining pasayib borishi bilan aholi xonadonlarini isitishga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda.
Biroq, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki: fuqarolarimiz tomonidan isitish mavsumi oldidan xonadonlarda o‘rnatilgan isitish pechlarining xavfsiz ekanligini batafsil ko‘zdan kechirilmasligi oqibatida ayanchli va qayg‘uli holatlar sodir bo‘lmoqda.
Bular asosan aholi xonadonlaridagi yong‘inlar, havo-gaz aralashmasining chaqnashi va portlashi, fuqarolarning tabiiy va is gazidan zaharlanishlaridir. 
Xususan, tahlillarga ko‘ra, tumanimizda oktyabr oyining boshlanishi yoki isitish vositalaridan faol foydalanish mavsumi boshlanishi bilan  jami 12 ta aholi uylarida turli ko‘lamdagi yong‘inlar sodir bo’ldi.
Yong‘inlarning asosiy sabablari isitish vositalarini nazoratsiz qoldirilishi, yosh bolalarning sho‘xligi, elektr tarmoqlaridagi nosozliklar va boshqalardir.
Aziz yurtdoshlar! Eng achinarlisi bu o‘tgan
 10 (o‘n) kun davomida viloyatimizda jami 4 ta holatda fuqarolarning is gazidan zaharlanib halok bo‘lishlari bilan bog‘liq naqadar ko‘ngilsiz holatlar sodir bo‘ldi. 
Oqibatda 1 nafar fuqaro zaharlanib, Tibbiyot muassasasiga og‘ir ahvolda yotqizildi. Biroq, 8 nafar fuqarolar, hayotdan ko‘z yumdi. Bularning 5 nafari voyaga etmagan bolalardir.
Holat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlarda, barcha holatlarda tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan qo‘lbola isitish pechining tutun chiqarish mo‘risini tozalamasdan, uning zaharli yonish mahsulotlarini o‘tkazuvchanlik qobiliyatini tekshirmasdan kechasi yoqib uxlash oqibatida zaharlanish va o‘lim holati kuzatilgan. 
Ya’ni 2 ta holatda isitish pechining mo‘risidan bahor-yoz davrida in qurgan qushlarning uyasi chiqqan bo‘lsa, 1 ta holatda mo‘ri ichiga qushlar uya qurmasligi uchun latta tiqib, uni olib tashlamasdan isitish pechidan foydalanilgan. Oqibatda barcha zaharli gazlar xona ichiga to‘planib fuqarolarning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Quyidagi fotosuratlarda holatga sabab bo‘lgan omillarni ko‘rish mumkin.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Siz azizlardan HOZIROQ isitish pechlaringizning texnik sozligini batafsil ko‘zdan kechirishingizni, uning mo‘risi toza ekanligiga ishonch hosil qilmasdan turib uni yoqmasligingizni, turmushda gazda va gaz uskunalaridan foydalanish qoidalariga va yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni iltimos qilib so‘raymiz. Zero, inson salomatligi va hayoti har narsadan ustundir. Barchamizning oilalarimiz xavfsizligi o‘z qo‘limizda.
Oqdaryo tuman Favqulodda vaziyatlar bo’limi boshlig’ining o’rinbosari kapitan SH.M.Maxmudov